English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi qonun: korxonalar faoliyati va to‘lov qobiliyatini tiklash imkonini beradi
14:08 / 2022-04-26

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xususiy mulkni yanada rivojlantirish, kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, uni keng rivojlantirish uchun maksimal qulay sharoit yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashni nazarda tutib, bu borada hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan “Agar xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va kuchli bo‘ladi” tamoyiliga asoslanmoqda.

Tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun mukammal huquqiy asoslar bilan bir qatorda zarur sharoitlar yaratib berilayotganligi yangi korxonalar tashkil etilishida va mavjudlari faoliyatini kengaytirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada koorporativ va ishlab chiqarish munosabatlarining amaldagi iqtisodiy islohotlar jarayonidan orqada qolishi natijasida korxona bankrotlik holatiga tushib qoladi. To‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni tugatib yuborish qiyin emasdir, ammo uning oqibatida ushbu korxonalarda ish bilan ta’minlangan fuqarolar ish o‘rnini yo‘qotadi, shartlashuvchi sub’ektlar o‘rtasida nizolar, ular faoliyatiga salbiy ta’sir va boshqa shu kabi ko‘plab ijtimoiy hamda iqtisodiy masalalarni kelib chiqaradi. 

Sir emaski, ijtimoiy munosabatlar rivojlangan sari, ularni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi normalarni takomillashtirish zarur. Ma’lumki, bankrotlik munosabatlarini tartibga soluvchi “Bankrotlik to‘g‘risida” gi qonun 2003 yilda qabul qilingan. Unda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi natijasida vujudga kelayotgan yangi munosabatlarni tartibga soluvchi mexanizmlar aks ettirilmagan edi. Qonunning nomi hamda matnida “bankrotlik” atamasining keng qo‘llanilganligi, mazkur Qonunning korxonani bankrot deb topish va uni tugatishga qaratilganligini anglatar edi. Joriy yilning 13 aprel kunidan qonuniy kuchga kirgan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan korxonalarga o‘z faoliyatini qayta tashkil etish va to‘lov qobiliyatini tiklashga imkon berish orqali iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazadi. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi iqtisodiy jihatdan tang ahvolga kelgan tadbirkorlik sub’ektlarini tugatib yuborish emas, balki ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish, shu bilan birga sohada vujudga kelayotgan yangi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

E’tiborlisi, qonunning nomi va matnidagi “bankrotlik” so‘zlarini “to‘lovga qobiliyatsizlik” so‘zlari bilan almashtirilganligini qonun mazmunan iqtisodiy nochor holatga tushgan korxonalar faoliyatini tiklashga yo‘naltirilayotganligi bilan bog‘lash mumkin. Xorij amaliyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu kabi qonunlar Germaniyada “Iqtisodiy to‘lovga qobiliyatsizlik”, Qozog‘istonda “Reabilitatsiya va bankrotlik”, Yaponiyada “Korporativ qayta tashkil etish, fuqarolik reabilitatsiyasi va bankrotlik” deb nomlanishini ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh, bu qonunni ishlab chiqish uchun yana qanday zaruratlar mavjud edi? Iqtisodiy nochor va to‘lovga qobiliyatsizlik masalalarini tartibga soluvchi “Bankrotlik to‘g‘risida” gi qonun mohiyatan korxonani bankrot deb topish va uni tugatishga qaratilgan bo‘lib, unda korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantiruvchi normalar mavjud emas edi. Statistik tahlillarga e’tibor qaratsak, 2020-2021 yillarda jami 15 745 ta korxona bankrot deb topilgan bo‘lib, ularning 2 foizi faoliyati tiklangan, 80 foizi tugatilgan, 18 foizi bo‘yicha tugatish jarayoni davom etmoqda. Qonun bilan korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida to‘lovga qobiliyatsizlik vaqtinchalik va doimiy turlarga ajratilmoqda.

Xususan, qonunning 5-moddasiga muvofiq vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari deganda agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan e’tiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa, sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi, doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik alomatli deganda esa agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan bo‘lsa tushunilishi mumkin. 

Bunga qadar amalda bo‘lgan qonun talabiga ko‘ra, korxona tegishli to‘lov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida bajarmasa va unga nisbatan bildirilayotgan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch yuz baravari, ya’ni 81 million so‘mni tashkil etsa, unga nisbatan tugatish taomili qo‘llanilar edi. Shuningdek Qonunning oldingi tahririda bankrotlik ishi qo‘zg‘atilgan korxonalarga soliq imtiyozlari berilishi taqiqlangan, bunday korxonalarga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilmas edi. Endi esa korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida mazkur jarayonda joriy soliq to‘lovlarini to‘xtatib turish, tijorat banklari va moliya institutlaridan kreditlarni jalb etish, qarzdorlik qisman qoplanganda korxona faoliyatini kreditorlar roziligi bilan tiklash bo‘yicha normalar kiritildi. 

Xulosa o‘rnida aytish joizki, qonunning amalga kiritilishi to‘lovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llash orqali ularning faoliyatini tiklash va mamlakatimizning xalqaro reytinglarda to‘lovga qobiliyatsizlik indikatoridagi o‘rnini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyati bo‘lgan korxonalarda korporativ va ishlab chiqarish munosabatlari tubdan o‘zgaradi, iqtisodiyot sohasida “ishlab chiqarishi qaytadan tiklangan hamda yangidan tetiklashgan sub’ektlar” faoliyat yurita boshlaydi. 


Sarvar Soliyev,
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudi raisi,
O‘zA