Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi – inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi islohotlarning mantiqiy davomi
21:14 / 2022-01-12

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tashkil etilgan bugungi davra suhbati aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.

Oflayn va onlayn tarzda o‘tgan ochiq muloqotda deputatlar, senatorlar, shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Ilmiy-ekspert kengashi, «Qonunchilik muammolari axborotnomasi» jurnali tahrir hay’ati a’zolari, ilmiy xodimlar, xorijiy mamlakatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston yoshlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qayd etilganidek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi 7 ta ustuvor yo‘nalishdagi 94 ta maqsadni qamrab olgan. Unda prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ilgari surgan tashabbuslari, qator konsepsiya, dastur, strategiya va qonun hujjatlari qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Davra suhbatida Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasining 7 ta ustuvor yo‘nalishi muhokama etildi. Ya’ni, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish, umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish masalalarida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

E’tirof etish kerak, Yangi O‘zbekiston «Adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur sharti» degan muhim g‘oya negizida barpo etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.

– Mazkur hujjat loyihasi ijrosida Yangi O‘zbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat va munosib obro‘-e’tiborga ega, har tomonlama obod va farovon, tinch va osoyishta mamlakatga aylantirish belgilangan, – deydi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov.– Ma’lumki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi regulation.gov.uz, 2022-2026.strategy.uz va jamoatchilik.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.

bugungi davra suhbati esa Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasining, asosan, ilmiy doira vakillari hamda ekspertlar ishtirokida muhokama qilinishi bilan ham alohida ahamiyatlidir.

Tadbir davomida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlarining Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan maqsadlar tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, tadbir so‘ngida ekspertlar tomonidan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi loyihasi yuzasidan mamlakatimiz rivojiga xizmat qiluvchi, ilmiy asoslantirilgan va aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA