French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi qo‘shma loyihalar va strategik hamkorlik
15:28 / 2026-02-16

Eron Islom Respublikasidan kelgan bir guruh investorlar Buxoroda bo‘ldi. Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion va sanoat hamkorligini yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda hududlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholandi.

Mehmonlarning Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvi ochiq, ishchan va konstruktiv ruhda o‘tib, o‘zaro hamkorlikning yo‘nalishlari hamda amaliy mexanizmlari muhokama qilindi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish, qayta ishlash sanoatini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, farmatsevtika sanoatida qo‘shma korxonalar tashkil etish, metallurgiya sohasida innovatsion ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarni istiqbolli hamkorlik sohalari sifatida belgilashdi.

Viloyat rahbari eronlik ishbilarmon doira vakillariga mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay investitsion muhit, soliq va bojxona imtiyozlari, yer uchastkalari ajratish, infratuzilma bilan ta’minlash hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, Buxoro viloyatining boy tabiiy resurslari, mehnat salohiyati, geografik joylashuvi va logistika imkoniyatlari investitsiyaviy jihatdan katta ustunliklarga ega ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida eronlik investorlar tomonidan ishlab chiqilgan yangi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ularda qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish kabi maqsadlar o‘z ifodasini topdi.

Viloyat hokimi investorlar tomonidan taqdim etilgan har bir loyiha Buxoro viloyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib, ularning har biri davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, tegishli idoralar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi va loyihalarni tezkor amalga oshirish uchun barcha zarur sharoit yaratilishini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Bu maqsadda tegishli yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, loyihalarni amalga oshirish bosqichlari, moliyalashtirish manbalari va hamkorlik mexanizmlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuvdan so‘ng eronlik sarmoyadorlar hududlarga chiqib, viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ishlab chiqarish maydonlari, erkin iqtisodiy hududlar, infratuzilma ob’ektlari hamda hududning iqtisodiy, sanoat va investitsion salohiyati bilan yaqindan tanishdi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri