Poytaxtimizda "11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni: Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari faoliyatiga nazar" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda e’tirof etilganidek, mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlar rivojiga tarkibi 8 million nafar a’zoga ega bo‘lgan eng yirik jamoat tuzilmasi – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvda bu jihatlarni alohida qayd etdi.
Keyingi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi. Kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini ratifikatsiyalash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyati yangi bosqichga chiqdi. Bu boradagi ishlar qamrovi yanada ortdi.
[gallery-26126]
2025 yilda barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlarining vakolat muddatlari tugashi munosabati bilan tizimdagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlar o‘tkazildi. Joriy yilning fevral-aprel oylarida Federatsiya tizimidagi 37 ming 23 ta boshlang‘ich tashkilotda hisobot-saylovlar o‘tkazildi. May-iyun oylarida esa 70 ta birlashgan qo‘mita, 573 ta tuman, shahar va 83 ta viloyat bo‘linmalarida hisobot-saylov konferensiyalari o‘tkazildi.
Shu yilning 1 noyabr kuni poytaxtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur jamoat tashkiloti raisi Qudratilla Rafiqovning hisobot ma’ruzasi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Qurultoyda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Nazorat-taftish komissiyasining 2021-2025 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham tinglandi.
Federatsiya tizimida ilk bor muqobillik asosida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Qudratilla Rafiqov ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi etib saylandi.
O‘tgan 5 yillik hisobot davrida kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarini himoya qilishdagi jonbozligi natijasida 500 ming nafarga yaqin xodimning huquqlari himoya qilindi. Ular foydasiga 267 milliard so‘m undirib berildi. Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisa tufayli jabrlangan ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘lab berildi. Ishdan nohaq bo‘shatilgan shaxslarning huquqlari tiklandi, xodimlar foydasiga 105 milliard 909 million so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berildi. Nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga qayta tiklandi.
Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari to‘liq ko‘rib chiqilib, xodimlar foydasiga salmoqli miqdordagi mablag‘lar undirib berildi. Xodimlar huquqlarini tiklashni so‘rab ish beruvchilarga taqdimnomalar kiritilib, mavjud kamchiliklar to‘la-to‘kis bartaraf etildi.
2024 yil yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 32 ming 251 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffitsiyenti ko‘tarilgan bo‘lib, bu orqali 1 million 342 ming nafar xodimning ish haqi oshirilishiga erishilgan.
Hisobot davrida ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat dasturlarini bajarish doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 945 ming 853 nafar fuqaroga va 353 ming 325 oilaga salkam 966 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
Barcha hududlarda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga to‘lanadigan ish haqi ularning malakasiga muvofiqligi nazorati olib borilmoqda. Xususan, hisobot davrida kasaba uyushmalari tomonidan 36 mingdan ziyod korxona, tashkilot va muassasada ish beruvchilar tomonidan eng kam ish haqi me’yoriga rioya etilishi o‘rganildi va qonun buzilishi holatlariga barham berildi. 2021-2025 yillar mobaynida ish beruvchilarga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, banklar, huquqiy inspeksiyalar, prokuratura va sud organlariga 974 ta murojaat kiritilib, 769 milliard so‘mdan ortiq o‘z vaqtida to‘lanmagan ish haqi undirilishiga erishildi.
Mehnat muhofazasi bo‘yicha nazorat-profilaktika ishlari bilan birga xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilishi yuzasidan monitoring amalga oshirilmoqda. Korxona va tashkilotlarda mehnat muhofazasi o‘rganilib, aksariyat kamchiliklar barataf etildi.
2025 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi munosabati bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan joriy yil 2 oktyabrdan ushbu sanaga bag‘ishlangan maxsus pochta markalari turkumi muomalaga kiritildi. Mazkur turkum 9 ta pochta markasidan iborat bo‘lib, kichik varaq ko‘rinishida tayyorlangan.
Maxsus pochta markalarida yurtimiz mehnatkashlarining yuqori ijtimoiy va ma’naviy farovonligini ta’minlovchi dam olish maskanlari, sport va sog‘lomlashtirish majmualari, bolalar oromgohlari tasvirlangan. Kichik varaqning hoshiyasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining logotipi aks ettirilgan.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA