Davlatlar o‘rtasidagi samimiy munosabatlar, eng avvalo mazkur mamlakatlarning manfaatlariga xizmat qiladi, savdo-sotiq rivojlanadi, xalqlar o‘rtasida iliqlik, mehr-oqibat kuchayadi, bordi-keldi ko‘payadi.
Davlatlar oʻrtasidagi samimiy munosabatlar, eng avvalo mazkur mamlakatlarning manfaatlariga xizmat qiladi, savdo-sotiq rivojlanadi, xalqlar oʻrtasida iliqlik, mehr-oqibat kuchayadi, bordi-keldi koʻpayadi.
Men bir jurnalist sifatida ayni holatni Turkiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarda koʻp yillardan buyon muntazam kuzatib kelaman.
Bilasiz, jurnalist xalqi koʻp sinchkov va ancha-muncha hissiyotli qavm boʻladi.
Turkiyada nashr etiladigan “Turkiya xabarlari Bosfor” gazetasiga 2006-yilda doʻstlarim bilan asos solganman. Darvoqe, u mamlakatimda rus tilida chiqadigan ilk gazeta. 16 yil davomida nashrimiz sahifalarida qalamga olinmagan mavzu qolmadi hisob. Oʻzbekiston haqida ham koʻp va xoʻp yozildi-chizildi.
Munosabatlarimizda “sovuq” davr kechayotgan vaqtlarda hamkasblarim orasida “Oʻzbekistonning koʻzini ochib qoʻyish kerak”, deydiganlar ham boʻldi. Kasbdoshlarimizning ayrimlari, nega Oʻzbekistonni koʻklarga koʻtarasan, bunday davlatga faqat tanqid yarashadi”, deb meni ozorlashardi. Biz, yaʼni “bosforchilar” bunday ehtiroslardan hamisha tiyilganmiz.
Oʻsha paytda men ularga:
-Avvalo Oʻzbekiston va Turkiya bir qavmdagi qondosh-jondosh, aka-uka davlatlar. Aka-ukalar orasiga ham goho sovuqchilik tushadi, san-menga boriladi. Vaqt-soati bilan qarindoshlar barbir topishib oladilar. Ungacha har ikki tomonga Allohdan sabr tilaylik, — derdim.
Bundan oʻn ikki-oʻn besh yil avval aytganlarim, Yaratganga shukur, 2016-yili amalga oshdi. Oʻsha yilning kuzida Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning taʼziyasiga qatnashish uchun Turkiya davlati rahbari Rajap Tayyip Erdogʻan Samarqandga tashrif buyurdi.
Taʼziya marosimidan keyin Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar oʻtkazildi. Ikki davlat yetakchilarining dillari dillariga toʻgʻri keldi, gap-soʻzlari bir joydan chiqdi. Yetakchilar bir kunning oʻzida maqsadni aniqlashtirib oldilar: paysalga solmasdan munosabatlarni yaxshilash choralari koʻrila boshlandi.
Nazarimizda, ikki rahbarning bir-birlarini bu qadar tez anglashining tub ildizlari bor. Mana qarang: ikkala rahbar ham avval oʻz mamlakatlarida hukumatni, keyinchalik davlatni boshqarganlar. Erdogʻan 2003-2015-yillari, yaʼni 12 yil Bosh vazir lavozimida xizmat qilgan boʻlsa, Mirziyoyev 2003-yildan eʼtiboran, yaʼni 13 yil Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilgan.
Men ikkala Prezidentni pragmatik, uzoqni koʻra biluvchi rahbar, deb bilaman. Mamlakatlarimiz yetakchilari boshchiligida barcha sohalarda tenglik asosidagi hamkorlik tufayli, rostini aytsam, bugungi Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarini boshqa koʻpgina mamlakatlarga oʻrnak qilib koʻrsatsak arziydi. Qisqa muddatda bordi-keldilar shu darajada koʻpaydiki, biz jurnalistlar ularning sonini sanashda, kuzatishda chalgʻib ham ketdik. Misol uchun, gazetamizning deyarli har sonida Oʻzbekistonga oid xabar, maqola chop etiladi: kecha Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Anqarada muzokaralar oʻtkazdi, bugun Turkiyaning nufuzli hayʼati Toshkentga uchib ketmoqda, ertaga “Lazgi” ansambli Istanbul, keyingi kun Bursada konsertlar beradi... Ilohim koʻz tegmasin!
Men soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning nafaqat Turkiyada, balki jahonda ham obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotganini koʻrib ichimda suyunaman. Qarang, davlat rahbarining yiliga chet elga 4-5-martalab safarga chiqishi, bundanda koʻplab xorij davlatlari yetakchilarining Toshkentda kutib olinishi, bular oddiy kundalik tashvishga aylandi.
Pandemiya vaziyatida xalqaro ishlar videokonferensaloqa shaklida davom etdi. “Katta yettilik”, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) va boshqa xalqaro anjumanlar ham shu shaklda oʻtkazildi.
Aniq eslayman, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2020-yildagi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tarixda ilk bor oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Shavkat Mirziyoyev 75-sessiyada bir qator muhim takliflarni koʻtarib chiqdi.
“Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish”, “Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish”, “BMT shafeʼligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish”, “BMTning Global antiterror strategiyasi doirasidagi Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish”, “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT BAning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish”, “Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT BA navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish” takliflari... Bular hali hammasi emas.
Darvoqe, qashshoqlik va kambagʻallik mavzulari aytilgani bir sari, ularni amalga oshirish yana bir gap. Eshitganim bor: Oʻzbekistonda “temir daftar”, yaʼni ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻir aholi vakillariga yordam koʻrsatish hokimiyatlar tomonidan jiddiy nazoratga olingan. Maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyodagi oilalarning taxminan yarmi kambagʻallikda kun kechiradi, Oʻzbekiston tajribasi jahondagi kambagʻallikdan qutilolmayotgan davlatlar uchun ham tayyor dasturdir.
Prezident Sh.Mirziyoyev SHHT yigʻilishlaridagi nutqlarida har doim oʻta muhim mavzularda qarashlarini bayon etib keladi. 2019-yilda Bishkekdagi oʻz nutqida dunyodagi geosiyosiy vaziyatga baho berar ekan, zamonaviy xalqaro munosabatlar tub oʻzgarishlar davrini boshdan kechirayotgan hozirgi paytda “Shanxay ruhi” tushunchasi qanchalik ahamiyatli ekaniga barchaning eʼtiborini qaratdi. Aynan ushbu tashkilotga asos solinishi xalqaro munosabatlar tizimiga “Shanxay ruhi”ni olib kirdi.
SHHTning 2020-yildagi yigʻilishida esa SHHT oʻz taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini taʼkidlab, aʼzo davlatlarni yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish anʼanalarini asrash va koʻpaytirishga chaqirdi.
Sh.Mirziyoyevning “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi boʻlgan koʻp tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi — “Shanxay ruhini” mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” degan soʻzlari dunyoviy ahamiyatga egadir.
Yana bir muhim gap shundaki, Oʻzbekiston Prezidenti sammit ishtirokchilarini Afgʻonistondagi tinchlik jarayonlarini va ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Shu munosabat bilan “SHHT-Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda qabul qilish taklif etildi.
Afgʻoniston haqida men ham bir fikr aytgim keldi. Jabrdiyda afgʻon xalqi yana qancha payt azobda yasharkan? Oʻzbekiston oʻzidan orttirib, shu mamlakatga mudom yordam qoʻlini choʻzib kelmoqda. Mozori-Sharifdagi aeroportni taʼmirlab berdi, elektroenergiya yetkazib berishda uzilishlar boʻlmayapti, deb eshitaman. Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston xalqaro temiryoʻl qurilishi bitsa, qancha-qancha xalqlarga ulkan manfaatlar keltiradi.
Biz Sh.Mirziyoyevning uzoqni koʻzlab ish koʻrishini kuzatar ekanmiz, kelajakda Karachi portidan foydalanish Oʻzbekistonga qanday-qanday foydalar keltirajagini sezdik. Ayni chogʻda, Oʻzbekiston zilzila va sel toshqinlaridan jabr koʻrgan afgʻon xalqiga peshma-pesh gumanitar yordamlar yetkazib turgani haqida “Bosfor” gazetamizda qator xabarlar eʼlon qildik.
SHHTning 2021-yilgi yubiley sammitida ham Oʻzbekiston yetakchisining tashabbuslari xalqaro hamjamiyat diqqatiga sazovor boʻlganiga guvoh boʻldim. Prezident umumiy xavf-xatar va tahdidlarga oʻz vaqtida va birgalikda javob qaytarish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, SHHT makonida doʻstlikni mustahkamlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xususan yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash, COVIDdan keyingi reabilitatsiya sohalaridagi hamkorlik, vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatlarni oʻzaro tan olish masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda oʻzaro bozorlarga chiqishni yengillashtirishni nazarda tutadigan mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Maʼlumki, bir yildan beri Oʻzbekiston SHHTga raislik qilib kelmoqda. Oʻtgan davr mobaynida 90 ga yaqin turli-tuman tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkazildi. Samarqandda sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan SHHT sammitiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayotganidan xabarim bor.
Yaxshi bilaman, Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish orqali mintaqalararo qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Toshkent shahrida har yili “Innoprom – Markaziy Osiyo” sanoat forumining oʻtkazilishi buning uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Prezident ana shularni asoslab berdi.
Yana bir oʻta ibratli voqeani aytmasam boʻlmas. MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻzlagan Sh.Mirziyoyev 2021-yilgi Sankt-Peterburg sammitida asosiy eʼtiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif etdi.
MDH makonida toʻlaqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bogʻliqligini mustahkamlash muhim ekanini taʼkidladi.
Oʻta muhim masala bu. Ha, azizlar, global iqlim sharoitida barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirishda saʼy-harakatlarni birlashtirish zarur.
Oziq-ovqat xavfsizligini mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini toʻldirib turishidan foydalangan holda taʼminlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish oʻta dolzarb.
Yangi Oʻzbekiston yetakchisi boshchiligida ana shunday muhim, dolzarb xalqaro tashabbuslarning aksariyati amalga oshirilmoqda, ular rejalar safida qolib ketmayapti. Bu takliflar oʻzbek xalqining manfaatlaridan kelib chiqib jahon afkor ommasiga yetkazilmoqda, qolaversa ular mamlakat imijini yuksaltirishga xizmat qilishi muqarrar.
Turk Davlatlari Tashkiloti (eski nomi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi)ga Oʻzbekiston 1992-yilda aʼzo boʻlib kirib, keyinchalik uning faoliyatida qatnashmay qoʻygandi. Turk dunyosi deganda uni Oʻzbekistonsiz tasavvur qilib boʻlmasdi. Ota-bobolarimiz Turkiyaga bu tuproqlardan borishgan, qavmdosh mamlakatlar orasida nufuzi va jugʻrofiy joylashuvi boʻyicha baobroʻ yirik davlatsiz bu Tashkilot doim kamchilikni sezib turardi.
2019-yilning sentyabr oyida Oʻzbekistonga unga qayta aʼzo boʻlib kirdiyu, Turk dunyosining bagʻri toʻldi. Endi bu Tashkilot boshqa xalqaro ittifoqlar singari obroʻsi yuksak va eʼtiborli boʻldi. Bu Sh.Mirziyoyevning Turk dunyosi hamkorlik ishiga qoʻshgan eng tarixiy voqea boʻlib qoldi.
Maqolani tayyorlash jarayonida Oʻzbekistonning geosiyosiy joylashuvi haqida gapirish lozim ekanini oʻylab qoldim. Markaziy Osiyoning barcha davlatlari va Afgʻoniston bilan chegarasi boʻlgan yagona mamlakatdir. 19 asrlarda ham bu mintaqaga koʻz tikkanlar ozmidi. Avvaliga Turkiston, keyinchalik Oʻzbekiston 130-yillik asoratdan qutilib, yayrab yashayman, deb turganida 1999 va 2005-yil voqealar yuz berdi. Gʻanimlar hali ham tinch oʻtirganlari yoʻq. Qoraqalpoq xalqi boshiga tushgan ogʻir kunlarni koʻrib, eshitib, qaygʻuga tushdim. Ana shunda yana Prezidentning qisqa kunda ikki martalab bu yurtga borishi, xalq bilan uchrashib, ularning koʻnglini ovlagani katta gap. Sh.Mirziyoyev “Men ham qoraqalpoqman”, dedi. Prezidentning bu soʻzi uning Orolboʻyini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, Moʻynoqdagi oʻzgarishlar, kimsasiz, choʻlu biyobonlarda bogʻ-rogʻlar yaratishda isbotini topayotir.
Dunyo tarixida oʻchmas nom qoldirgan Sharl De Goll (Fransiya), Konrad Adenauer (Germaniya), Jorj Vashington (Amerika) va boshqalar hali hanuz hurmat bilan tilga olinadi. Yaqin tariximizda Xitoyning yuksalishini avvalo Mao Sezdun, keyin Den Syaopin bilan bogʻlashadi, Turkiyani Mustafo Kamol Otaturk, Adnan Menderes, Turgʻut Ozal va Erdogʻansiz tasavvur qilish qiyin. Bu shaxslarning nomlarini tilga olganda doimo Oʻzbekiston rahbari koʻz oldimga kelaveradi. Bu, u kishining ham jonajon respublikasini ilgʻor davlatlar qatoriga olib chiqish uchun intilayotgan reformator siyosatchi, boʻlayotganidadir, balki...
OʻzA