Bugun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostida “Eng namunali ta’lim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi”, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarining Respublika bosqichi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyundagi “O‘smirlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi tizim belgilab berildi. Unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan harbiy ta’limni takomillashtirish, yoshlarni yurtimiz tarixi va bobolarimiz jasorati ruhida tarbiyalash, merosimizni o‘rganish, ma’naviyat bo‘yicha tanlovlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022 yil 7 yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy ta’lim muassasalariga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 2022 yilning aprel-may oylarida “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, vatanparvarlik ruhini yanada kuchaytirishga qaratilgan “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostida “Eng namunali ta’lim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi”, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarini o‘tkazish belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning Qo‘shma qarori tasdiqlangan. Unga asosan joriy yilning 7-8 iyun kunlari “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostida “Eng namunali ta’lim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi”, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Yurtimizda yoshlarni ma’naviy-ahloqiy va harbiy-vatanparvarlik, ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda halollik, vatanparvarlik, fidokorlik singari shaxsiy xislatlarni, shuningdek, milliy ruh, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan mazkur tanlov ham aynan ushbu maqsadlarni ko‘zda tutadi.
Ko‘rik-tanlovlarning hududiy bosqichlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tuzilgan Ishchi guruh ishtirokida 2022 yilning aprel oyida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent “Temurbeklar maktabi”, Mudofaa vazirligi Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”, Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi”, Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” va Davlat xavfsizlik xizmati Termiz “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylaridan jami 120 nafar o‘qituvchi va 850 nafar o‘quvchi o‘zaro bellashdi.
Mazkur tanlovning respublika bosqichida esa hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgangan 6 ta ta’lim muassasasi, 6 nafardan o‘qituvchi va o‘quvchi qatnashmoqda.
Bu jarayonda hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning harbiy-akademik litseylar va ularning o‘qituvchi va o‘quvchilarida uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning strategik yo‘nalishlari, ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublar ishlab chiqib amaliyotga qo‘llashi, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirgan ishlari e’tiborga olinib, belgilangan shartlar bo‘yicha baholanadi. Jumladan, “Eng namunali o‘qituvchi” tanlovida o‘qituvchilarning mashg‘ulotni tashkil etishi, mashg‘ulot mazmuni, pedagogik madaniyati, o‘qitish metodikasi, faoliyat samaradorligi hamda maktabdan tashqari faoliyatidagi yutuqlari alohida e’tiborga olinmoqda. Shuningdek, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovida “Kitobxonlik”, “Test savollari”, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Shaxsiy fazilatlarini baholash” hamda “Amir Temur obrazini yaratish” singari shartlar ham o‘rin olgan.

Ta’kidlash joiz, mazkur tanlovlar “Temurbeklar maktabi” va Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yuqori malakali pedagoglarni rag‘batlantirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada ko‘tarish, yuksak bilimli, mustaqil fikrlaydigan, o‘zi tanlagan yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha mukammal bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, ta’lim va tarbiya sohasidagi innovatsion texnologiyalarni keng ommalashtirish, sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
O‘zA