English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistondan nega minnatdorman?
16:29 / 2022-07-25

Tanazzul va taraqqiyot, urush va tinchlik, xotirjamlik hamda boshboshdoqlik orasi bir qadam.

Ularning o‘rtasidagi oltin muvozanatni saqlash muntazam ravishdagi strategik islohotlarni talab qiladi.

Aytish o‘rinli, bugun O‘zbekiston atak-chechak qilib rivojlanish bosqichida emas, u o‘z imkoniyatlaridan balandda reja tuzib, ortig‘i bilan bajarilish, tanqidiy tahliliy baholanish davrida. Men shu diyorning istiqlol yillarida tug‘ilgan, unib-o‘sgan, sevgan kasbini va hayotda o‘z o‘rnini topgan farzandiman. Jurnalistman. Bugun men Yangi O‘zbekistonga kasbim taqozo etgan mas’uliyat ila jurnalist sifatida emas, oddiy fuqaro sifatida fikrlarimni bayon qilmoqchiman.

Sarmoya baribir meva beradi 

Oilada 5 farzandmiz. Otam organ xodimi, doimiy yaxshi maosh egasi bo‘lsalar-da farzandlariga halol yedirib-ichirib, qiyinchilik bilan voyaga yetkazdi. Bor mablag‘ini birin-ketin katta hayotga qadam qo‘yayotgan farzandlari uchun tikdi. Onam esa bozorda ertayu kech mehnat qilib kamu ko‘stimizni to‘ldirdi. Akam, opam, men... Doimiy xarajatlar manbai edik. Akam shuncha o‘qib 5 yil deganda, opam esa hafsalasi pirpirab-pirpirab 10 yilda universitet talabasi bo‘ldi. Bilim olish uchun xarajat ko‘p, ammo natija yo‘q davrlar edi. Negaligini bilmasdik. Ulardagi kuchli depressiya meni doimiy qo‘rquvga solardi. O‘zimni o‘qqa-cho‘qqa urib, aka-opamdan ortiqroq bilim olishga intilsam-da oliygohdan yiqildim. Yana kurashdim. Har tugul kelasi urinishda shartnoma asosida o‘qishga kirdim. O‘sha vaqtlarda talaba bo‘lish yirik korrupsion biznes ekanligini keyinchalik bildim.

Ikki singlimni davriga kelib esa charx “teskari” aylandi. Ikkalasi ham bir urinishda davlat granti asosida talaba bo‘ldi. “Mana, bo‘lar ekan-ku” dedi qarindosh-urug‘.  Ammo ularga “oliygohga kirish uchun bilimining emas, hamma biladigan, ammo aytishga hadiksiraydigan kambag‘al va boyning raqobati” ustun bo‘lgan vaqtlar haqida aytish befoyda edi. Singillarim davriga kelib “bilim” talaba bo‘lishning bosh me’zoniga aylandi.

O‘kinaman, atigi 2-3, ana oling,  yetmagan 10 ball uchun umrini tayyorgarliklarga sarflab, sovchisining keti uzilgan, “vaqti”ni o‘z vaqtida boy bergan qizlar, hammasiga qo‘l siltab umri mardikorlikda o‘tayotgan yigitlar balki bugun ilmda katta yangiliklar qilardi, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shardi.

Hammada shunday bo‘lmagan, lekin ko‘pchilikda talaba bo‘lib olish katta iztiroblar, ruhiy qiyinchiliklar evaziga edi.  Bugun oliygohda jiddi jahd bilan o‘qishni istagan borki, o‘z orzusiga yetadi.

Men qisqa davr ichidagi yangilanish – oliy ta’lim muassasiga kirishdagi, ta’lim jarayonidagi adolatli islohotlar uchun Yangi O‘zbekistondan minnatdorman.  
Talabalik g‘alabasi yoki g‘alvasi
Talaba bo‘ldim. Kursdosh yigitlar kuzning dastlabki ikki yoki uch oyida grant yoki shartnoma asosida o‘qishidan qat’iy nazar majburiy mehnatga jalb qilinar, ishtiyoq bilan o‘qishga kirgan yigitning to‘rt yillik davridan nari-beri bir yili paxta dalalarida o‘tardi. Ustozlarimizning paxta mavsumi tugagunicha tayinli halovati bo‘lmagan paytlarida tarixan va taqdiran yashadik.

Naqd puling bo‘lmasa kiyim ololmaydigan, naqdlash uchun dard tekkan terak yaprog‘iday qaltirab, go‘yoki noqonuniy ish qilayotgandek, bozorning u qatoridan bu qatorigacha “obmen” qilib beradigan joylarni qidirardik. Hozir har qadamda naqd pul qilish imkoniyati bor, boshdan o‘tganlari yosh yigit-qizlarga mataldek tuyular, ammo bu juda yaqin o‘tmishdagi gaplar.

Men yangi O‘zbekistondan uning ziyolilari orasida majburiy mehnat unutilgani, postindustrial jamiyat sari shahdam qadam tashlayotgani uchun minnatdorman!

Qaytariqsiz qarz

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda butun dunyoda 1 milliarddan ortiq nogironlar mavjud. O‘zbekistonda esa aholining 12-15 foizini nogironlik nafaqasini oluvchi qatlam tashkil qiladi. Kimyoviy mahsulotlar hayotimizning bir bo‘lagi bo‘lgan, yangi turdagi kasalliklar avj olgan davrda yashamoqdamiz.  Nuqson bilan tug‘ilayotgan bolalarning foizi yildan-yilga oshib bormoqda. Ularga nafaqadan tashqari beriladigan moddiy yordamlar, joriy yildan amaliyotga tatbiq qilingan nogiron shaxsga qarovchilar uchun ham har oydagi alohida moddiy yordam haqida e’tirof etmaslikning iloji bo‘lmaydi.

Farzandim tuzalib ketgunicha har doim ham yaqinlarim bera olmagan yordamni davlatdan doimiy tarzda, o‘z vaqtida  olib turgan minglab onalar uchun Yangi O‘zbekistondan minnatdorman.

Kasbim taqazo etgan fikrlar

Keling, ana endi butkul boshqa rakursdan ham qarab ko‘raylik.

Bugun rahbarlar xalqning xizmatkorlari ekanligi bot-bot ta’kidlanmoqda. Haq-huquqini tanigan aholi har qanday kasb egasini to‘g‘ri ishlashga o‘rgatmoqda, shubhasiz, bunda so‘z erkinligining o‘rni beqiyos. Demokratik davlatning eng muhim jihati ham so‘z va fikrlash erkinligining huquqiy kafolati hisoblanadi.

Insonning jismoniy va ma’naviy salomatligi uchun javobgar, xato qilishi mumkin bo‘lmagan ikki kasb egasining jamiyatdagi o‘rni yuksaldi, o‘qituvchilardan faqatgina sifatli ta’lim, ilmiy izlanish talab etilyapti,  shifokorning bilimlisi esa xorijga ketib qolmayapti.

Yangi O‘zbekiston kamchiliklardan xoli emas, yechimini kutayotgan masalalar, muammosi tomirlab ketgan sohalar yetarli, ammo izlanishlar, o‘rganishlar davom etyapti, bugun rahbarlar orasida boshini qumga tiqib olib, aholi murojaatlariga qulog‘ini yopib olgan tuyaqushlar kam, “ofisnыy” kasb egalari ham tashqi olamda qanday hayot qaynayotganini borib ko‘rmoqda, o‘rganmoqda.  

Men Yangi O‘zbekistondan inson qadri yuksalayotgani uchun minnatdorman.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tayanch doktorantiman. Ilmiy tadqiqotchi sifatida faoliyatim moddiyatni unutgan holda maroq bilan izlanish, sifatli tadqiqot olib borishdan iborat.

Ilm zahmatini bo‘yniga olgan inson yetishmovchiliklarni ham yelkasiga olsa, qaddi bukilib qoladi, biridan voz kechmasa birida muvaffaqiyat qozona olmaydi.

Men Yangi O‘zbekistonga ilmiy tadqiqotchi, pedagog, ikki farzandning onasi va oddiy fuqaro sifatida minnatdorman.

Iroda NASIMOVA, 

O‘zJOKU tayanch doktoranti, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O‘zA