Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi qonun xalq manfaatlariga xizmat qiladi
23:30 / 2024-12-12

Soliq munosabatlari insoniyatning ibtidoiy davrlaridayoq shakllana boshlagan.

Ilk soliqlarning joriy etilishi miloddan avvalgi uchinchi ming yillikka borib taqaladi. Tarixiy manbalar soliq turlarini dastlab, qadimgi Misr, Yunon, Xitoy hududlarida paydo bo‘lganidan darak beradi. 

O‘rta asrlar davriga kelib Yevropada ham bu amaliyot qo‘llana boshlangan. Markaziy Osiyo hududlarida esa muarrixlarning bitiklarida keltirilishicha soliqlar miloddan oldingi birinchi ming yillikning boshlarida joriy etilgani bayon etilgan. Ko‘chmanchi sharoitda yashagan markaziy osiyoliklar o‘tloq joylar, yer, suv uchun qabilalarga o‘lpon shaklida soliq to‘lab turishgan. Keyinchalik taraqqiyot, sivilizatsiya jamiyatlarda yangidan yangi soliq turlarini  paydo qila boshlagan. 

Umuman olganda, qadimdan to shu kungacha aksariyat soliq turlarining joriy qilinishi, mamlakatning himoyalanishiga, odamlarning farovon turmush sharoitida yashashiga qaratilgan. Shuning uchun ham soliqlar – katta-yu kichik davlatlar iqtisodining tayanchi. To‘g‘ri olib borilgan soliq siyosati mamlakatni qudratli, xalqni baxtiyor qiladi.

O‘zbekistonda ham turli davrlarda turlicha soliqlar joriy qilingan. Daromad solig‘i, yagona soliq to‘lovi, aksiz soliq, yer, mol-mulk solig‘i va hakozo... Barcha soliqlar taraqqiyot, rivojlanish, zamon talabidan kelib chiqib takomillashib boraveradi. Iqtisodiyotning qonuniyati shunday.

Har qanday qonunchilik hujjatining jamiyatga nechog‘lik kerakli ekani uning xalq manfaatiga, davlat rivojiga qo‘shadigan ahamiyatiga bog‘liq. Bugungi kunda qabul qilinayotgan qonunlar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar bilan chambarchas ravishda takomillashib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2024 yil 3 dekabrda qabul qilindi.

Ushbu qonun mamlakatda iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq tizimini soddalashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir.

Qonunning asosiy maqsadi – soliq yukini kamaytirish hisobiga bozor islohotlarini tezlashtirish va investitsiya muhitini yaxshilashdir. Bu kabi islohotlar mamlakatning iqtisodiy yuksalishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 

Qonunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish, yer solig‘ini ikki baravarga oshirish tartibini bekor qilish va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq miqdorini kamaytirish kabi choralar kiritilgan. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bog‘liq soliq imtiyozlari joriy qilingani ko‘pchilikning e’tiborini tortishi mumkin. Quyosh panellarini o‘rnatgan shaxslar uchun soliq to‘lashda imtiyozlar belgilash bilan esa ekologik islohotlar bo‘yicha katta qadamlar tashlanmoqda. 

Qonunga ko‘ra, quyosh panellari o‘rnatish uchun belgilangan soliq stavkasi kamaytiriladi va ushbu imtiyozlar yanada kengaytiriladi. Mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘ining bekor qilinishi, yangi qurilmalar va binolarni qurishda soliq imtiyozlarining joriy qilinishi ham iqtisodiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning natijasida qurilish sohasidagi ishlar jadallashib, hajmi ko‘payib yangi ish o‘rinlari yaratiladi, shuningdek, investorlarning qiziqishlari ortadi. 

Soliq siyosatiga kiritilgan o‘zgarishlar davlat byudjeti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, daromadlar va soliqlar bo‘yicha o‘zgarishlar yangi moliya yilidan boshlab amalga oshiriladi. Qonunga kiritilgan davlat mulki va bo‘sh turgan yer uchastkalariga oid yangi qoidalar iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantiradi. Bu o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiyot rivojiga,  balki mamlakatning ekologik barqarorligini saqlashga ham xizmat qiladi. 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan soliq islohotlari bozor islohotlarini kuchaytirish va yangi iqtisodiy yondashuvlarni joriy qilishga intilishni ko‘rsatadi. Bu qadamlar mamlakatning iqtisodiy barqarorligini, ekologik muammolarni hal qilishda muhim o‘rin tutadi va xalqaro miqyosda raqobatbardoshlikni oshirishni ta’minlaydi.

Soliq yukini pasaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Bu nafaqat mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, balki bozor islohotlarini jadallashtirishga qaratilgan muhim qarorlardan biridir. Qonunga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravarga oshirish tartibi bekor bo‘ladi. Shuningdek, qonunda tovarlarning kuzatuv hujjatlari bo‘yicha soliq organlariga taqdim qilish majburiyatidan ozod etish nazarda tutilmoqda. 

Energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish qonunning yana bir muhim yo‘nalishidir. Qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari beriladi. Mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod qilindi. Shuningdek, yangi bino va inshootlarni qurishni rag‘batlantirish maqsadida qator vaqtinchalik soliq imtiyozlari joriy etilmoqda. Qonunda tamaki va alkogol mahsulotlari, neft mahsulotlari hamda boshqa aksiz tovarlar bo‘yicha soliq stavkalarining o‘zgartirilishi nazarda tutilgan. 

Shu bilan birga, eksportga yo‘naltirilgan daromadlar uchun qo‘llaniladigan ayrim soliq imtiyozlari bekor qilindi. Qonunga kiritilgan qoidalar 2025 yil uchun Davlat byudjetini ishlab chiqish jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi. Bunda byudjet daromadlarining kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi barcha o‘zgarishlar kelgusi moliya yilining 1 yanvaridan boshlab amalga oshiriladi. Bu islohotlar nafaqat moliya va soliq tizimining shaffofligini ta’minlashga, balki investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. O‘zbekistonda bozor islohotlarini amalga oshirish va mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bunday qadamlar keyingi yillarda ham davom etiriladi.

Qonunga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish; qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravar oshirish tartibining bekor qilinishi; yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlari uchun ijtimoiy soliq miqdorini kamaytirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llagan shaxslar uchun soliq imtiyozlarining joriy etilishi; mobil aloqa xizmatlarini aksiz solig‘idan ozod qilish; tamaki, alkogol va neft mahsulotlari uchun aksiz stavkalarining o‘zgartirilishi; byudjet daromadlari va soliqlar bo‘yicha o‘zgarishlarning kelgusi moliya yilidan amalga oshirilishi; eksportga yo‘naltirilgan daromadlar bo‘yicha ayrim imtiyozlarning bekor qilinishi –  bularning bari aholi va tadbirkorlar manfaatini o‘ylab, himoya qilib, qabul qilinmoqda. Bu O‘zbekiston Konstitutsiyasida qayd etilgan ijtimoiy davlat maqomining yana bir ifodasidir.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, quyosh panellarini o‘rnatish uchun soliq imtiyozlari belgilangan. Jumladan, quyosh panellari o‘rnatilgan binolar uchun soliq stavkasi 25 foizdan kam bo‘lmagan elektr energiyasini to‘plash tizimiga ega bo‘lgan panellar foydalanishga topshirilgan oydan e’tiboran o‘n yil davomida amal qiladi. Buning barobarida yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolariga soliq stavkasida ko‘rsatilgan pasaytiruvchi koeffitsiyentlar ham joriy etilgan.

 Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan bog‘liq yangi me’yorlar ham o‘zgardi. Quyosh panellarini o‘rnatishga ko‘maklashish uchun imtiyozlar ko‘rsatilib, yangi qurilmalar foydalanishga topshirilgan oydan e’tiboran uch yil davomida amal qiladi. Bu sohada foydalaniladigan qurilmalar va energiya manbalariga to‘lanadigan soliq stavkasi ham aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ko‘pgina soliq stavkalari va imtiyozlar qatorida yangi qoidalar joriy etildi. 

Soliq va byudjet siyosati davlatning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda 2025 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan qonun, avvalo, soliq yukini kamaytirish va bozor islohotlarini tezlashtirishga qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, investitsiya muhitini yaxshilashga va mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga yordam beradi. 

Qonunni qabul qilish orqali amalga oshiriladigan soliq islohotlari va byudjet siyosati o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ularning natijalari mamlakatning iqtisodiy va ekologik barqarorligiga yo‘naltirilgan. Masalan, ekologik yo‘nalishdagi soliq imtiyozlari, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bog‘liq imtiyozlar, hududdagi yashil energiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Bu esa nafaqat davlat byudjeti uchun, balki mamlakatning ekologik barqarorligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlariga 2028 yildan 2040 yilga qadar barcha turdagi soliqlardan (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) ozod qilish belgilandi. Imtiyozlar eksportning umumiy hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga va 18 yoshdan oshgan bitiruvchilarning 50 foizi ishga joylashgan korxonalarga tatbiq etilgan. Shuningdek, nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari hamda ularning faoliyati uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, o‘quv va laboratoriya materiallari O‘zbekistonga olib kelinganida 2030 yilga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan.

Bundan tashqari, chet el o‘qituvchilari va mutaxassislariga nisbatan ham soliq imtiyozlari mavjud. 2030 yilga qadar ulardan daromad solig‘i olinmaydi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari ijtimoiy soliqdan ozod qilingan. Bu imtiyozlar ta’lim muassasalarining zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishi, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va aholiga bepul ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun yo‘naltiriladi. 

Qonun 2025 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Umuman olganda mazkur Qonunning maqsadi fuqarolarning va tadbirkorlarining soliq yukini yengillashtirish, shuningdek, byudjetning barqarorlik va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Iqtisodiy islohotlar va soliq siyosatini soddalashtirish davlat moliyasi va fuqarolarning farovonligiga yo‘naltirilgan, chunki buning natijasida davlat byudjetining tushumlari oshadi va aholining ijtimoiy imkoniyatlari yaxshilanadi. Shuningdek, soliq va byudjet siyosatiga oid o‘zgarishlar mamlakatning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi raqobatbardoshligini oshirishga ham yordam beradi. Buning ortidan, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy o‘sishga katta to‘sqinlik qiluvchi omillar bartaraf etiladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, «Biz to‘g‘ri ishlayotgan, ish o‘rinlari yaratayotgan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etayotgan, yangi mahsulotlar ishlab chiqarayotgan biznes vakillari uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz».

Yangi Qonunda Yurtboshimiz urg‘u bergan ushbu jihatlar e’tiborga olingan va u shak-shubhasiz mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Abdusaid KO‘CHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 

Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi a’zosi