Beg‘ubor bolalik. Har bir inson umrining eng bebaho davri. Qisqa ammo yillar davomida sog‘inch bilan yodga olinadigan onlar. Afsuski, dunyoning bir qator mamlakatlarida go‘daklar ochlik, turli kasalliklar va urushlar qurboni bo‘lmoqda. Yaratganga shukur! Yurtimiz tinch, kelajagimiz vorislari doimo e’tiborda.
Bolajonlarga bolaligini baxtli va beg‘ubor o‘tkazishlari uchun sharoit yaratish davlatimizning, jamiyatning asosiy vazifasidir. Samarqand shahrida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Alisher Navoiy ko‘chasi hamda barcha madaniyat va istirohat bog‘larida bolajonlar uchun bayram tadbirlari tashkil etildi. “Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari” shiori ostidagi bayram tadbirlarini yanada samarali o‘tkazish maqsadida viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan “Eng yaxshi kitobxon” viktorinasi, rasmlar tanlovi, sport bellashuvlari hamda konsert dasturlari, xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Istirohat bog‘laridagi attraksionlar 12 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar uchun bepul xizmat ko‘rsatmoqda.
[gallery-12152]
– Bugungi bayram menga juda yoqdi, – deydi Jomboy tumanidagi 23-maktab o‘quvchisi Malika Hamdamova. – Ertak qahramonlari ishtirokidagi konsertda maza qilib o‘ynadim. Sportchilarning chiqishlarini tomosha qildim. Tengdoshlarim yaratgan turli o‘yinchoqlar, ular chizgan suratlarni ko‘rib, ushbu to‘garaklarga qiziqib qoldim. Ta’til davomida, albatta, ushbu to‘garaklarga qatnashib, bo‘sh vaqtimni yaxshi o‘tkazaman.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA