English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning ertasi salohiyatli mutaxassislarga bog‘liq
08:00 / 2023-08-31

Mustaqillik eng ulug‘, eng aziz ne’mat. Bugun biz erishgan, erishajak yuksak marralar, ozod va obod Vatanimiz manzaralari, avvalo, istiqlol sharofatidandir. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun" degan ezgu tamoyilni o‘zida mujassam etgan islohotlar dinidan, tilidan, millatidan qat’i nazar O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat, elat vakillarining huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik shodiyonasida ham “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani ilgari surilishi bejiz emas, albatta.  O‘tgan tarixan qisqa vaqt davomida elimizning fidokorona mehnati va qat’iyati bilan milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va an’analarimiz qayta tiklandi, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari o‘zgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Chindan ham bugungi kunda mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealar, xususan, yangilangan Konstitutsiyamizning qabul qilinishi el-yurtimiz Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi.  

Yangi O‘zbekiston qisqa davr ichida ilg‘or davlatlar safiga qo‘shilishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Bu yuksak marraga erishish uchun esa bizga salohiyatli kadrlar, fundamental tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar zarur. Bu boradagi islohotlar mamlakatimizda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq etishda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.  

Farg‘ona politexnika instituti muhandislik sir-asrorlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi. Ammo insoniyat zimmasidagi aksariyat og‘ir yumushlar robotlarga yuklanayotgan, o‘ta mas’uliyatli vazifalarning bir qismi sun’iy intellekt ixtiyoriga ishonib topshirilayotgan bugungi globallashuv davrida an’anaviy ta’lim yondashuvlari bilan peshqadamlikka erishib bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, institut mas’ullari xalqaro talablarga mos raqobatdosh kadrlar tayyorlash uchun ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga kirishgan.  

Buning uchun, avvalo, muassasamizda yuqori malakali pedagoglar jamoasi shakllantirildi. Hozir 600 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar yoshlarga zamonaviy ilm-fan sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Ularning 31 nafari fan doktori va 170 nafari fan nomzodlaridan iborat.  

Fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida mavjud 7 fakultet faoliyati zamon talablariga moslashtirildi. O‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham yangilanmasligi tabiiy. Bu omil institutimizda “ECTS” ga asoslangan kredit-modul tizimini joriy etish uchun asos bo‘ldi. Mazkur yangilik talabalarga o‘qishning ma’lum qismini xorijiy oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish va ular bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini bermoqda.  

Yangidan shakllantirilgan fanlar majmuasi muhandislik bo‘yicha bilimlarni chuqur egallashga yo‘naltirilgan. Ta’lim jarayoni va darsliklarimiz xalqaro standartlarga mos bo‘lib, ular nufuzli ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olingan.  

Asosiysi, bu yerda mashg‘ulotlar faqat nazariya bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Qolaversa, darslarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish ham chegara emas. Biz talabalarning ilmiy tadqiqotlar olib borishini keng rag‘batlantirish yo‘lidan boryapmiz. 332 mingdan ortiq kitob fondiga ega axborot-resurs markazimiz yoshlar ixtiyorida. 110 dan ko‘p xorijiy oliy ta’lim muassasasi va 20 xalqaro tashkilot bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Qolaversa, 3 universitet bilan qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan.  

Ayni chog‘da, AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Portugaliya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning yetakchi professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislarini institutimizdagi ta’lim jarayoniga jalb etdik. Hozir ular talabalarga ilg‘or yondashuvlar asosida saboq bermoqda. O‘z navbatida,

yigit-qizlarning darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ilmiy va sport to‘garaklari, ma’naviy-ma’rifiy klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. Xalqaro tanlovlar va bellashuvlarda ishtirok etuvchi jamoalar ham shakllantirilgan.  

Amalga oshirilayotgan bunday tizimli chora-tadbirlar o‘z amaliy natijasini berayotir. 2021 yilda Farg‘ona politexnika instituti ilk bor “Times Higher Education” xalqaro reyting tashkilotining “THE Impact Ranking” reytingidan o‘rin egalladi. Ya’ni muassasamiz umumiy ko‘rsatkichda 1001+ pog‘onadan joy olib, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari orasida Toshkent davlat agrar universitetidan keyingi 2-30 oraliqda tasniflandi.  

Prezidentimizning topshiriqlari asosida oliy ta’lim muassasalarining har bir mutaxassislik kafedralari huzurida ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etib, ularning o‘ziga daromad topish uchun zarur sharoitlar yaratib berish vazifasining ijrosini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Farg‘ona politexnika institutida ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan jami 17 markaz faoliyat boshladi. Til o‘rgatish, tayyorlov va malaka oshirish markazi, o‘quv-ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish markazi, media-markaz, qurilish materiallari akkreditatsiya markazi, AKT inkubatsiya markazi shular jumlasidan.  

Yana bir e’tiborli jihati, ushbu muassasalar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qo‘llagan holda 14 “spin-off” korxonasi ochildi. Hozir ularga jami 343 nafar talaba jalb qilingan. Bu yigit-qizlar asosan moliyaviy ahvoli og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda iqtidorli yoshlardan iborat. Shuningdek, mazkur korxonalarida 800 nafardan ziyod yigit-qizning amaliyot va stajirovka o‘tashi uchun imkoniyat yaratildi.  

Markazlar bir necha kafedra va “spin-off” korxonalarini qamrab oladi. Ya’ni institutning boshqaruv strukturasida ushbu muassasalar alohida o‘rin egallab, ularda bir vaqtning o‘zida bir nechta kafedralardagi ilmiy-tadqiqot ishlari, malakaviy amaliyot, stajirovkalar olib boriladi. Markazlarga moliyalashtirishning turli manbalari hisobidan sotib olinadigan jihoz va inventarlardan ham ilmiy, ham o‘quv maqsadlari uchun institutning barcha bo‘lim, kafedralari ochiq tartibda foydalanadi.  

Bundan xulosa shuki, ilm-fan amaliyot bilan uyg‘unlashsagina samara beradi. Qolaversa, ilmiy izlanish va tadqiqotlar natijalarini ommalashtirishda ham gap ko‘p. Dunyodagi ilg‘or tajribalardan nafaqat xabardor bo‘lib borish, balki ularni puxta o‘rganish ham muhim ehtiyoj. Buning uchun esa katta platforma kerak. Farg‘ona politexnika instituti ayni shu mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli o‘tamoqda.  

Umuman olganda, mustaqillik ulkan imkoniyatlarni berdi. Oliy ta’limdagi islohotlar ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bayram shukuhi kezayotgan kunlarda Prezidentimizning Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda yoshlarni ilmli, zukko va intiluvchan kasb egalari qilib tayyorlash biz ta’lim sohasi vakillarini fidoiylikka chorlaydi.   

O‘ktam SALOMOV,  

Farg‘ona politexnika instituti rektori,  

texnika fanlari doktori  

O‘zA