Piskent tumanini kompleks rivojlantirish, aholi uchun zamonaviy va qulay infratuzilma bo‘yicha yirik loyihalar Toshkent viloyat hokimiga taqdim qilindi.
Tuman hududi markazini obodonlashtirish va yangi qiyofa kasb ettirishga qaratilgan “Yangi Piskent” majmuasi loyihasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mazkur loyiha 11 gektar hududda amalga oshirilib, 19 ta 9 qavatdan iborat ko‘p qavatli uy, 87 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, favvoralar, sun’iy ko‘l va sayilgoh, 800 o‘rinli amfiteatr, bolalar maydonchasi va zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida 4 ming 743 nafar uy-joyga ehtiyojmand aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi, 2,5 ming nafardan ziyod aholi yangi xonadon bilan ta’minlanadi. Shuningdek, "Mo‘minobod" MFY hududida joylashgan “Yoshlar” istirohat bog‘i qaytadan rekonstruksiya qilinib, u yerda zamonaviy attraksionlar, bolalar maydonchalari, yashil hudud va sayr uchun yo‘laklar quriladi.

Bundan tashqari, "Birlik" MFY markaziy ko‘chasida tashkil etiladigan 24/7 ko‘ngilochar va sayyohlik ko‘chasi tuman markazini jozibador hududga aylantirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Taqdimot davomida tumandagi markaziy shifoxona va mahallalarda ko‘p qavatli uylarning oqova suv tarmog‘ini yangilash, 2 ming 700 nafar aholini ilk bor toza ichimlik suvi, 1 ming 34,3 gektar tomorqa yer maydonlarini oqova suv bilan ta’minlash, 12 kilometr 10V–105 avtomobil yo‘lini mukammal ta’mirlash, "Murotali" MFYda 22,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish kabi muhim tashabbuslar ham muhokama qilindi.

“Yangi Piskent” sanoat zonasi va “Piskent Texnopark” loyihasi kabi investitsiya va sanoat loyihalari ham taqdim qilindi. Taqdimot yakunida viloyat hokimi loyihalarni bosqichma-bosqich va aniq moliyaviy manbalar asosida amalga oshirish, qurilish ishlarida sifat va muddatga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Qayd etilganidek, mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida Piskent tumani yangi qiyofa kasb etib, aholi uchun zamonaviy, qulay va jozibador hududga aylanadi.
A. Musayev, O‘zA