Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati
09:12 / 2021-10-03

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Yaponiyaning "Balcom Group" kompaniyasi va Xirosima shahri savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda "Yangi O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati" mavzusida biznes-forum tashkil etildi.

Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan. Tadbirda Yaponiya tashkilotlari va kompaniyalarining 70 dan ortiq rahbar va vakillari ishtirok etdi.

Biznes-forum doirasida Yaponiyaning O‘zbekistonda biznes yuritishga qiziqish bildirayotgan tashkilotlari va xususiy biznes vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar uyushtirildi. Shuningdek, «OTAFUKU» kompaniyasi raisi Naoyeshi Sasaki bilan muzokaralar olib borildi va kompaniyaning 40 dan ortiq turdagi ketchup, oziq-ovqat souslari va boshqa qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodi faoliyati bilan tanishildi. Kompaniya raisi O‘zbekistondan sabzavot va ziravorlar import qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.

«ANDERSEN» kompaniyasi raisi Hayashi Harukiga O‘zbekistonning sarmoya kiritish va eksport salohiyati, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar va erishilgan iqtisodiy taraqqiyot haqidagi ma’lumot taqdim etildi. Unga O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish taklifi bildirildi.

Tadbirlar natijasida Yaponiyaning O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqish bildirayotgan tashkilotlari va kompaniyalari vakillari bilan investitsiyalar va eksport sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish, Xirosima prefekturasi ishbilarmon doiralari vakillari bilan aloqalarni rivojlantirish maqsadida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA