Zamonaviy shaharsozlik me’yorlari asosida bunyod etilayotgan bu o‘ziga xos shaharchada tabiat bilan uyg‘unlik ta’minlanadi, “yashil landshaft” yaratiladi. Hududdan oqib o‘tuvchi suv yo‘llari, basseyn va favvoralar, sayr qilish va dam olish uchun soya-salqin joylar, bolalar maydonchalari, ko‘rkam gulzor va xiyobonlar, konsert maydonchalari, shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish alohida e’tiborga olingan.
Sezganingizdek gap ekoshahar, Farg‘ona shahrida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi haqida bormoqda. Ayni kunlarda qizg‘in bunyodkorlik ishlari ketayotgan massivda ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan ko‘p qavatli uylar uzoqlardan ko‘zga tashlanadi. Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Bugungi kunda 300 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga mo‘ljallangan 298 ko‘p qavatli uy bunyod etiladi. Aholi zich yashaydigan shahar va viloyat uchun bu muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Ekoshahar – ekologik musaffolik, tabiat qo‘ynidagi shaharda qurilayotgan har bir ob’ekt o‘ziga xos yechimga asoslangan. Asosiysi, binolarning zilzilabardoshligiga ahamiyat qaratilmoqda.
– Viloyatimiz hududi 7-8 ballik seysmik zonada joylashgan. Shuning uchun binolarning 8-9 ball zilzilaga chidamliligiga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi Umidjon Uzoqov. – Bundan tashqari, qurilish materiallarining pishiq-puxtaligi, davlat standartlariga mosligi doimiy nazoratimizda. Buning uchun hududning o‘zida maxsus laboratoriya joylashgan. Misol uchun, keltirilgan g‘isht, sement yoki armaturadan namuna olinib, laboratoriyada tekshiriladi va xulosa beriladi. Jarayon davomida sifatsiz materiallar bo‘yicha 20 dan ortiq ma’muriy hujjatlar tayyorlanib, mas’ul tashkilotlarga taqdim qilindi.

Bunday yondashuvdan qurilish tashkilotlari mutasaddilari ham mamnun. Zero, o‘zlari bunyod etayotgan inshootlarning mustahkamligi, uzoq yillar davomida odamlarga xizmat qilishi tarafdori ular.
– Ekoshaharda ikkita 7 qavatli turar-joy quryapmiz. Barcha mas’ul tashkilotlar tomonidan uzluksiz nazorat olib borilayotgani biz uchun ham foydali, – deydi “Madina” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Mirzaakbar Rasulov. – Shuningdek, energiya tejamkorlikni ta’minlash uchun yangi talablar qo‘yilgan. Inshootlarning fasad qismi bazalt qoplama bilan o‘ralishi, tom qismiga quyosh elektr panellari va quyosh nuri yordamida suv isitish kollektorlari o‘rnatilishi, barcha uylarga zamonaviy liftlar o‘rnatilayotgani, ichki qismlarning bir-biriga o‘xshamaydigan dizaynda bo‘lishi kabi jihatlar ishimizga sifat va ko‘rkamlik bag‘ishlayapti.
Shaharchada yashovchilar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Ko‘p qavatli uylar qurshovidagi 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 990 o‘rinli maktab, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika binolari deyarli bitgan, oxirgi pardozlash ishlari ketyapti. Tasavvur qiling-a, uydan chiqasiz, farzandingizni bog‘chaga, maktabga qo‘yib, xotirjam ishga otlanasiz. Yoki istalgan vaqtda shundoq yoningizdagi poliklinika xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Boshqa ijtimoiy va ko‘ngilochar ob’ektlar, amfiteatr, avtoturargoh, do‘konlar ham “poyingizda”. Kechki salqinda esa “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga oilaviy sayrga chiqish, musaffo havodan to‘yib nafas olish imkoniyati bor.

Endi masalaning boshqa tomoniga, aytish mumkinki, ko‘pchilikni qiziqtiradigan jihatiga nazar solsak. Xo‘sh, bu yerda bitkazilayotgan uylarning narx-navosi qanday? So‘lim tabiat qo‘ynidagi uylarda yashashni istovchilar qay usulda to‘lov qilishlari mumkin?
– To‘qqiz qavatli uy quryapmiz. Uy-joylar sotuvini boshlab yubordik. Hozirgacha 50 xonadonni sotib bo‘ldik. Xaridorlar kelib, uylarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, shartnoma qilib ketishyapti, – deydi “Reverem Gold” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish korxonasi sotuv menejeri Abduvosit Zohidov. – Avvalo, hududdagi musaffo havo, shaharchaga alohida kanalizatsiya quvuri tortib kelinishi, uylar tomining gazoblokdan, quyma monolit ekanligi, pod’ezdlar va koridorlar zamonaviy, sifatli materiallar bilan jihozlanishi mijozlar e’tiborini tortmoqda. Muqobil energiya ta’minoti, yuqori qavatlarga chiqish uchun zamonaviy liftlar borligi, maktab, bog‘cha, masjid yaqinligi ham qiziqishga arziydi. Bugungi kunda xonadonlarning 1 kvadrat metri o‘rtacha 5 million so‘mga to‘g‘ri kelyapti. Xaridorlar xohishiga ko‘ra, 2, 3, 4 xonali, shuningdek, “studiya” uylar ham bor. Bizda ipoteka kreditlari yo‘q, lekin 48 oyga nasiya savdoni yo‘lga qo‘yganmiz. 10-15 foizlik boshlang‘ich to‘lovni esa istalgan usulda amalga oshirish mumkin.

Aytish kerakki, shaharchada bank xizmatlari uchun maxsus ko‘rgazma-savdo uyi – shourum ochilgan.
– Ekoshahardan uy-joy xarid qilishni xohlovchilar uchun ko‘makka shaymiz. Viloyatdagi yettita bank mas’ullari bu yerda kunlik xizmatda, – deydi “Turonbank” Farg‘ona bank xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i Pahlavon Egamov. – Yurtdoshlarimiz uchun 20 yilgacha muddatga yillik 18 foizlik ipoteka kreditlarini taklif etyapmiz. Fuqarolar uy umumiy summasining kamida 15 foizini to‘laydi, bank esa qolgan 85 foizini.
Joriy yilda ekoshaharda jami 80 uy foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa 3 ming 170 xonadon degani. Keyingi yillarda ham ko‘p qavatli uy-joylar, maktab va bog‘chalar, mehmonxona qurilishi davom ettiriladi, yondosh maydonda kichik sanoat zonasi bunyod etiladi. Hudud kun kelib, gavjum shaharchaga aylanadi.
Xullas, 300 gektarlik maydonda qad rostlayotgan bu ekoshahar – farg‘onaliklar qo‘li bilan bunyod etilayotgan mo‘’jiza – hademay nafaqat viloyatda, balki butun vodiyda eng yirik va obod kentlardan biriga aylanadi. Shaharcha viloyatda aholini uy-joy va ish bilan bandligini ta’minlash, zamonaviy shaharsozlikning barcha yutuqlarini namoyish etish, bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofadagi aholi punkti namunasi sifatida tarix zarvaraqlariga yozilajak.
M.Sulaymonov, O‘zA