French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi poliklinika aholi xizmatida
10:03 / 2023-09-06

Buxoro viloyati Jondor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 16-son oilaviy poliklinikasining yangidan bunyod etilgan binosi foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, birlashma mutasaddilari, jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollari qatnashdi.

Tadbirda bugungi kunda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, tarmoqdagi islohotlar va yangi oilaviy poliklinikalar tashkil qilish va unga tor soha mutaxassislari tarkibini muvofiqlashtirish xususida so‘z bordi. Qayd etilganidek, tibbiyot sohasini rivojlantirish, eng avvalo, quyi tizimdan boshlanmas ekan, aholi orasida salomatlikni saqlash, tibbiy xizmat sifatini zamon talablari asosida takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar kutilgan natijani bermasligi kunday ravshan. Shu ma’noda  hatto, olis  qishloq joylarida ham to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatiga, salohiyatli kadrlarga ega  tibbiyot maskanlari bo‘lmog‘i hayotiy zarurat.  

“Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan yangi bino 26 ta xonadan iborat bo‘lib, UZD, laboratoriya, emlash, EKG, fizioterapiya, stomatologiya, akusher-ginekolog, kunduzgi shifoxona,  patronaj hamshira, UASH va boshqa tor soha xonalaridan tashkil topgan. Qisqa aytganda bino xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan. Keng xonalar, aholi uchun qulay kutish zallariga ega. Binoda ichki dorixona faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Binoning qurilish ishlariga 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflangan. 141 million so‘mlik mebel hamda  350 million so‘mlik tibbiyot uskunalari xarid qilingan.  

Ramziy lenta qirqilib, mehmonlar binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur poliklinika “Tobagar”, “Nurafshon”, “Og‘ar” va “Chorzona” mahallalari hududidagi 11 ming 675 ta oilaga xizmat ko‘rsatadi.  

Ma’lumot uchun, shu vaqtgacha tibbiyot xodimlari 1988 yilda hashar yo‘li bilan bunyod etilgan eski binoda aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi.  

 

Zarif Komilov, O‘zA