Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu yilgi bayramning “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya asosida tashkil etilayotgani yurt taraqqiyoti va millat kelajagi uchun mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hozirda shahar va tumanlarda, park va xiyobonlarda keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shu kabi tadbirlardan biri poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan “Anhor park”da bo‘lib o‘tdi. Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazi ijodkorlari ishtirokida tashkil etilgan mazkur tadbir “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga barpo etamiz!” shiori ostida o‘tkazildi. Tadbirga 100 nafar otaliqqa olingan yoshlar taklif etildi. Shuningdek, xiyobonga dam olish uchun tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz ham konsert dasturidan bahramand bo‘ldi.
Tadbir davomida Milliy gvardiyaning ko‘rgazmali saf ko‘rinishlari, harbiy orkestr chiqishlari va rang-barang musiqali sahna namoyishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarimizning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, yurtga xizmat qilish ishtiyoqini kuchaytiradi. Eng muhimi, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun mas’ul bo‘lgan har bir yosh o‘zining Vatan oldidagi burchini chuqur anglaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/m504WUyFOj4" title="Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga barpo etamiz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, O‘zA