Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar markazida inson qadrini yuksaltirish g‘oyasi mujassam
11:56 / 2026-01-06

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimizda qonun ustuvorligi mustahkamlangani alohida qayd etildi. Eng muhimi, islohotlarni har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:  

– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohadagi o‘zgarishlar markazida inson qadrini yuksaltirish g‘oyasi turadi. Ushbu g‘oya davlat siyosatining barcha yo‘nalishlarida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.  

Murojaatnomada ham  islohotlar natijasi har bir inson hayotida namoyon bo‘lishi kerak,  degan tamoyil aniq va ravshan belgilab berilgan bo‘lib, u inson huquqlarini ta’minlashdagi asosiy mezon sifatida barcha islohotlar zanjirini bog‘lab turuvchi g‘oyaviy asosdir.  

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan oltita  yo‘nalishdagi g‘oya va strategik tashabbuslarni inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yagona tizimning o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi ustunlari, deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ombudsman parlament nazorati sub’ekti sifatida Parij tamoyillariga muvofiq insonlarning buzilgan huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rib kelmoqda. Qonunchilik takliflarini tashabbus huquqi tartibida kiritishi orqali qonunchilikni takomillashtirishda, shuningdek, aholi o‘rtasida inson huquqlari sohasida huquqiy xabardorlikni oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. 

“Ombudsman to‘g‘risida”gi qonunning 48-moddasiga muvofiq, Ombudsman va jamoatchilik guruhlari jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib kelmoqda. 2025 yil davomida 953 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Shundan 11 tergov hibsxonasiga 127 marotaba monitoring o‘tkazildi. Mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar olib borildi.  

Xususan, tergov hibsxonalarida sharoitlar xalqaro normalar, xususan, BMTning mahbuslar bilan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalari (Nelson Mandela qoidalari)ga muvofiqlashtirilmoqda.

Ombudsman to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Ombudsman Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega hamda sud majlislarida ishtirok etib, barcha ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bildirishga haqli.  

Ombudsman tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud bilan hamkorlikda Qonunchilik palatasiga qonunchilik taklifini kiritdi.  

Ushbu tashabbus mazkur joylarda saqlanayotgan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, inson huquqlari sohasida umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga milliy amaliyotni moslashtirishga qaratilgan.

Ayni paytda, ushbu yondashuv aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili, shuningdek, Konstitutsiyada mustahkamlangan insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq, zarurat va mutanosiblik tamoyillariga rioya etilgan holda cheklanishi mumkin, degan qoidaning ijtimoiy hayotga izchil tatbiq etilishiga qaratilgan.  

Aytib o‘tish kerakki, Konstitutsiyaviy sud tomonidan yaqinda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan voyaga yetmaganlarning uzluksiz umumiy o‘rta ta’lim olishini ta’minlash, bu borada ularga sud-tergov jarayonlari sababli ta’limdan uzilib qolishi natijasida qoldirilgan dars soatlarini o‘zlashtirish va imtihon orqali qoplash imkonini yaratish lozimligi ilgari surildi.  

Mazkur masala dolzarb va o‘z vaqtida ko‘tarildi. Zotan, inson qadri va bola manfaatlari ustuvorligi tamoyillaridan kelib chiqib, Ombudsman va jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring tashriflari natijasida tavsiyalar kiritilib, ularga asosan ayrim viloyatlarda joylashgan tergov hibsxonalarida saqlanayotgan voyaga yetmagan shaxslar uchun hududdagi umumta’lim maktablaridan o‘qituvchilar biriktirilmoqda. Ular ishtirokida ba’zi fanlar bo‘yicha  o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.  

Biroq ushbu mexanizmlar hozirgi kunda institutsional va huquqiy jihatdan barqaror xarakterga ega emas. Shu sababli,  ushbu masala,  ya’ni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan voyaga yetmaganlarning uzluksiz umumiy o‘rta ta’lim olishini ta’minlash, qoldirilgan dars soatlarini o‘zlashtirish va imtihon orqali qoplash tartiblarini qonun darajasida belgilash nihoyatda zarur.

Bunday yechim, birinchidan, hududlar kesimida yagona amaliyotni shakllantirishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, ta’lim, ichki ishlar va sud-tergov organlari o‘rtasidagi mas’uliyat va vakolatlarni aniq belgilab beradi. Uchinchidan esa, bolaning ta’lim olish huquqi va o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqini ta’minlashni kafolatlaydi.  

Xulosa o‘rnida aytib o‘tish kerakki, Murojaatnomada e’tirof etilganidek, “O‘zbekistonda fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!”.

Buni amalda ro‘yobga chiqarish borasida Ombudsman barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda faoliyat olib borishni davom ettiradi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA