Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor yo‘nalish sifatida izchil amalga oshirilishi natijasida yoshlarning ta’lim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va xalqaro maydonda raqobatbardosh kadr sifatida shakllanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bugungi globallashuv sharoitida huquq, iqtisodiyot va boshqa strategik sohalarda zamonaviy bilimga ega mutaxassislar tayyorlash muhim vazifa hisoblanadi. Shu maqsadda yoshlarga xorijda ta’lim olish, grant va stipendiyalar asosida nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari kengaytirildi.
“Yoshlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkori” tamoyili asosida oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish va yoshlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mexanizmlar izchil joriy etilmoqda. Mazkur siyosat natijasida bugun xalqaro tajribaga ega bo‘layotgan yosh mutaxassislar safi kengayib bormoqda.
Ular turli huquqiy tizimlarni o‘rganib, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda. Xususan, ana shu imkoniyatlar doirasida ayrim yosh huquqshunoslar xorijiy nufuzli universitetlarda tahsil olib, xalqaro huquq va boshqa zamonaviy yo‘nalishlarda bilimlarini oshirmoqda.
Shunday yosh mutaxassislardan biri huquqshunos Damir Axrorovdir.
D.Axrorov Rossiyaning Higher School of Economics universitetida grant asosida tahsil olib, xalqaro huquq hamda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini o‘rgandi. Shuningdek, Polshaning Adam Mickiewicz universitetida Yevropa Ittifoqi huquqi va intellektual mulk yo‘nalishida bilimlarini oshirdi.
Mazkur tajriba yosh mutaxassisning huquqiy tafakkurini kengaytirishga xizmat qildi. 2024–2025 yillarda u AQSHning Penn State Law universitetida magistratura bosqichini tamomlab, tijorat huquqi va intellektual mulk huquqi bo‘yicha xalqaro darajadagi tayyorgarlikdan o‘tdi.
Hozirda Damir Axrorov AQSHda yuridik firmada faoliyat yuritish bilan birga huquqiy hujjatlar tayyorlash va sud amaliyoti bilan bog‘liq jarayonlarda tajriba orttirmoqda.
Shu bilan birga, u mediatsiya sohasida professional tayyorgarlikdan o‘tib, nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini ham o‘rgangan.
Bu holat Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun global ta’lim imkoniyatlari tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Davlat siyosatining muhim jihati shundaki, yoshlar nafaqat ta’lim olish, balki amaliy faoliyat orqali ham tajriba orttirmoqda.
Xalqaro bilim va milliy manfaatlar uyg‘unligi yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirmoqda. Mutaxassislar fikricha, yoshlarga yaratilayotgan bunday imkoniyatlar mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasiga xizmat qiladi.

M.Sayfullayev,
O‘zA