Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmalari hamkorligida Vazirlar Mahkamasining kadastr tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan qarorlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni keng jalb etish bo‘yicha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tajriba-sinov natijalarini inobatga olib, kadastr muhandisi institutini bosqichma-bosqich joriy etish orqali aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti uy-joy fondiga oid ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida, 2024 yil 1 iyuldan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 avgustda qabul qilingan “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni keng jalb etish doirasida kadastr sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z yuritilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining shu sanada qabul qilingan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, kadastr sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi joriy qilinmoqda.
[gallery-13683]
– Ro‘yxatdan o‘tkazuvchilarning malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta Kadastr agentligining Toshkent geodeziya va kartografiya kolleji Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshiriladi, - deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari X.O‘razov. – Malaka oshirish kurslari ko‘pi bilan yetmish ikki soatni tashkil etib, malaka imtihoni test shaklida bo‘lib o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchiga ikki ish kuni ichida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchining attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
Matbuot anjumanida yuqorida keltirilgan qarorlar mazmun-mohiyati, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari borasida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida tuman, shahar yer va kadastr nazorati inspektorlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA