O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Sayyora Fayziyeva Olmaliq shahri va Ohangaron tumanidagi saylovchilar bilan uchrashdi.
Xususan, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov, partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, Olmaliq shahri faollari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturida kelgusi 7 yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor maqsad va vazifalarni batafsil sharhlab berdi. Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini barpo etishda “inson – jamiyat – davlat” va “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyalar saylovoldi dasturida ham ustuvor etib belgilangani e’tirof etildi. Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish yo‘lida butun el-yurtimizni jipslashtirishda Shavkat Mirziyoyevning mehnatini alohida qayd etdi.

Ohangaron tumanidagi uchrashuv ham faol muhokamalarga boy bo‘ldi. Ishonchli vakil o‘z nutqida so‘nggi yillarda tobora obod qiyofa kasb etayotgan Ohangaron tumanidagi ijobiy o‘zgarishlarni alohida e’tirof etdi. Xayrli ishlarning amalga oshirilishi zamirida mamlakatda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik, yuritilayotgan oqilona siyosatning o‘rni beqiyos. Partiyadan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar bugun o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Buni mamlakatda asosiy drayver sohalardan biriga aylangan qishloq xo‘jaligida ham ko‘rish mumkin.

Partiyaning nomzodi odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida drayver sohalardan biriga aylangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytarilishining belgilangani tahsinga sazovor.
Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chorladi.
A.Musayev,O‘zA.