Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi o‘zlashtirilayotgan yerlarni fuqarolarga berish boshlandi
09:59 / 2022-02-14

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani aholisi dehqonchilikning haddisini olgan.

Tomorqachilikda o‘ziga xos tajribaga ega tumanda yetishtirilayotgan bodring, uzum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xorijda ham xaridorgir. Ayni kunda har bir oilaning daromad manbaini oshirish borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumandagi  Katput MMTP hududidagi adirliklarda 1000 gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtirilmoqda. Toshloq yerlarda  ish avjida. Mazkur yer maydonlari aholiga topshirilayotir. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, bu yerda eng zamonaviy tokzor yaratilib, serxaridor, bozorbop uzum navlari ekilishi, fuqarolarga ularni parvarishlash agrotexnikasi o‘rgatilishini ma’lum qildi.
O‘zlashtirilgan yerlar 4 ming oilaga 20-25 sotixdan bo‘lib beriladi. «Agrobank» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan 14 foizlik, 7 yilga 3 yillik imtiyozli davr bilan 30 million so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratiladi. Olinadigan aholi daromadlari ham aniq hisob-kitob qilib chiqilgan. Tokzorlarda uzumlar hosilga kirguncha plyonka ostiga tarvuz, qovun ekib, mutaxassislar ko‘magida daromad olish imkoniyati yaratiladi. 

Suv ta’minotini yetarli yo‘lga qo‘yish uchun tik sug‘orish quduqlarini qazish, suv hovuzlari barpo etish, nasoslar o‘rnatish, quyosh energiyasi panellari o‘rnatish hamda zaxira elektr tarmog‘i tortish bilan bog‘liq barcha xarajatlar viloyat mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Har 50 gektar yerga bittadan tik quduq qazilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yiladi. 
Yerlar haqiqiy muhtoj oilalarga, maktab bitiruvchilari, «Temir daftar» va «Ayollar daftari» ga kiritilgan oilalar hamda «Yoshlar daftari» ga kiritilgan yoshlarga adolatli taqsimlanib, jarayonlar Jamoatchilik Kengashi orqali ham nazoratga olinishi, 1000 gektar yetmasa yana yangi yerlar o‘zlashtirilib, tumandagi ehtiyojmand aholi to‘liq yer bilan ta’minlanishi qayd etildi. 
Uzumzorning butun agrotexnikasi, xizmat ko‘rsatish jarayoni shu yerda tuziladigan agroxizmat markazi, kooperatsiya tomonidan amalga oshiriladi. Yetishtiriladigan uzumlar Yevropa va Arab davlatlari, Xitoy va Janubiy Koreyaga eksport qilish rejalashtirilgan.

 

M. Sulaymonov, O‘zA