Munosabat
AQSHning Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Unda nafaqat milliy islohotlar va taraqqiyot yo‘nalishlari, balki xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb muammolar hamda global tashabbuslar haqida atroflicha fikr bildirildi.

Prezidentimizning ushbu nutqi Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati, insonparvarlik yo‘nalishi va xalqaro hamkorlikka oid qarashlarini chuqur ifoda etuvchi, murakkab geosiyosiy voqelikda davlatning prinsipial pozitsiyasini namoyon etuvchi muhim siyosiy tashabbusga aylandi.
Xususan, davlatimiz rahbari o‘z chiqishida dunyodagi xalqaro institutlarning zaiflashuvi, qarama-qarshilik va urushlarning ko‘payishi, texnologik va ijtimoiy tengsizlikning ortishiga e’tibor qaratib, bugungi geosiyosiy voqelik mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilayotganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan, BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish, uning tarkibini kengaytirish hamda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini hisobga olish lozimligi haqidagi taklifi O‘zbekistonning xalqaro adolat va tenglik tarafdori ekanini ko‘rsatadi.
Prezident nutqidagi markaziy mavzulardan yana biri – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijalari bo‘ldi. Prezident ta’kidlaganidek, mamlakatdagi barcha o‘zgarishlarning markazida inson qadri turibdi.
Buni quyidagi islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin: so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishildi. Bu, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasi o‘zgartirilayotgani, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalari barpo etilayotgani, “yashil” energetika va transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinayotgani, kichik biznes har tomonlama rivojlantirilayotgani va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratilayotgani tufaylidir.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, oliy ta’lim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. O‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘ va nufuzini oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda. Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif etildi.
Ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimini yaratish xususida so‘z yuritar ekan, mamlakatimiz yetakchisi BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkazilayotganini e’tirof etdi.
Shu bilan birga, gender siyosatiga to‘xtalib, davlatimiz rahbari mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishini ta’kidladi. Shu ma’noda, keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish muhimligi qayd etildi.
Qolaversa, sakkiz yil avval qo‘yilgan strategik maqsad – Markaziy Osiyoni tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirishga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Hozirgi kunda chegaralar ochildi, muammoli masalalar hal etildi. Mintaqaviy savdo, investitsiyalar va logistika besh barobargacha o‘sdi. Qo‘shma sanoat va savdo zonalari, infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyaning samarali mexanizmiga aylandi.
Bular mintaqada hamjihatlik va barqarorlik sari muhim qadamlar bo‘lib, bugungi kunda “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasi shakllanmoqda. Prezident bu jarayonda BMT institutsional ko‘magi muhimligini ta’kidlab, mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyaga oid rezolyutsiya qabul qilishni taklif qildi.
Prezident Afg‘oniston masalasiga alohida e’tibor qaratar ekan, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, xalqning tinch va farovon hayotga intilishini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. O‘zbekiston ushbu mamlakatda yirik iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish niyatida ekani, Afg‘oniston orqali transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqdi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi Yangi O‘zbekistonni o‘z ovozini xalqaro maydonda tobora balandroq eshittirayotgan, global siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etayotgan, tinchlik, taraqqiyot va hamjihatlik g‘oyalarini ilgari surayotgan mamlakat sifatida namoyon etdi. Bu esa mamlakatning jahon hamjamiyatidagi nufuzi va ta’sirini yanada mustahkamlaydi.
Dilrabo XOLBOEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari
qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
O‘zA