Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi xalqimiz muallifligida yaratildi
15:35 / 2023-05-12

2023 yilning 30 aprel kuni xalqimiz hayotida o‘ziga xos voqelikka ega bo‘lgan kun sifatida tarixga muhrlandi. Sababi, ko‘p millatli xalqimiz ko‘nglidagi o‘zgarish va islohotlarga zamin yaratib berishi bilan ahamiyatli bo‘lgan yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Ko‘p ovoz bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganidan dalolat bermoqda.

Hech shubhasiz, referendum ko‘p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo‘ldi.  

Ta’kidlash o‘rinli, o‘tgan yillar davomida jamiyatimiz va unda ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarda xalqimizning ishtiroki va ular tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarning ahamiyati har tomonlama ortdi. Buning natijasida jamiyatimizning ham islohot va o‘zgarishlarga bo‘lgan talabi kun sayin ortmoqda. Fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asnosida qabul qilingan qonun va qarorlarimiz yanada takomillashtirilib, Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan xalqchil moddalarga moslashtirilgan holda qabul qilinmoqda.  

Ammo bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda ro‘y berayotgan geosiyosiy vaziyatlar, eng avvalo, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va unda belgilangan maqsadlarni amalga oshirish nafaqat qonunlarimizni mustahkamlashni, shu bilan birga, Bosh qomusimizda ham inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan normalarni yanada takomillashtirib, bugungi zamon talablariga moslashtirishni taqozo etmoqda.  

Davlatimiz rahbari yangilangan Konstitutsiyamiz “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarga asoslangan holda ishlab chiqilsagina tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishini alohida ta’kidlagan edi. Shu bois, hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi xalqimiz muallifligida yaratildi.  

Shu bilan bir qatorda, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda qayd etilgan tavsiyalar, YeXHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida jamiyatning barcha qatlamlari vakillarini davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qabul qilingan xalqaro va mintaqaviy huquqiy hujjatlar alohida hisobga olindi.  

Yangilangan Konstitutsiya loyihasi rivojlangan davlatlardagi tahliliy markazlar va nufuzli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan ham ekspertizadan o‘tkazildi. Xorijda chop etilgan materiallar yetakchi  tahliliy markazlar va tadqiqotchilik institutlari mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotini jiddiy qiziqish bilan kuzatayotgani, o‘z elektron minbarlarida yurtimizda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonni batafsil yoritib borayotganini ko‘rsatdi.  

Respublikamizda so‘nggi olti yil ichida yuz bergan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli natijasi xorijdagi rasmiy doiralar tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda. Jamiyatimizni isloh qilish, demokratlashtirish, liberallashtirish va modernizatsiya qilishning chuqur o‘ylangan uzoq muddatli dasturi davlat arboblari va siyosatchilar e’tiborini tortmoqda.  

Shuni alohida qayd etish lozim, yangi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.  

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz taraqqiyotining burilish bosqichini belgilab, butun kuch va salohiyatimizni yagona ulug‘ maqsad – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratamiz, deya ta’kidlagan edi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ushbu burilish bosqichining boshlanishi bo‘lsa, konstitutsiyaviy islohot amalga oshirilishi tarixiy omil bo‘ldi. Yangilangan Konstitutsiyada davlatimiz rahbari tomonidan  “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanishi taklif qilindi. 

Birgina misol. Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb, qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Asosiy qonunda muhrlangan bu prinsiplar mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o‘zgartirilmasligi xalqimiz xohish-irodasining ifodasidir.  

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinligini to‘liq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak.  

Galdagi vazifa bugungi zamonga mos holatda bajarilishiga xizmat qiluvchi qonun va qarorlarning hayotiyligini ta’minlashdir. Bunda, o‘z navbatida, qabul qilingan huquqiy hujjatlarimiz uchun bosh g‘oya bo‘lib xizmat qiluvchi Yangi Konstitutsiya yuridik zamin bo‘lib xizmat qiladi.  

Mamlakatning buguni va ertasiga befarq bo‘lmagan fuqaro sifatida ayta olamanki, yangi Konstitutsiya, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, Bosh qomusimiz yangilanishida faol ishtirok etgan mehnatkash va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos, ishonchli kafolati bo‘lishiga ishonaman.  

 

Shomaruf Qosimov,  

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini  

rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi,  

“Kelajak liderlari” klubi a’zosi  

O‘zA