Amaldagi qonunchilikda banklarni sanatsiya qilish mexanizmi mavjud emas. To‘lovga qobiliyatsiz banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun asosida litsenziyasi chaqirib olingan holda majburiy tugatib kelinmoqda. Ammo, yirik banklar to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda, ularni majburiy tugatish bank tizimi inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.

Banklarni sanatsiya qilish mexanizmining mavjud emasligi mazkur sohaga oid qonunchilik bazasini ishlab chiqishni taqozo etdi. Davlatimiz rahbari 2025 yil 23 iyunda imzolagan "Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida"gi qonun shu maqsadga xizmat qiladi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Banklarni sanatsiya qilish tizimi to‘lovga layoqatsiz banklarning iqtisodiyot va bank tizimiga salbiy ta’sirini kamaytirish, ularning o‘ta muhim vazifalari va xizmatlari uzluksizligini ta’minlash, omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilish hamda mijozlarning bank tizimiga ishonchini oshirish imkonini beradi.
Qonun ilg‘or xorijiy tajriba va umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqildi.
Qonun bilan Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi va sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatlar berildi.
Mazkur amaliyot Markaziy bankning sohani tartibga soluvchi funksiyasidan kelib chiqib, zaruriy bilim va tajribaga ega kadrlar va texnik resurslarga egaligi, Markaziy bank mustaqilligini ta’minlovchi institutsional mexanizmlarning mavjudligi, shuningdek, eng asosiysi, Markaziy bankning asosiy maqsadi bank tizimi barqarorligini ta’minlash ekani bilan izohlanadi.
Banklarni sanatsiya qilishning maqsadlari belgilandi. Jumladan, tizimli moliyaviy inqiroz vujudga kelishining oldi olinadi, uning salbiy oqibatlari kamaytiriladi. Bankning o‘ta muhim vazifalari uzluksizligi ta’minlanadi. Omonatchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinadi.
Bankni sanatsiya qilish uchun davlat byudjetidan mablag‘lar ajratishni maksimal darajada qisqartirish banklarni sanatsiya qilishning maqsadlari hisoblanadi.
Bankni sanatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror quyidagi asoslarning barchasi yuzaga kelganda qabul qilinishi nazarda tutildi: bankning to‘lovga qobiliyatsizligi yoki to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolish ehtimolining yuqoriligi; qo‘llanilgan nazorat choralarining to‘lovga qobiliyatsizlik holatini bartaraf eta olmagani; sanatsiya qilishning bir yoki bir nechta maqsadlariga majburiy tugatish orqali erishib bo‘lmasligi.
Sanatsiya qilishda aktivlar va majburiyatlarni o‘tkazish, oraliq bank tashkil etish hamda hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositalaridan foydalaniladi. Bunda Markaziy bank mazkur sanatsiya vositalarini birgalikda yoki alohida-alohida qo‘llashi mumkin.
Sanatsiya qilishni moliyalashtirish maqsadida sanatsiya qilish jamg‘armasini tashkil etish ko‘zda tutildi. Sanatsiya qilish jamg‘armasi davlat byudjetidan taqdim etiladigan mablag‘lar, mahalliy, xalqaro yoki xorijiy donorlar tomonidan ajratiladigan grantlar va xayriya badallari, jalb qilingan qarzlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Sanatsiya qilish jamg‘armasi Omonatlarni kafolatlash agentligi huzurida Markaziy bank va mazkur Agentlikning qo‘shma qarori asosida tashkil etilib, Agentlik tomonidan uning asosiy faoliyatidan alohida tarzda boshqariladi.
Sanatsiya qilish natijasida kreditorlarning majburiy tugatishdagiga nisbatan ko‘proq zarar ko‘rishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Agarda sanatsiya qilish natijasida bankning kreditor va aksiyadorlari majburiy tugatish jarayonidagiga nisbatan ko‘proq zarar ko‘radigan bo‘lsa, ko‘rilgan ortiqcha zarar kompensatsiya qilib beriladi.
Bundan tashqari, xalqaro amaliyot va umume’tirof etilgan tamoyillardan kelib chiqqan holda banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi belgilandi.
Qonun kuchga kirsa, bankda to‘lovga qobiliyatsizlik holati vujudga kelganda, nobarqarorlik ustidan tezkor nazorat o‘rnatiladi. Bankning o‘ta muhim vazifa va xizmatlari uzluksizligi ta’minlanadi. Omonatchi va kreditorlar manfaatlari himoya qilinadi. To‘lovga qobiliyatsiz bankning bank tizimi va iqtisodiyotga salbiy ta’sirini bartaraf etish yoki kamaytirishga erishiladi.
Eslatib o‘tamiz, qonun 2025 yil 25 sentyabrdan kuchga kiradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA