Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning yangroq ovozi
15:17 / 2024-12-30

Bugungi O‘zbekistonni ilgarigisi bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. O‘zgarishlarning shahdu shiddati, mazmun-mohiyati, ahamiyati, odamlarning kayfiyati, ruhiyati, hayoti, fikr tarzi, tafakkuri yangicha.

Yurtimizda kechayotgan islohotlar, yangilanish jarayonlari mutlaqo ortga qaytmas tus oldi. Bu jihatlarning bari mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida ko‘zgudek o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Yaqindan boshlab mamlakatimizda chop etila boshlagan “Vatan” jurnalini Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos yangroq va dadil ovozi, yangi sahifasi, deyish mumkin.

Jahon andozalariga mos tarzda zamonaviy poligrafiya va dizayn talablariga monand asosda chop etiladigan ushbu nashr o‘quvchilar mudom axtarib, qidirib, surishtirib, qo‘ldan qo‘ymasdan o‘qiydigan, undagi mavzular esa hur va uyg‘oq fikri, “tesha tegmagan“ligi, nihoyatda keng va rang-barangligi, o‘ziga xos yondashuvi bilan diqqatga sazovor.

Ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi mazkur jurnal bugun yangilanib borayotgan jonajon Vatanimizning jahonda o‘z obro‘si va nufuzi, ovozi bilan yuksak mavqei haqida turli soha vakillarining fikrlari, teran tahliliy maqolalari, suhbat va intervyulari, millat ruhi va g‘ururi, uning tarixdagi o‘chmas izi haqida so‘zlovchi she’rlar, yuksak va mukammal ijod namunalaridan iboratdir.

Joriy yilda “Vatan” jurnalining to‘rtta soni o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Nashr ilk sonining dastlabki sahifasidagi “Yo‘l bo‘shat, zamona! Yo‘l bo‘shat, jahon! – O‘zbek kelayotir...” degan hayqiriq so‘zlari har bir vatandoshimizning qalbida aks-sado berishi shubhasiz. Zero, davlatimiz rahbarining jahonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, bashariyat uchun xavfsiz, tahdidlardan xoli bo‘lgan, farovon va ma’mur hayotni yo‘lga qo‘yishga oid ilgari surgan ezgu tashabbuslari bugun dunyo miqyosida ham aks-sado bermoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi, deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan so‘zlari nainki mazkur jurnalning dastlabki sahifalarida, bugun har bir yurtdoshimizning yuragidan joy olib, hayot mazmuni, umr shioriga aylanib ulgurdi!

Jurnalning birinchi sonida ozar shoiri Akif Bag‘irning “O‘zbek kelayotir...”, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Imtihon”, Abdurauf Fitratning “Yurt qayg‘usi”, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning jahon uzra mashhur “O‘zbegim” she’rlari “Vatan” jurnalining ruhiyatiga g‘oyat hamohang.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Qudratilla Rafiqovning “Vatan” haqida ...” nomli maqolasida ushbu jurnalning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdagi ezgu missiyasi haqida keng va tahliliy tarzdagi fikrlar yangi nashrning mohiyati chuqur, keng va atroflicha ochib berilgan. Ayni paytda ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy formatdagi ushbu jurnal mamlakatimizdagi eng ilg‘or fikrli ziyolilar, olimlar, siyosatchilar uchun o‘z sahifalaridan keng joy beradi. Shuningdek, jurnalning ilk sonida qardosh mamlakatlarda istiqomat etayotgan o‘zbek diasporasining Dolimjon Sayfullayev, Ilhom Yusupov, Begijon Ahmedov kabi yorqin ziyolilarining tahliliy maqolalari ularningda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlariga befarq emasligini yaqqol ko‘rsatib beradi.

Nashrda shuningdek, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Temur Xo‘ja o‘g‘lining turkum maqolalari milliy o‘zlik, ona tilimizning dolzarb masalalari, Vatan qadr-qimmati haqida batafsil va juda ta’sirchan tarzda fikrlar bayon etilgan.

Shu bilan birga siyosatshunos Farhod Tolipov, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Tolipov, tarixchi olim Eldor Asanovning milliy ma’naviyatimiz, tarix, qadimiy ildizlarmiz haqida hikoya qiluvchi maqolalari o‘quvchilarni befarq qoldirmasligi shubhasizdir.

Atoqli yozuvchi, ustoz ijodkor Xayriddin Sultonning “Onamning yurti” nomli asaridan lavha Vatan mavzusi biz o‘ylagan sarhadlardan ancha keng va buyuk ekani haqida g‘oyat ta’sirchan, hayotiy tarzda aks etgani bilan ahamiyatlidir.

“Vatan”ning ikkinchi nashri davlatimiz rahbarining milliy tariximizda yorqin iz qoldirgan birinchi va ikkinchi Renessanslar zamirida avvalo, ilm-fan yutuqlari mujassam ekani, bugun biz barpo etayotgan uchinchi Renessans poydevori ham , hech shubhasiz, inson kapitali, ilm-fan, innovatsiya va yangi kashfiyotlar asosida bunyod etilishiga doir qimmatli fikrlari bilan boshlanadi.

Jurnalning ushbu sonida Abdulhamid Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston” she’ri har qanday insonni hayajonga solmasdan qolmaydi. Shu bilan birga turkiyalik siyosatshunos Osmon Mestenning “O‘zbekiston buyuk Turkistonning qalbidir”, mamlakatimizning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyevning “O‘zbekiston – Xitoy: O‘zaro do‘stlik, ishonch va teng manfaatli hamkorlik” maqolasi, Hayotjon Sharipovning “Vatanidan, xalqidan malomat qilmagan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” nomli suhbati, Samarqand viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Erkinjon Turdimovning “Yana “yer yuzining sayqali”ga aylanayotgan Samarqand”, moskvalik vatandoshimiz Anna Goncharovaning “Shavkat Mirziyoyev – o‘zbek xalqining fidoyi farzandi!” nomli tahliliy maqolalari o‘quvchilar uchun g‘oyat qiziqarlidir. Jurnalda shuningdek, milliy ozodlik harakati, “Yashil energetika”, yurt tuprog‘ini olisda ko‘zga to‘tiyo bilgan vatandoshlarimizning tahliliy maqolalari keltirilgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. Shu bilan birga tarixchi olimlar G‘aybulla Boboyorov hamda Farhod Maqsudning “O‘zbek etnonimi – millatimiz nomi qanday paydo bo‘lgan?” nomli maqolasi, teran ilmiy-ma’rifiy materiallar, tarjimalar sifati va mazmuni bilan e’tiborga molikdir.

Prezidentimizning ochiq va samarali muloqotlari, muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar mintaqamiz qiyofasi va imijini mutlaqo o‘zgartirib yuborganiga oid fikrlari ushbu nashrning 3-sonida keltirilgan maqolalarning o‘q ildiziga aylangan, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mazkur sonda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaning “O‘zbekiston – doimo yuragimda” nomli suhbati yurtimizga xorijlik olim nigohi bilan qarash, baho berishi bilan qadrlidir. Bu yerda shuningdek, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning “Mamlakatimiz IT-HUBga aylanmoqda”, Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjarning “Tamaddun poydevori ilm-fandir”, siyosatshunos olim Qudratilla Rafiqovning “Uyg‘onayotgan arslon” va boshqa ko‘plab mazmundor tahliliy maqolalarga keng o‘rin berilgan. Jurnalda shuningdek, jadidlar rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Qozoq qarindoshlarimizga ochiq xat” nomli maqolasi o‘quvchilar e’tiborini tortishi shubhasiz. Shu bilan birga ustoz adib, xalqimizning qalbi uyg‘oq ziyolilaridan bo‘lmish Nazar Eshonqulning “Millat fikri” maqolasini adabiyotga befarq bo‘lmagan o‘quvchilar sinchiklab mutolaa qilishi tabiiy.

“Vatan”ning to‘rtinchi sonida ham bir-biridan yorqin va jurnalxon e’tiborini o‘ziga tortadigan tahliliy maqolalar, suhbatlar, tarjimalar jamlangan. Ushbu nashr mamlakatimiz yetakchisining “Hozirgi murakkab globallashuv jarayonlarida ma’naviy-mafkuraviy raqobatga tayyormizmi?” degan da’vatkor chaqirig‘i bilan boshlanishi bejiz emas. Zero, mamlakatimizning, millatimizning yashab qolishida dunyoda kechayotgan jarayonlarga o‘z sog‘lom va sobit qarashlarimiz, teran fikr, munosabatimiz bilan javob bermoqlik bugun har qachongidan ham dolzarb.

Germaniyalik siyosiy sharhlovchi “Berliner Zeytung” nashri Geosiyosat bo‘limi rahbari Tomas Fasbenderning siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan “O‘zbekistondan “Yangi O‘zbekiston”gacha: Yo‘qotilgan qalbni izlab” nomli suhbati yurtimizda bugun kechayotgan olamshumul yangilanishlar mohiyatiga tahliliy tarzda nazar solish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Jurnalda shuningdek, tashqi siyosat, hududlardagi keng qamrovli o‘zgarishlar, adabiyot va millat ruhi, o‘zligi, tarixiy xaritashunoslik, jadidchilik harakati kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Umuman olganda, “Vatan” jurnalining nashr etilishi mamlakatimiz media dunyosini xolis, shaffof, qiziqarli, turfa, ham sifatli kontent bilan to‘ldirishda, yangi O‘zbekistonimizdagi evrilishlarni boricha ifodalashi, bugungi shiddatli tarixiy jarayonlarni o‘quvchilarga yorqin va samimiy tarzda taqdim etishi bilan yurtimiz madaniy hayotida ulkan voqelik bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri