Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolaridan iborat jamoalar o‘rtasida har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan «Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi» ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rik-tanlovda kamida o‘n yillik oilaviy hayot tajribasiga ega hududiy tanlov g‘oliblari – 18 ta oila belgilangan shartlar bo‘yicha sinovlardan o‘tishdi.
Samimiy va do‘stona raqobat ruhida kechgan tanlovda harbiy oilalar tanishtiruv, “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi” nomli sahna ko‘rinishi va «Milliy xalq o‘yinlari — milliy g‘urur» shiori ostida otda mashq bajarish, arqon tortish, qarab tepti, kamondan otish kabi bir qator sport shartlari asosida bahslashdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar sahna ko‘rinishlari orqali mehr-oqibat, hurmat, hamjihatlik, farzandlar tarbiyasiga e’tibor kabi qadriyatlarni namoyon etish bilan birga sportdagi qobiliyatlarini ham ko‘rsatishdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 3-o‘rinni Milliy gvardiya Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari harbiy xizmatchilari – III darajali serjantlar Farrux Yarqulov va Sardor Ismoilovlar oilalari egalladi.
2-o‘ringa Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi, II darajali serjant Zohidjon Abdullayevlar oilasi munosib ko‘rildi.
Faxrli 1-o‘rinni Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi, I darajali serjant Baxtiyor Ortiqov oilasi qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan mukofotlandi.
Tanlovga respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan oilalarning madaniy hordiq olishini ta’minlash, ularni tarixiy obidalarimiz bilan tanishtirish maqsadida Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OHQbnTL-Jdk" title="«Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi» ko‘rik-tanlovi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA