English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning bosh qomusiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi
12:35 / 2022-05-28

Andijonda “O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy islohotlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda O‘zLiDeP viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyasi a’zolari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

– Qonunchilik, jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq jarayonlarda keng jamoatchilikning faol ishtiroki fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim mezonlaridan biri hisoblanadi, – deydi O‘zNNTMA Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Adhamjon Uzoqjonov. – Shu ma’noda davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish yuzasidan bildirilayotgan takliflarni muhokama qilish, keng jamoatchilikning fikrini o‘rganishdan iborat.

Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar, jamiyatimizning shiddatli taraqqiyoti Bosh qomusimizni bugungi real voqelikka, kechayotgan demokratik yangilanishlar mantig‘iga moslashtirishni, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratishni muhim vazifaga aylantirmoqda. Shu sababli, mamlakatimizda ushbu muhim konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga kirishilganligi qayd etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi T.Ahmadaliyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishda NNTlarning ishtiroki haqidagi ma’ruzasi tinglandi.

Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov Yangi O‘zbekiston sharoitida asosiy qonunga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarning muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davra suhbatida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilganligi qayd etilib, mazkur komissiya oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, tamoyillar, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni amalga oshirish mexanizmlari atroflicha muhokama etildi.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari U.Zokirova,  O.Otaxonov hamda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

[gallery-7326]

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA