Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi qonun: migratsiya, ijtimoiy soliq, litsenziyalash kabi sohalarda yangiliklar joriy etildi
10:43 / 2026-02-25

2026-yil 7-fevralda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:  

– Huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi hamda aholi va tadbirkorlarning ortiqcha sarson bo‘lishiga sabab bo‘luvchi ayrim normalar yangicha yondashuv va talablar asosida qayta ko‘rib chiqildi.  

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.  

Jumladan, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik va o‘zgartirganlik uchun davlat boji undirilishi belgilangan.

Ushbu normaning bir xil talqin qilinishini ta’minlash maqsadida “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik va uni o‘zgartirganlik uchun davlat bojini undirish haqida qo‘shimcha kiritildi.  

Ma’lumot sifatida aytib o‘tish kerakki, 2024-yilda 1 ming 14 litsenziyaning amal qilish muddati uzaytirilgan va 2 ming 683 litsenziya o‘zgartirilgan.

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda jamiyatning boshqa aksiyadorlari tomonidan sotilayotgan aksiyalarni uchinchi shaxsga taklif etilayotgan narx bo‘yicha va shartlar asosida aksiyadorlar yoki jamiyat imtiyozli huquq asosida (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) sotib olishi mumkinligi belgilangan.

“Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunga ham ushbu o‘zgartirish kiritilib, nomuvofiqlik bartaraf etildi.

“Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunga ham qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, endilikda mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini olib kelishni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.  

“Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash Vazirlar Mahkamasining vakolati sifatida, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda esa davlat ta’lim standartlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilgan.

Mazkur nomuvofiqlik bartaraf qilinib, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash Vazirlar Mahkamasining vakolatidan chiqarilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining vakolatiga o‘tkazildi.  

Soliq kodeksida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga pensiya to‘lanishi uchun mehnat stajini hisoblashga Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) kamida bir baravari miqdorida, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda esa ushbu miqdor BHMning yarim baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda etib belgilangan.

Qonun bilan ijtimoiy soliq miqdori birxillashtirilib, BHMning bir baravari etib o‘zgartirildi. 

Soliq kodeksiga yig‘imlarni belgilash qonunchilik hujjatlarida emas, faqat Soliq kodeksi va qonunlarda belgilanishi normasi kiritildi.  

Qonun ayrim sohalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishga, fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA