Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi qiyofadagi G‘ijduvon
09:32 / 2025-08-07

Bugun hududlar qiyofasini tubdan yangilash, aholining turmush farovonligini oshirish, ular uchun kerakli infratuzilmani yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 1 aprelda qabul qilingan “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlarda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Qarorga asosan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida 30 dan ziyod loyiha shakllantirilib, bugungi kunda ularda qurilish va bunyodkorlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda.

– Tumandagi “Chorsu” va “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi tutash qismida “Yoshlar saylgohi”da “Yoshlar bog‘i” barpo etish belgilangan edi, – deydi G‘ijduvon tuman hokimligi mutaxassisi Shuhrat Ahmedov. –Davlat rahbarining qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 0,75 gektar maydonda davlat xususiy sheriklik asosida yangidan bog‘ tashkil etildi. Bu bog‘ barcha uchun sevimli maskanga aylandi va tunu kun g‘ijduvonliklarga xizmat qiladi. 

Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan odamlarni o‘z hayotidan rozi qilish, ezgulik va insonparvarlik siyosati G‘ijduvonda o‘z aksini topmoqda va u taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Xususan, aholining madaniy va ma’naviy tafakkurini boyitishga qaratilgan yana bir yirik loyiha qaror asosida to‘la-to‘kis amaliyotga tatbiq qilinadi. 

[gallery-24641]

– Bu saroy ancha yillardan beri G‘ijduvon xalqini orziqib kutganlaridan biri edi. Bugun davlat rahbarining tashabbusi bilan g‘ijduvonliklar bu orzuga yetdi, hamma xursand. Mana shunaqa ajoyib, zamonaviy bino tumanimizda barpo etilgani kelajakda G‘ijduvon san’atini rivojlanishi uchun xizmat qiladi, – deydi G‘ijduvon tumani madaniyat bo‘limi badiiy rahbari Nutfullo Ahmedov. 

Qaror doirasida ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 70,0 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. 6 ta urbanizatsiya va hududiy infratuzilma loyihalariga 33,3 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bunda sog‘liqni saqlash, turizm, ishlab chiqarish, mahallalar kesimidagi obodliklar barchasi aholi farovon turmush tarzi uchun xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. 

– 20 gektar hududda “Maxsus sanoat zonasi” tashkil etilyapti, – deydi G‘ijduvon tuman hokimligi mutaxassisi Muzaffar Tohirov. – “G‘ijduvon tajribasi” asosida xorijdan import qilib kelinayotgan tovar va mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan. Ushbu qaror bilan 2 yarim gektar hududda “Yoshlar sanoat zonasi” tashkil etiladi. Mazkur sanoat zonalari hududida loyihalarni joylashtirish evaziga 2 yarim ming nafardan ortiq bo‘sh ish o‘rni ham yaratiladi.   

Tumanda turizm bo‘yicha 3 ta loyihani amalga oshirish uchun 21 milliard so‘mlik bunyodkorliklar amalga oshiriladi. Buning uchun tumanning tarixiy maskanlarini obodonlashtirish, ushbu hududlarda sayyohlar uchun qulay infratuzilmani shakllantirish borasida ham katta tashabbuslar amaliyotga tatbiq qilinmoqda. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.