Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan qurilish ishlari doirasida tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Abdialiyev ishtirok etdi va press-tur ishtirokchilariga massivda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, umumiy maydoni 41 gektar bo‘lgan mazkur massivda zamonaviy me’morlik talablariga javob beradigan 14 ta ko‘p qavatli turar-joy binosi barpo etilmoqda.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 apreldagi farmoni – "2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi hujjat asosida amalga oshirilmoqda.
Qurilish ishlari Sirdaryo viloyatidagi “Betonsanoat qurilish” kompaniyasi muhandis va mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Ayni paytga qadar 2 ta 144 xonadonli ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yana bir nechta turar-joy binosi yaqin kunlarda aholi ixtiyoriga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu, o‘z navbatida aholi uchun qulay yashash sharoiti yaratish, uy-joyga bo‘lgan talabni bosqichma-bosqich qondirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

– Qurilishda foydalanilayotgan barcha xomashyo va materiallar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan, – dedi “Betonsanoat qurilish” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Hilola Obidova. – Xususan, pishgan g‘isht o‘rniga gazobeton bloklardan foydalanyapmiz. Bu material yengil, issiqlikni yaxshi saqlaydi va ekologik jihatdan xavfsiz. Yevropa davlatlarida ham bu texnologiya keng qo‘llaniladi. Uylarda yozda salqin, qishda esa iliq muhit saqlanadi, bu esa aholi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, har bitta ko‘p qavatli uyga quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu bo‘lsa, energiyani tejash imkonini beradi.
Bundan tashqari, massivda infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha ham jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 26,1 km elektr tarmog‘i, 5,1 km avtoyo‘l, 3,5 km ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 1 ta suv inshooti va 5 ta transformator punkti qurilishi olib borilmoqda. Bu ishlar aholini uzluksiz va sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Massivda ta’lim va tarbiya sohalari ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hozirda 180 o‘rinli bolalar bog‘chasi va 990 o‘rinli umumta’lim maktabi qurilishi boshlab yuborilgan. Pudratchi tashkilotlar tanlab olingan, qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda.

Barcha loyihalar joriy yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali nafaqat zamonaviy turar-joylar, balki barcha zarur infratuzilma va ijtimoiy ob’ektlar bilan jihozlangan, har tomonlama obod yashash maskani shakllantiriladi.
Press-tur doirasida jurnalist va blogerlar amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, massivning rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri