Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning proaktiv mudofaa siyosati
14:34 / 2026-02-02

2026 yil 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaa siyosatiga nisbatan yangicha, strategik yondashuvni namoyon etdi. Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar va belgilangan vazifalar bugungi kunda tinchlik davlat barqarorligi va taraqqiyotini ta’minlovchi eng muhim strategik resursga aylanganini yana bir bor tasdiqladi.

Zamonaviy dunyoda tinchlikni saqlash faqat harbiy qudrat yoki kuch namoyishi bilan cheklanmaydi. Bu, avvalo, oldindan o‘ylangan, tizimli va intellektual yondashuvni talab etadi. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha sohalar va tarmoqlar xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarishga qodir “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi zarurligini alohida ta’kidladi. Bu esa milliy xavfsizlik siyosatida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini anglatadi.

Global beqarorlik, tez o‘zgaruvchan tahdidlar va asimmetrik xavflar sharoitida reaktiv va proaktiv yondashuvlar o‘rtasidagi farq yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Reaktiv yondashuv tahdid yuzaga kelgandan so‘ng harakat qilishni, favqulodda qarorlar qabul qilishni talab etadi. Bunday holatda inson omiliga ortiqcha bosim yuklanib, xatolik ehtimoli oshadi, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy yo‘qotishlar ko‘payishi mumkin. Eng muhimi, bunday yondashuv ko‘p hollarda oqibatlar bilan kurashishni anglatib, tahdid manbaiga tizimli va chuqur yechim berish imkonini cheklab qo‘yadi.

Proaktiv yondashuv esa xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, ularning ehtimoliy rivojlanish ssenariylarini tahlil qilish, doimiy monitoring va prognozga tayanishni nazarda tutadi. Bu holda profilaktika ustuvor ahamiyat kasb etib, xavf hali yuzaga kelmasidan oldin uning ta’sirini cheklash imkoni yaratiladi. Natijada davlat va jamiyat tizimlari barqaror ishlaydi, xarajatlar optimallashadi, qaror qabul qilish jarayoni izchil va samarali bo‘ladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda zamonaviy urushlar tabiati tubdan o‘zgardi va bu jarayon global tendensiyaga aylandi. Endi g‘alaba qaror qabul qilish tezligi, axborot ustunligi va texnologik afzallik bilan belgilanmoqda. Raqamli boshqaruv tizimlari, sun’iy intellektga asoslangan tahlil va prognoz, kiber va robot texnologiyalari, shuningdek, yuqori aniqlikdagi qurol-aslaha zamonaviy harbiy qudratning asosiy mezonlariga aylanmoqda. Shu bois sakkiz yil avval qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda tasdiqlangan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurati ochiq va qat’iy tarzda qayd etildi.

Yangilanadigan doktrina O‘zbekistonning tashqi siyosatda hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik tamoyilini qat’iy saqlagan holda ishlab chiqilishi alohida ta’kidlandi. Bu yondashuv mamlakatning mustaqil davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, mintaqada ishonch va barqarorlikni kuchaytiradi. Shu bilan birga, u mudofaa sohasida tashqi qaramlikka emas, balki milliy ilmiy-texnik salohiyat, inson kapitali va o‘z imkoniyatlariga tayangan barqaror rivojlanish modelini nazarda tutadi.

Proaktiv mudofaa siyosatida inson kapitali hal qiluvchi o‘rin tutadi. Chunki zamonaviy harbiy qudrat, avvalo, inson tafakkuri, bilimi va mas’uliyati bilan o‘lchanadi. Shu bois muddatli harbiy xizmatga yoshlarni faqat harbiy tayyorgarlik nuqtai nazaridan emas, balki ularni mustaqil hayotga, mehnat bozoriga va faol fuqarolik pozitsiyasiga tayyorlaydigan muhim bosqich sifatida qarash vazifasi qo‘yildi.

Harbiy qismlar ixtisosidan kelib chiqqan holda 3–6 oylik kasbga tayyorlash dasturlarini joriy etish, malaka imtihonlari va sertifikatlar berish tizimini shakllantirish rejalashtirilmoqda. Ayniqsa, har yili minglab askarlarni raqamli yo‘nalishlarda tayyorlash tashabbusi armiya bilan iqtisodiyot o‘rtasidagi strategik bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu yondashuv milliy xavfsizlikni faqat qurol-aslaha bilan emas, balki bilim, intellekt va texnologiya orqali ta’minlash mumkinligini amalda ko‘rsatadi.

Prezidentning bayram tabrigida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga bildirilgan yuksak ehtirom, ularni tarbiyalagan ota-onalar va oilalariga izhor etilgan minnatdorlik xalq va armiya o‘rtasidagi ma’naviy birlikni yanada mustahkamladi. Bu “Xalq va armiya — bir tanu bir jon” degan umummilliy g‘oyaning hayotiy ifodasidir.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar armiyani faqat harbiy qudrat timsoli emas, balki harbiy xizmatchining oilasi, kelajagi va sha’ni qadrlanadigan ijtimoiy institut sifatida shakllantirishga qaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, proaktiv mudofaa siyosati tinchlikni saqlashga qaratilgan milliy strategiyadir. U kuchga emas, aql va oldindan tayyorgarlikka, tasodifga emas, reja va tizimga tayanadi. Xalq va armiya birdamligi ta’minlangan sharoitda Yangi O‘zbekistonning tinchligi, barqarorligi va istiqboli ishonchli qo‘llarda bo‘ladi.

Olimjon O‘sarov,

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining

vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy 

ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi