Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari
11:55 / 2025-05-24

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Milliy kino san’ati saroyida “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” nomli badiiy-musiqiy kecha o‘tkazildi.

Ushbu tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 15 maydagi “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yosh avlod manfaatlarini himoya qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.  

Mazkur hujjatning ijrosi yuzasidan bolalarni ma’naviy-axloqiy  jihatdan munosib tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va o‘zlikni anglash hissini shakllantirish yuzasidan tegishli amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.  

Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Uy”, “Robot”, “Tanlov” nomli bolajonlar uchun yangi media mahsulotlar, turkum animatsion roliklar tayyorlanib, telekanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etib kelinmoqda.  

Ayni paytda yozgi ta’til kunlarida bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida bir qator tizimli ishlar qilinmoqda. Bolajonlar uchun zamonaviy oromgohlar tashkil etilmoqda. Ular uchun qulay istirohat bog‘lari va o‘yingohlarda turli bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan o‘sib kelayotgan yosh avlodni munosib tarbiyalash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bolajonlarni mamlakatimiz boy tarixi va madaniyatidan xabardor etish maqsadida yurtimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtiriladi.  

Bolalarning maroqli hordiq olishini ta’minlash maqsadida  ko‘ngilochar badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Mazkur loyihalar doirasida kitoblar ko‘rgazmasi, ertaklar olamiga sayohat, kitob ko‘rgazmalari, rasm chizish tanlovlari o‘tkazildi.

– Bugungi tadbir bolajonlarga juda manzur bo‘ldi, – dedi Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi 36-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Munojot Isamboyeva.  – “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” musiqiy shousiga 25 nafar o‘quvchimni olib keldim. Bu yerda bolajonlar rasm chizishdi, sevimli ertak qahramonlari bilan suratga tushdi, raqsga tushdi. Katta ekranda namoyish etilgan “Uy” nomli animatsion filmi ham bolajonlarga yoqdi. Bolajonlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Ularni o‘ylashga undaydi. Bu kabi tadbirlar bolalarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, qiziqishlarini oshirishga hissa qo‘shadi.

Xayriya tadbirida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 4 mingdan ortiq alohida e’tiborga olingan oila farzandlari qamrab olinadi.

N.Usmonova, O‘zA