Samarqandda "Biznesni rivojlantirish banki" ATB tomonidan ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan aksilkorrupsiya oyligi doirasida tashkil etilgan tadbirda bank xodimlari, viloyat prokuraturasi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida joriy yilda bankning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi tashqi auditdan o‘tkazilib, ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb topilgani ma’lum qilindi.

Ayni paytda bankning Komplayens nazorati departamenti xodimlari, ishga yangi qabul qilingan va korrupsion riski yuqori xavfga ega lavozimlarda faoliyat yuritayotgan 1359 nafar xodim «Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya» platformasida o‘qitilmoqda.
O‘tgan davrda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jami 106 marta o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda qayd etilishicha, "Biznesni rivojlantirish banki" xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida to‘ldirilgan deklaratsiyalar asosida 26 ta ehtimoliy, 3 ta mavjud manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanib, bartaraf etilgan.

Hisobot davrida bank tizimida davlat xaridlari bo‘yicha 418 ta kontragent o‘rganildi. Shundan 417 ta kontragentga ijobiy, 1 nafar kontragentga afillanganligi sababli salbiy xulosa berilgan.
Ishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida nomzodlarni lozim darajada o‘rganish va korrupsion riskini baholash tizimi joriy qilingan. Jumladan, hisobot davrida jami 1428 nafar nomzod o‘rganildi. Shundan 1336 ta ijobiy, 92 ta salbiy xulosa berildi.
Ayni paytda bankning korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha xabar berishga mo‘ljallangan 4 ta aloqa kanali 24/7 rejimda ishlamoqda.

Shuningdek, bank kreditlari avtomatlashtirilgan Anderrayting tizimi orqali ajratilmoqda. Mijozlar uchun onlayn xizmat turlarining barchasi (kredit olish, kartaga ariza qoldirish, pul o‘tkazmasini amalga oshirish, pul o‘tkazmalari, valyuta ayirboshlash va boshqalar) bankning mobil ilovasi orqali joriy qilindi. Xaridlarni amalga oshirishda barcha jarayonlar raqamlashtirildi. Kontragentlarni qo‘shimcha manbalardan o‘rganish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Muammoli kreditlarni undirish jarayonlari raqamlashtirilib, “Soft, hard and legal collection” tizimi joriy qilindi.
Bundan tashqari, bankda imtiyozli kreditlar bo‘yicha arizalarni qabul qilish, rasmiylashtirish va skoring tizimlari to‘liq avtomatlashtirilgan «Biznes portal» tizimi tashkil etildi.
Biznes-jarayonlar, manfaatlar to‘qnashuvlarini monitoring va boshqarish maqsadida “Complaens control” nazorat tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Firibgarlik xatarlarining oldini olish maqsadida «Antifrod» tizimi tatbiq etildi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari