Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Qonun bilan mahalliy Kengashlar faoliyatiga qanday oʻzgartishlar kiritilmoqda?
15:58 / 2020-09-11

Senatning yettinchi yalpi majlisida “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida boʻldi.


Senatning yettinchi yalpi majlisida “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida boʻldi.

Taʼkidlanishicha, soʻngi yillarda Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning oʻrinbosari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, amalda kutilgan natijalarni bermayapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga oʻtkazilmoqda.

Bunda Kotibiyatlar yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, Kotibiyat tuzilmasi, shtatlar, xodimlarning mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, majlisda qayd etilganidek, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi bilan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi tomonidan davlat organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan deputatlik nazorati taʼminlanishiga erishiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, vakillik hokimiyati ijro hokimiyatidan ajragan holda faoliyat koʻrsatishi gʻoyasini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati