O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tizimda xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlar o‘rtasida “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
“Yangi O‘zbekistonning vatanparvar ayollari” shiori ostida o‘tgan tadbirda Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi xodimalari, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Bektemir tumani hokimligi vakillari, harbiy-akademik litsey o‘quvchilari, joylardagi studiyalardan hududiy harbiy prokuraturalar xodimlari ishtirok etdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari S.Ortiqova va Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokuror O.Xolboyev tadbirni tabrik so‘zlari bilan ochib, yurtimizda xotin-qizlarga e’tibor, g‘amxo‘rlik, yaratib berilgan sharoit va keng imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tanlovda ishtirokchilar “Men baxtiyor ayolman” mavzusida tanishtiruv, “Mohir bekajon” mavzusida kashta tikish, “Ayol – go‘zallik timsoli” mavzusida milliy soch turmagi, milliy va zamonaviy raqs, mevalardan chiroyli shakllar yaratish va bahru-bayt shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Har bir shart natijasi hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, kamchilik va xatolar joyida izohlab borildi.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom va esdalik sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Jarayonda Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli jamoasining chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

N.Abduraimova, O‘zA