“Oq yo‘l” — bu davlat chegarasi o‘tkazish punktidagi shunchaki yozuv emas...

Bundan uch oy avval Andijon viloyatida O‘zbekiston Respublikasini Qirg‘iz Respublikasining O‘sh va Jalolobod hududlari bilan bog‘lab turuvchi “Xonobod” va “Mingtepa” o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsata boshladi.
2009 yilda ayrim sabablarga ko‘ra, ushbu o‘tkazish punktlari faoliyati to‘xtatilgan edi. Natijada yillar davomida bordi-keldi qilib kelayotgan, bir-birlari bilan quda-andaga aylangan minglab insonlar, har ikki tomondagi qarindosh-urug‘lar, qo‘yingki, ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar cheklab qo‘yilgandi. Uzoq hududlarda joylashgan o‘tkazish punktlari orqali bir-birlari bilan aloqa qilish, joriy etilgan rasmiyatchiliklar odamlarni haddan tashqari toliqtirgandi.
Aytish joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashabbusi bilan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik, savdo-sotiq ko‘lami tobora kengayib bormoqda.
Xususan, Xonobod shahridagi “Xonobod” hamda Marhamat tumanidagi “Mingtepa” o‘tkazish punktlarining ochilishi ana shu munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bilan birga, ko‘plab yurtdoshlarimizning qariyb o‘n besh yillik orzulari ijobati bo‘ldi.
Biz “Mingtepa” va “Xonobod” o‘tkazish punktlarida bo‘lib, mamlakatimizdan qo‘shni davlatga o‘tish va qaytish uchun fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik, mutasaddilar, yurtdoshlarimiz hamda qirg‘izistonlik mehmonlar bilan suhbatda bo‘ldik.
— Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega chegara-bojxona o‘tkazish punkti orqali ikki mamlakat fuqarolarining yurtimizga kirishi va chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi “Mingtepa” o‘tkazish punkti katta inspektori, bojxona xizmati kapitani Bahodirjon Ashuraliyev. – Punktimiz zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanganligi bois, o‘tuvchilar nafaqat fuqarolik pasportlari, balki ID-karta bilan ham bemalol o‘tishlari mumkin. O‘tish punkti tomonidan shu kunlarda bir kunda 2 ming nafardan ziyod fuqaroga belgilangan tartiblar asosida xizmat ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, o‘tkazish punktida chegara va bojxona tekshiruvidan tashqari veterinariya, karantin ko‘rigi xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘shnichilik munosabatlari, do‘stlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qo‘shni davlatga borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha ovoragarchiliklarning olib tashlanganligi, ayniqsa, asrlar davomida qo‘shni yashayotgan, tili, dini, turmush tarzi bir, lekin ma’lum vaqt aloqalari uzilib qolgan ikki xalqni behad quvontirmoqda.
— Ushbu o‘tkazish punktining ochilganligidan butun oilamiz, qarindosh-urug‘lar juda ham xursand, – deydi Marhamat tumanidan Qirg‘iz Respublikasi Aravon rayoni “Tepaqo‘rg‘on” qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan Faridaxon Zikirova. – Aka-uka, singillarimni ko‘rib qaytyapman. Qirg‘iz Respublikasiga kelin bo‘lib ketganimga 30 yildan oshdi. Keyingi 15-20 yil ichida ota-onam, jigarlarim, qarindosh-urug‘larim bilan ko‘rishish, to‘y, ma’raka, turli marosimlarda bordi-keldi qilishda juda qiynaldik. Ota uyim bilan men tushgan qishloq o‘rtasidagi masofa 8-10 kilometr xolos. Lekin, biz bir-birimiznikiga borish uchun 110 kilometr, qaytishga yana shuncha masofani bosib o‘tishga majbur edik.
Hatto, janozaga ham yuborilgan telegramma orqali faqat qarindoshining o‘zi kirish mumkin bo‘lgan davrlar bo‘ldi. Taqdirni qarangki, otam o‘tganida telegramma kechikib borgani, usiz chegaradan o‘ta olmaganim uchun otam vafotidan uch kun o‘tib, uyimga kirib kelganman. Allohga shukr, bugun u kabi azoblar, qiyinchiliklar yo‘q.
— Opam Aravon tumaniga kelin bo‘lib tushgan, – deydi Bo‘ston tumani “Xalqobod” mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Zuhraxon Kamoldinova. – Bordi-keldidagi qiyinchiliklar sabab, bir necha yil bir-birimiz bilan ko‘risha olmagandik. “Mingtepa” o‘tkazish punkti ochilgandan buyon opam bir necha bor farzandlari bilan bizni yo‘qlab keldi. Endi Aravonga, kelinlarim bilan mehmonga ketyapman.
Qiyinchiliksiz, uzundan uzun navbatlarsiz chegaradan o‘tyapmiz. Oddiy xalq uchun mana shunday imkoniyatlarni yaratib bergan Prezidentlarimizga, hukumatlarimizga rahmat.
“Mingtepa” o‘tkazish punkti yonginasida avtoturargoh tashkil etilgan. Bundan tashqari, Marhamat shahridan chegara postigacha bo‘lgan yo‘l ta’mirlanib, transport qatnovi, shuningdek, Farg‘ona viloyati Quva tumanidan o‘tkazish punktiga qadar avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganligidan aholi yanada mamnun.
— “Mingtepa” o‘tkazish punkti ochilmasdan avval tumanimiz aholisi uyidan 5-10 kilometr masofada yashovchi qirg‘izistonlik qarindoshini ko‘rib kelish uchun Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” o‘tkazish punkti orqali kamida 200-220 kilometr yo‘lni bosib o‘tishga majbur edi, – deydi mehnat faxriysi, tuman “Nuroniy” uyushmasi faoli Muhammadzokir Ergashev. — Shukrki, bugun bunday ovoragarchiliklarga barham berildi. Chegara ochilishi bilan qarindoshlar o‘rtasidagi uzilib qolgan bordi-keldilar tiklandi, ikki xalq vakillari, tadbirkorlar o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Oddiy xalqqa mana shunday yengillik yaratganlarga rahmat.
Hozirda o‘zbekistonlik tadbirkorlar, hunarmadlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tikuv-trikotaj, beshik, elak, supurgi, eshik-rom singari mahsulotlar qo‘shni respublikaga olib o‘tib, sotilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida Andijon viloyati tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi (20,1 foizi) Qirg‘iz Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu natijada yangi ochilgan o‘tkazish punktlarining ham ma’lum darajada ulushi bor, albatta.
— Mahallamizda juda ko‘p xonadonlarda uzoq yillardan buyon echki yungidan ro‘mol to‘qiladi, – deydi Marhamat tumanidagi “Qoraqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi hunarmand Mashxuraxon Zokirova. – 2009 yil, ya’ni chegara yopilgunga qadar tayyorlagan ro‘mollarimizning asosiy qismini Qirg‘iz Respublikasiga sotar edik. Bizga yaqin hududda o‘tkazish punktining ochilganligi savdo hamkorligimizni yana yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Shu kunlarda ham tadbirkorlarimiz mahsulotlarimizni ulgurji sotib olib, Qirg‘iz Respublikasi bozorlariga yetkazib berishmoqda.
Umumiy maydoni 2,3 gektarni tashkil etgan xalqaro “Xonobod” o‘tkazish punktida ham fuqarolar, yurtimiz mehmonlarining hamda transport vositalarining Qirg‘iz Respublikasiga o‘tishi va yurtimizga kirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
— Bojxona postimizda fuqarolar va transport vositalarining Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod oblastiga o‘tishi va qo‘shni davlatdan yurtimizga kirishi, shuningdek, tranzit harakatlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi bojxona xizmati leytenanti Ziyoviddin Obakirov. – Bundan tashqari, karantin, sanitariya-epidemologiya nazorati ko‘riklari, bojxona idorasi tasarrufidagi “Bojxona servis” tashkiloti tomonidan bank va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yo‘lgan qo‘yilgan.
“Xonobod” o‘tkazish punkti orqali kuniga o‘rtacha 3,5 – 4 ming nafar fuqaro, 200 ga yaqin avtomashina harakatlanmoqda. Fuqarolar olib o‘tayotgan yuklar maxsus apparat yordamida tekshiruvdan o‘tkazilsa, avtotransport vositalari maxsus jihozlar, kinologiya bo‘limi xodimlari tomonidan maxsus o‘rgatilgan xizmat itlari yordamida nazoratdan o‘tkazilmoqda.
Avtomobillarning kirish va chiqishi uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, ko‘rikdan o‘tkazishga bor-yo‘g‘i 10-15 daqiqa vaqt sarflanadi.
— Qirg‘iz Respublikasining “Bekobod” chegara postidan bor-yo‘g‘i ikki kilometr masofada joylashgan mahallada qarindoshlarimiz yashaydi, - deydi Xonobod shahrining “Teyt” mahallasida yashovchi Xumoyun Abdullajonov. – Ota-onamni olib, o‘z avtomashinamda ularnikiga mehmonga ketyapmiz. Avvallari, bir-ikki yilda “Do‘stlik” o‘tkazish punktidan o‘tib, O‘sh orqali bir tomonga kamida 120 kilometr yo‘l bosib borar edik. Shahrimizda o‘tkazish punkti ochilganidan buyon o‘tgan uch oy davomida biz bir necha marta qarindoshlarimizni yo‘qladik, ular ham biznikiga bir necha bor kelishdi.
O‘tkazish punktida fuqarolar uchun uzundan uzun navbatlar yo‘q, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, avtomashinani ko‘rikdan o‘tkazish uchun uzog‘i 15 daqiqa vaqt ketmoqda. Ochig‘i, yaratilgan qulayliklardan odamlar behad xursand bo‘lmoqda.
O‘tkazish punktida yuk avtomashinalari uchun ham alohida yo‘lakcha tashkil etilayotganligi kelgusida tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikning, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmining yanada oshishiga xizmat qiladi.
— Ota uyim Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanida, – deydi hozirda Qirg‘iz Respublikasining “Bekobod” qishlog‘ida yashovchi Chinora Abdurahimova. – Kelin bo‘lib tushganimga yigirma besh yil bo‘ldi. O‘sha paytlarda chegaralar to‘silib, odamlarning qo‘shni yurtga o‘tishlari uchun qiyinchiliklar yuzaga kelishini kim o‘ylabdi, deysiz? Ayniqsa, 2009 yilda “Xonobod” o‘tkazish punkti berkitildi. Shundan buyon O‘zbekistonda yashayotgan ota-onam, aka-uka va singillarim bilan ko‘rishishga qiynalaman. Istagan paytimda borolmayman, men chaqirsam ular kelolmaydi. Sababi - yuzaga kelgan turli qiyinchiliklar, masofaning uzoqligi. Ana shu yillar davomida bir-birimizni ko‘rishga shunchalar qiynaldikki, hatto, yaqinlarim vafot etganida ham bordi-keldidagi qiyinchiliklardan, insonga, uning sha’ni, qadr-qimmatiga e’tiborsizlikdan beixtiyor ko‘zimga yosh olgan edim.
Joriy yil Mustaqillik bayrami kuni ko‘zimga yana yosh oldim, bu safar xursandchilikdan. Chunki o‘sha kuni o‘n besh yillar avval yopilgan o‘tkazish punkti yana ochildi. Hozir yoshi saksonga yaqinlashib qolgan onam bor. Chegara ochilganidan buyon uch marta borib, xabar olib keldim. Borib-kelish uchun ikki soat vaqtim ketadi, xolos. Yaratganga shukr, shu kunlarni ham ko‘rdik. Umrim boricha mana shu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lgan insonlarni duo qilaman. Odamlarning og‘irini yengil, muammolarini hal qilayotgan Yurtboshimiz omon bo‘lsin.
Andijonda bir necha yillardan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgan o‘tkazish punktlari faoliyatining tiklangani yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, chegara hududlarida yashayotgan yurtdoshlarimizning qo‘shni davlatdagi qarindosh-urug‘lari, qolaversa, xalqimizning qo‘shni qirg‘iz xalqi bilan munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi xayrli ishlardan biri desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zA