Xalqaro munosabatlar tizimi keskin o‘zgarish, geosiyosiy raqobat kuchayishi va global noaniqlik bilan tavsiflanmoqda. Bunday murakkab sharoitda har bir davlat tashqi siyosatda aniq strategik yo‘lni belgilab olishi, milliy manfaatini himoya qilish bilan birga, xalqaro hamkorlik va barqarorlikni ta’minlash masalasiga ham mas’uliyat bilan yondashishi talab etiladi.
Mamlakatimiz uchun bu jarayon “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi doirasida tashqi siyosatni tubdan qayta ko‘rib chiqib, zamonaviy yondashuvga mos ravishda shakllantirish davriga to‘g‘ri keldi.
Bugungi tashqi siyosatimiz ochiqlik, pragmatizm va muvozanat tamoyiliga asoslangan ko‘p vektorli yondashuv bilan ajralib, davlatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Mintaqaviy barqarorlik, yirik kuch markazlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlar, xalqaro tashkilotlar doirasidagi faol diplomatiya – bularning bari tashqi siyosatimiz mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat. Ushbu maqolada aynan shu jarayon – muvozanatli tashqi siyosatning mohiyati va amaliy natijasiga e’tibor qaratamiz. Mavzuni siyosatshunos Farhod Karimov o‘z ilmiy-tahliliy qarashlari va fikrlari asosida sharhlaydi.
– So‘ngi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosati sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu davrda mamlakat xalqaro maydonda ochiqlik, pragmatizm va muvozanat tamoyiliga asoslangan ko‘p vektorli diplomatiyani izchil amalga oshirdi. Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi doirasida tashqi siyosat milliy manfaatlar, mintaqaviy barqarorlik va global hamkorlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratildi.
Muvozanatli tashqi siyosat yirik davlatlar va xalqaro kuch markazlari orasida bir tomonlama qaramlik holatiga tushmasdan, barcha sheriklar bilan o‘zaro manfaatli munosabatni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan strategiyadir.
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida milliy manfaat ustuvorligi, ochiqlik va pragmatizm, xalqaro huquq me’yoriga sodiqlik, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ko‘p tomonlama diplomatiyani rivojlantirish asosiy tamoyillar sifatida ustuvordir.
Mazkur tamoyillar so‘ngi 5 yillik amaliyotda aniq natijalar berdi. Xususan, Markaziy Osiyo tashqi siyosatning bosh ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Xususan, qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalari hal qilindi, transport va logistika loyihalari ilgari surildi, savdo aylanmasi bir necha barobar oshdi, mintaqaviy maslahat uchrashuvlari tizimli tus oldi. Umuman, mintaqada ishonch va o‘zaro hamkorlik muhitini shakllantirish tashqi siyosatning muhim yutuqlaridan biridir.
Masalan, mintaqaning asosiy strategik hamkori – Rossiya Federatsiyasi bilan munosabat strategik sheriklik darajasida rivojlanmoqda. Ayniqsa, energetika va migratsiya sohalarida hamkorlik kengaydi. Xavfsizlik masalasida yaqin muloqot saqlanib qolgan.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan munosabat investitsiya, infratuzilma va sanoat kooperatsiyasi orqali faollashdi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida yirik loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga O‘zbekiston bir tomonlamalikdan saqlanib, tashqi siyosatda muvozanatni ta’minlab, ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ham strategik muloqot faollashdi. Savdo, investitsiya va xavfsizlik sohalarida hamkorlik rivojlandi. Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik bo‘yicha muzokara olib borildi. GSP+ maqomi eksport imkoniyatini kengaytirdi. Bu yo‘nalishlar O‘zbekiston tashqi siyosatni ko‘p qutbli formatda muvozanatli olib borishini ko‘rsatadi. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi faollik, jumladan Samarqand sammiti mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarlarida ilgari surilgan ekologik xavfsizlik, Afg‘oniston masalasi, yoshlar siyosati kabi tashabbuslar global miqyosda e’tirof etildi. O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan pragmatik va gumanitar yondashuvni amalga oshirmoqda. Bu borada muloqotni saqlab qolish, transport va energetika loyihalarini ilgari surish, gumanitar yordam ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etib kelinmoqda. Bunday pragmatik siyosat mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Tashqi siyosat iqtisodiy mazmun bilan boyitildi. Jumladan, xorijiy investitsiya jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil energetika” loyihalari borasida amalga oshirilayotgan yirik tashabbuslar ham samara bermoqda. Zero, ochiq va pragramatik tashqi siyosat iqtisodiy islohotlarning tashqi tayanchiga aylangan.
Xulosa qilib aytganda, so‘ngi yillarda Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati ko‘p vektorli, pragmatik, muvozanatli, milliy manfaatga yo‘naltirilgan xususiyat kasb etib, dunyo e’tirof etayotgan milliy strategiya sifatida shakllandi. Markaziy Osiyoda ishonch muhiti yaratilishi, global kuch markazlari bilan muvozanatli munosabat, ko‘p tomonlama diplomatiya faollashuvi mamlakatning xalqaro nufuzini sezilarli darajada oshirdi. Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati modeli mintaqa davlatlari uchun ham o‘ziga xos pragmatik diplomatiya namunasi sifatida baholanishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA