Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi qoidalar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini cheklamasligi kerak
17:36 / 2022-12-21

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qilish va samaradorligini oshirish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Tizimga raqamlashtirish keng tatbiq etilyapti, natijada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish tadbirlari ko‘rilyapti.

Biroq transportdagi huquqbuzarliklar uchun joriy qilingan qonun bilan tartibga solingan yangi qoidalarda ayrim noaniqliklar mavjud. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini cheklagandek go‘yo. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 iyulda “Йўл harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali ushbu maskanlarda inson omilini cheklagan holda transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, 2022 yil 1 dekabridan boshlab “yashil” va “qizil” yo‘lak tamoyili Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” va Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan “Namangan” yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida joriy etilishi qayd etildi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, “qizil” yo‘lakdan harakatlanishi buyurilgan transport vositalari bo‘yicha harakat qatnashchilarining hujjatlari elektron ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda tekshirilishi, aniqlangan qarzdorliklar bo‘yicha postlarda tashkil etilgan bank terminallari orqali qarzdorlik bo‘yicha to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng, ularning harakatini davom ettirishga ruxsat berilishi, qarzdorlik to‘lanmagan hollarda transport vositalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 291-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan qonunchilik hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini maxsus to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq maxsus to‘xtash joylariga joylashtirilishi belgilangan edi.

Shu o‘rinda, qayd etish kerak, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 23 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan MJtKning 291-moddasiga o‘zgartish kiritilib, йўл harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun ichida jarima to‘lanmagan taqdirda, transport vositasi jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbarining yozma ko‘rsatmasiga binoan jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turilishi haqidagi norma kiritilgan edi. Unga ko‘ra, transport vositasi haydovchisiga nisbatan qo‘llanilgan jarima jazosi 60 kun muddat davomida bartaraf etilmasa yozma ko‘rsatma asosida transport vositasi ushlab turilishi mumkinligi belgilandi. Ushbu qonun normasi kiritilganidan so‘ng qonun osti hujjatlari qabul qilinib, tegishli o‘zgartishlar kiritilib, mazkur jarayon tartibga solindi.

Keling, mazkur jarayonga oid tartibni mavjud qonun normalari asosida tahlil qilib ko‘ramiz. 

MJtKning 171-moddasida, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortilishi, yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilganda esa ma’muriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi tortilishi, agar ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori o‘ziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi;

316-moddasida, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shu qarorning nusxasi olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida shikoyat berilishi mumkinligi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi “Қонuн hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 149-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 9-bandida транспорт vositasini ushlash muddati ma’muriy huquqni buzish to‘g‘risida bayonnoma tuzilgan yoki transport vositasini ushlash to‘g‘risida qaror chiqarilgan paytdan boshlab hisoblanishi, 10-bandida vakolatli mansabdor shaxs transport vositasi ushlanganligi sabablari bartaraf etilgandan keyin to‘xtash joyiga joylashtirilgan transport vositasini haydovchiga (egasiga, egasining vakiliga) berishga yozma ruxsatnoma berishi qayd etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi “Йўл-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 12-bandida YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishda qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bu tarzda ushlab turilishi MJtKning 291-moddasida belgilangan) nazarda tutilgan holatlarda transport vositalarini ushlab turish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Ichki ishlar vazirligining 2011 yil 31 maydagi “Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi 68-sonli buyrug‘i (Adliya Vazirligidan 2011 yil 5 iyulda 2240-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaning 5-bandida ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori, yuridik shaxsga tegishli transport vositalaridan foydalanib sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan taqdirda yuridik shaxsning transport vositalaridan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi tortilishi;

61-bandida, jarima solish to‘g‘risidagi qaror maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtirilishi hamda uni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi, jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qog‘ozdagi hujjatga aylantirish yo‘li bilan tayyorlanishi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi tarzida huquqbuzarga yuborilishi;

36-bandida, jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbari yo‘l harakati qoidalarining buzilishlari bo‘yicha jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun o‘tgach jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar transport vositalarini ushlab turish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma berishi va bu haqda DYHXX safdagi Yo‘l-patrul xizmati bo‘lim-bo‘linmalari shaxsiy tarkibi e’tiboriga yetkazilishi;

47-bandida, ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror elektron hujjat shaklida chiqarilishi hamda ijro etish uchun huquqbuzarga yetkazib berilishi, ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorning xos raqami va jarima miqdori haqidagi ma’lumotlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda huquqbuzarning ejarima.uz veb-saytidagi shaxsiy kabinetiga, “SMS” xabar orqali uning telefoniga yoki pochta xizmati orqali yashash manziliga yuborilishi belgilangan.

Demak, qonunchiligimizga ko‘ra, avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali sodir etilgani aniqlangan huquqbuzarliklar uchun jarima jazosi qo‘llanilganidan, aniqrog‘i jarima jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng shaxs oltmish kunlik muddat davomida jarimani to‘lamasa, transport vositasi ushlab turilishi mumkin. Bunda, jarima jazosi transport vositasining egasiga qo‘llaniladi, e’tibor bering, transport vositasini boshqargan shaxsga emas. 

Asosiy muammo nimada?

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda haydovchilarning ma’lum qismi o‘zlariga tegishli bo‘lmagan transport vositalarini qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomalar orqali hamda qonunchilikka ko‘ra yaqin qarindoshi bo‘lgan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishlari mumkin. Boshqa shaxsga tegishli avtomashinalarni boshqaradigan haydovchilarning aksar qismi ijarachilar bo‘lishi mumkin. Hatto, aslida sotib yuborilgan transport vositalari ham yillar davomida boshqa shaxslar tomonidan ishonchnomalar orqali boshqarib kelinishi oddiy holga aylangan. Bir oilaga tegishli bo‘lgan avtomashinalarni esa oilaning bir necha a’zosi boshqarishi mumkin.

Shu o‘rinda tasavvur qilib ko‘rish mumkin, ikkilamchi bozordan sotib olgan avtomashinani o‘z nomingizga rasmiylashtirmasdan ishonchnoma orqali boshqarib ketayotganizda (qonun sotib olingan avtomashinani albatta egasi nomiga o‘tkazib olish majburiyatini yuklamaydi) YPX xodimi tomonidan to‘xtatilib, avtomashinangiz siz sodir etilmagan huquqbuzarlik ushlab turilishi va siz ushbu jarimani to‘lashga majbur bo‘lishingiz mumkin.

Jazo yoki boshqacha tarzdagi huquqiy ta’sir choralari faqatgina qilmishni sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llanilishi lozim, bu har qanday huquq tizimida belgilangan o‘zgarmas qoida. Yuqoridagi tartibdan ko‘rinadiki, agar haydovchi boshqa shaxsning nomida bo‘lgan transport vositasini boshqarishi jarayonida unga nisbatan muqaddam qo‘llanilgan jarima jazosidan o‘z vaqtida xabardor bo‘lmagan va oltmish kunlik muddatni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, uning boshqaruvida bo‘lgan transport vositasi harakatlanish jarayonida to‘xtatilib, ushlab turilishi mumkin. Bunda, uni o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan jarima jazosidan xabardorligi, qarordan rozi yoki noroziligi yoxud shikoyat qilishi mumkinligi holati e’tiborga olinmaydi. Ya’ni, hech qanday muhokamasiz transport vositasi ushlab turilishi mumkin bo‘ladi. Haydovchi belgilangan tartibda qaror bilan tanishganligi yoki qaror nusxasi haqiqatda huquqbuzarlik sodir etgan haydovchiga qonunda belgilangan muddatda yetkazilgani aniqlanmaydi.

Xuddi shuning aksi sifatida, transport vositasining egasi aslida u sodir etmagan huquqbuzarligi uchun shu holatga tushishi mumkin. Ya’ni, deylik bir oilada mavjud transport vositasidan uch nafar oila a’zosi foydalanib, o‘g‘li boshqarib yurgan paytida sodir etgan huquqbuzarligi uchun haydovchi sifatida otasi harakatlanganida aslida o‘zi sodir etmagan huquqbuzarligi uchun transport vositasini ushlab turish xavfi ostida jarima jazosini bartaraf etishga majburlanishi mumkin. 

Qonunchiligimizga ko‘ra, har bir shaxs o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan huquqiy ta’sir choralari, jumladan ma’muriy yoki jinoiy jazo choralaridan norozi bo‘lgan hollarda himoyalanishi, ishini qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan shikoyat qilish orqali huquqini tiklashi mumkin. Konstitutsiya buni kafolatlaydi. Qabul qilingan qaror yakuniy hisoblanmaydi, uni ustidan shikoyat qilinishi mumkin va toki qonunda belgilangan muddatlar o‘tmaguncha qaror qonuniy kuchga kirgan hisoblanmaydi. Shuning uchun ham qonun shaxs o‘ziga nisbatan chiqarilgan qarordan nusxa olganidan so‘ng shikoyat qilish muddati o‘tishini boshlashini belgilab bergan. Shunday ekan, har bir shaxsga sodir etgan qilmishi yuzasidan o‘zining vajlarini keltirishi uchun imkon yaratib berilishi shart.

Muhokama qilinayotgan masaladagi oltmish kunlik muddat esa, MJtKning 316-moddasida belgilangan shikoyat qilish tartibi va muddatiga zid emasmi?

To‘g‘ri, qonunchilikda jarima jazosi qo‘llash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng uch kunlik muddat davomida huquqbuzarga, aslida esa transport vositasi egasiga yuborilishi belgilab qo‘yilgan, biroq, transport vositasini qonuniy egasi o‘zini nomiga kelgan jarima jazosini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni o‘sha vaqtda transport vositasini amalda boshqarib kelgan shaxsga yetkazish, uni xabardor qilish majburiyati yo‘q, buni u xohlasa bajaradi.

Haqiqatdan ham qonunchilik agarda transport vositasi uning egasi tomonidan emas, boshqa shaxs tomonidan boshqarilgani (yuridik shaxsga tegishli bo‘lganda uni haydovchisi) aniqlanganda shikoyat qilish orqali ushbu holatga aniqlik kiritilishi va aslida qoidani buzgan shaxsni javobgarligi hal qilinishi mumkinligini belgilab bergan. 

Ammo, birinchidan, yuqorida qayd etilganidek, jarima solish to‘g‘risidagi qaror aynan huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga yetkazib berilishi mexanizmi to‘liq ishlab chiqilmagan.

Ikkinchidan, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish jarayoni o‘ziga xos bo‘lib, buning uchun albatta vaqt va sa’y-harakatlar talab etiladi. 

Transport vositasi ushlangan paytda esa zudlik bilan bularni amalga oshirish deyarli imkonsiz. Vaqt va sa’y-harakatlar talab etilar ekan, ushbu jarayon o‘tgunga qadar transport vositasini jarima maydonlarida ushlab turilgani uchun sarf-xarajatlar masalasi ham kun tartibiga chiqadi. 

Yuqorida muhokama qilingan holatlarning barchasi qonunda qat’iy qilib yozib qo‘yilgan qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, odillik va aybi uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga zid emasmi? Haqiqiy huquqbuzar qolib, ta’sir chorasi qo‘llash tahdidi ostida boshqa shaxsning huquqi buzilib qolmaydimi? Uning mulkka bo‘lgan huquqi cheklanmaydimi? Jarima undirish maqsadida aslida aybsiz shaxsga majburiyat yuklash qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Sodda qilib aytganda, aybli qolib, aybsiz shaxsni jazolash mumkinligi xavfi bor bu jarayonda. 

Albatta, buning uchun avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali sodir etilgani aniqlangan huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish jarayonida haqiqiy huquqbuzarni aniqlash, uni ishtiroki va shikoyat qilish huquqini ta’minlanishi zarur va bu borada keraklik chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, barcha islohotlarimiz eng avvalo, inson qadri va manfaati uchun xizmat qilishini unutmasligimiz lozim.   

Abrorxon Akramov,

Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi