Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning urib turgan yuragi haqida kitob
20:53 / 2023-04-12

Yangilanayotgan O‘zbekistondagi islohotlar shiddatli tus olmoqda. Turli sohalarda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ko‘lamini daf’atan to‘la tasavvur qilish, shiddatini ko‘z bilan ilg‘ash g‘oyat mushkul. Hayotimizdagi yangilanishlar, jumladan, insonlar tafakkuridagi o‘zgarishlar chunonam zalvorliki, ularni xuddi kino tasmasidek ko‘z oldidan o‘tkazish uchun kishiga teran aql-idrok, yuksak tafakkur, chuqur tahlil va tadqiq mahsuli bo‘lgan majmuaviy kitob zarur bo‘ladi.

Taniqli shoir va jurnalist, mohir muharrir O‘tkir Rahmatning “Ezgu yangilanishlar mamlakati” kitobi ana shunday zarurat mahsuli o‘laroq maydonga keldi. Binobarin, kitob butun mamlakatda yuz berayotgan mo‘’jizaviy evrilishlarni, kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan, biroq hadeganda ilg‘ayvermaydigan yuksalishlarni o‘z sahifalarida xuddi kaftimizdagi uzun-qisqa, parallel, perpendikulyar chiziqlardek yaqqol namoyon etadi.

Aslida, kindik qonimiz tomgan ma’vo — Vatan muhtasham bir kitobdir. Har birimizning uyimiz, qishlog‘imiz, mahallamiz — ana shu ulkan kitobning bir sahifasi, bir bobi. “Ezgu yangilanishlar mamlakati” ushbu muhtasham kitobning sahifalaridagi rangorang va farahbaxsh jilvalar haqida...

Yana tasavvur etamizki, har birimizning hayotimiz — misoli bir kitob. Uning sahifalari — umrimizning bir kuni, soatlar, daqiqalar, soniyalar, oniy lahzalar. O‘tkir Rahmatning yangi kitobi ana shu sahifalarning kamalakrang yog‘dularga, duru marvaridlarga to‘layotgani to‘g‘risida.

Darhaqiqat, o‘tayotgan har bir kunimiz mamlakatimiz tarixi zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining dastlabki kunlaridanoq “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida mamlakat hayotining har bir jabhasini tubdan yangilashga kirishdi. 

Barcha hududlarda Xalq qabulxonalari ochilgani, Prezident, Bosh vazir, turli vazirlik va idoralar, hokimlarning virtual qabulxonalari faoliyat yurita boshlagani, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu g‘oyaning hayotga ko‘chgani mamlakatimizda yangicha muhitni yuzaga keltirdi. Odamlarda ertangi kunga ishonch, muammolarini hal etish va orzulari ro‘yobi sari intilish barq ura boshladi.

Matbuot va so‘z erkinligi oshgani, inson huquqlarini ta’minlash, davlat idoralari, turli tashkilotlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik, shaffoflik, hisobdorlik kuchaygani mamlakatimizning demokratik qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga turtki bo‘layotir.

Milliy iqtisodiyot dunyo andozalariga mos holda isloh qilinmoqda. Tashqi savdo, soliq va moliya siyosati liberallashtirilyapti. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash zamonaviy mexanizmlari yaratilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi konlar ochish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning adolatli, insonparvar tamoyillari, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” kabi o‘ziga xos noyob mexanizmlar joriy etilgani bois aholi bandligi oshib, kambag‘allik izchil qisqarib bormoqda. 

Odamlarning kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlariga ega bo‘lgani,  hayotga innovatsion va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari kirib kelgani bois turmush darajasi ham muttasil yuksalib bormoqda.

Yurtimizning shaharu qishloqlari beqiyos chiroy ochmoqda. Yer yuzining sayqali — Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar, xususan, bu yerda qurilgan “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi hududning ko‘rku jamolini yanada ochib, yangi O‘zbekistonning “turizm darvozasi”ga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Muallif “Ezgu yangilanishlar mamlakati. O‘zbekistondagi amaliy va jadal islohotlar dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda” sarlavhali maqolasida ta’kidlaganidek, kundalik turmushdagi ijobiy yangiliklarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xususan, bir necha oy ichidayoq amaldorlarning joylarda fuqarolar bilan gaplashish ohangi o‘zgardi, chinakamiga ishlayotgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari, naqd pul olish imkoni bo‘lgan bankomatlar mavjudligi oddiy holatga aylandi. Bayramlar munosabati bilan bir nechta dam olish kunlari berilishi fuqarolarning ayyomni ko‘tarinki ruhda nishonlashi uchun qulaylik yaratdi, tantanalar rasmiy tadbirdan chinakam quvonchu shodlik hukmron xalq sayillari shakliga ko‘chdi. Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, asrlar davomida el-yurtimizning orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan ushbu ayyom bilan bog‘liq urf-odatlar, qadriyatu an’analar mohiyati hamda ahamiyatini o‘zida mujassam etgan ommaviy sayillar uyushtiriladi. Bu ham yangilanishlarning tabiiy bir qismi, muhim mezonidir.

Kitobdagi tahliliy, aniq dalillarga asoslangan, konstruktiv, ayni paytda chuqur mushohada, sohir qalb, tiyrak nigoh bilan “elakdan o‘tkazilgan” publitsistik maqolalar mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan ana shunday hayotbaxsh o‘zgarishlarni jozibakor surat, yaxlit polotno sifatida o‘quvchi ko‘z o‘ngida namoyon qiladi.   

To‘plamdan joy olgan bitiklarda  2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, yil nomi bilan bog‘liq Davlat dasturlari, qator farmon va qarorlar, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati, maqsad-muddaolari, hayotiy ahamiyati chuqur tahlil qilinadi. Materiallarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro ekspert va mutaxassislar, siyosatchilar, tahlilchilar, jurnalistlarning munosabati, bahosi hamda e’tirofi ham aks etadi.

Masalan, mohir publitsist “Humo qushi yuksak parvozga shaylanmoqda” maqolasida shunday yozadi: “Turkiyaning yetakchi iqtisodiy nashrlaridan biri — “Derin Ekonomi” jurnali sharhlovchilari tashqi siyosatimiz taqvimini diqqat bilan kuzatib kelishadi. Ular... O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning o‘n nafar yetakchisi ro‘yxatiga kiritdilar. Mazkur ro‘yxatdan muhim ahamiyatga molik qarorlari bilan mavjud vaziyatni o‘zgartirib yuboradigan, bu bilan xalqaro maydondagi vaziyatga faol ta’sir ko‘rsatadigan hamda jahon ommaviy axborot vositalarining “nyusmeykeri” hisoblanadigan yetakchilar nomlari joy oldi. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston rahbari mamlakatni liberallashtirish, huquq-tartibot  idoralari faoliyatini tartibga solish, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan chuqur islohotlarni hayotga tatbiq etmoqda. Yangi rahbariyat tomonidan mamlakatni amalda erkin bozor sari harakatlantirish, tashqi savdo hamda valyuta siyosatini liberallashtirishga yo‘naltirilgan o‘ta muhim qarorlar qabul qilingani respublikaning xorijlik sarmoyadorlar uchun jozibadorligini oshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning muhim, e’tiborga munosib qadamlaridan biri boshqa davlatlar, avvalambor, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni tubdan yaxshilash yo‘lini tutganida namoyon bo‘ldi”.

Bunday e’tirof, tabiiyki, har birimizning ko‘nglimizni ko‘taradi, faxr-iftixor tuyg‘ularimizni jo‘sh urdiradi.

To‘plamda maqolalar yuz bergan voqea-hodisalarning ketma-ketligi inobatga olingan holda xronologik tarzda joylashtirilgan. Ayni jihatdan kitobni yaxlit bir asar — yangilanishlar solnomasi deyish mumkin. Jumladan, “Umid epkinlari” O‘zbekistondan esmoqda. Xorijiy oav, taniqli siyosatshunoslar, ekspertlar Prezidentimiz tashabbuslarini global miqyosdagi ijobiy jarayon sifatida ko‘rsatmoqda”, “bugungi O‘zbekiston — ilg‘or takliflar, innovatsiyalar va zamonaviy yondashuvlar mamlakati”, “Bizni qanday kelajak kutmoqda?”, “Jamiyatning har bir a’zosiga daxldor. Ta’lim sohasidagi muammolar yechimi nimasi bilan ahamiyatli?”, “Hayot qo‘shig‘i” va boshqa maqolalarni mutolaa qilib, o‘quvchi davr nafasini, yangi O‘zbekistonning urib turgan yuragini his qiladi.

Bugun dunyoda tinchlik, hamjihatlik va barqarorlikka qarshi turli tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. Turfa ommaviy axborot vositalari, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on, uydirma ma’lumotlar, eyforiyaga berilgan, asosan, xayoliy, utopik, balandparvoz va’da va da’vatlarga to‘la chaqiriqlar, xabarlar, soxta tahlillar, intervyular, suhbatlar tinmay uzatilib turilibdi. Maqsad — insonlar ongu tafakkurini manipulyatsiya qilish, ertangi kunga ishonchini paymol etish, qalbini mag‘zi puch, soxta, hatto vayronkor g‘oyalar bilan zaharlash. Taassufki, bu urinishlar ne-ne mutaraqqiy davlatlarda ham odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib, ularni turli to‘s-to‘polonlar iskanjasiga irg‘itib yuborayotganiga, jamiyatda bunyodkorlik, yaratuvchanlik ruhini, azaliy qadriyatlarni, umuminsoniy tutumlarni parokanda etayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. 

Qo‘limizdagi kitob ana shunday tahlikali, murakkab zamonda xalqimiz hayotida burilish yasayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, hayotbaxsh ahamiyati, xalqimiz o‘zi belgilab olgan yorug‘ yo‘lning paradigmasi, tadrijiy jarayonlarga doir umumiy qonuniyatlar va o‘ziga xos milliy xususiyatlarni oddiy tilda, sodda va ravon usul hamda uslublarda bayon qilib bergani bilan yanada ahamiyatlidir.

Kitobda keltirilgan fikr va qarashlar, hayotbaxsh tashabbuslar, istiqboldagi chora-tadbirlar yurtdoshlarimizni bugungi kunda erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, porloq kelajak tomon yanada dadil qadamlar tashlashga undaydi.

Atoqli avstriyalik yozuvchi Stefan Sveyg chinakam ijod manzarasini shunday tasvirlaydi: “Kitob yozishning so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan ba’zi bir jihatlari bor. Bu jarayon oqibatida sening shaxsiyating tomchilay-tomchilay o‘zgalarning qon tomiriga quyilayotganday bo‘ladi”.

“Ezgu yangilanishlar mamlakati” kitobini o‘qigan kitobxon umr bo‘yi siyosat ichida yurgan, turli mas’ul lavozimlarda ishlagan, katta hayotiy tajribaga ega muallifning yuragidagi olov taftini tuyadi. Vatanga mehr-muhabbat bilan sug‘orilgan qonni tomirlariga singdirib olayotgandek sezadi. Yuksak marralar sari ruhlanadi, qanotlanadi.

Kitob siyosatshunoslar, sotsiologlar, ma’rifat, madaniyat, ma’naviyat ahli, ushbu yo‘nalishlarda ilmiy ish qilayotgan tadqiqotchilar, umuman, keng o‘quvchilar ommasi uchun ham mo‘ljallangan. Uning barcha ta’lim muassasalari, xususan, oliy o‘quv yurtlari, tashkilot va idoralar, har bir xonadonga kirib borishi maqsadga muvofiqdir. Zotan, yangi O‘zbekistonni barpo etishda, uchinchi Renessans poydevorini yaratishda, avvalo, xalqning kuch-qudrati, yosh avlodning salohiyati, shijoati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish — bu shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir.

Biz bu yo‘lda islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan jamiyatimiz a’zolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina Yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.

Qalandar ABDURAHMONOV, akademik