Mamlakatimizda bugun boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham keng ko‘lamli va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz kuni kecha Toshkent davlat tibbiyot universitetida tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda Yangi O‘zbekistonni boshqa sohalar qatorida tibbiyoti ham rivojlangan davlatga aylantirish bo‘yicha bir qancha dolzarb va muhim vazifalarni qo‘ydi.
Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigi, bir guruh tibbiyot xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani hamda “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingani sohaga bo‘lgan e’tiborning yana bir yaqqol dalili bo‘ldi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, eng avvalo, inson manfaatlariga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va “Inson qadrini uchun” tamoyili aynan sog‘liqni saqlash sohasidagi aniq ishlarda o‘z ifodasini topmoqda. Sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun, avvalo, fidokor tibbiyot xodimlarining mehnatini qadrlash, ularning bilim va tajribasini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish, ish haqi va ijtimoiy himoyasini izchil oshirib borish zarur. Shu bois, Prezident qarori nafaqat tibbiyot sohasidagi moddiy rag‘batni, balki tibbiyot xodimlarining ijtimoiy obro‘-e’tibori va mas’uliyatini ham oshiradi. Eng muhimi, ushbu tashabbuslar tibbiyot tizimida inson omilining ustuvorligini yana bir bor namoyon etib, shifokor va hamshiralar kasbiga bo‘lgan ishonch va faxr tuyg‘usini kuchaytiradi. Bemorlar esa sifatli, zamonaviy va insonparvar tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

So‘nggi yillarda tibbiyot sohasiga qariyb 230 trillion so‘m yo‘naltirilgani, joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushirilgani, 1 ming 244 ta muassasa rekonstruksiya qilinib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani natijasida birlamchi tibbiyot tizimi quvvati 60 foizga oshdi. Ilgari faqat poytaxt darajasida amalga oshirilgan yuqori texnologik diagnostika va murakkab operatsiyalar bugun viloyat markazlari va, hatto, tuman shifoxonalarida ham qilinayotgani real voqelikka aylandi. Masalan, birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotining yo‘lga qo‘yilgani soha rivojining yaqqol dalilidir.
Yangi qaror va tashabbuslar tibbiyot xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Qaror asosida tibbiyot xodimlarining oylik ish haqlarini bosqichma-bosqich oshirish, ularning moddiy manfaatdorligini kuchaytirish, fidoyi shifokor va hamshiralar uchun qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini joriy etish belgilandi. Uzoq va chekka hududlarda ishlayotgan tibbiyot mutaxassislari uchun alohida imtiyozlar, qo‘shimcha to‘lovlar va ijtimoiy kafolatlar nazarda tutilayotgani esa tizimning eng og‘ir bo‘g‘inida mehnat qilayotgan kadrlar uchun muhim dalda bo‘ladi.
Bular bilan bir qatorda, malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tibbiy ta’lim sifatini oshirish, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy infratuzilma yaratish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Uchta oliy ta’lim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universitetining tashkil etilishi, Urganch davlat tibbiyot institutining yo‘lga qo‘yilishi, sakkizta tibbiyot OTMining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi sohada yangi avlod malakali kadrlarini tayyorlash uchun mustahkam zamin yaratdi. Bugun faqat Toshkent davlat tibbiyot universitetining o‘zida 29 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgani, simulyatsion laboratoriyalar va sun’iy intellekt asosida ishlovchi o‘quv xonalari tashkil etilgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish ham tibbiyot xodimlarining mehnatini yengillashtiradigan va samaradorligini oshiradigan muhim yo‘nalishga aylandi. DMED yagona elektron axborot tizimi orqali 36 milliondan ziyod fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari yagona bazada jamlanib, tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv joriy etildi. Natijada chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqardi. “Elektron retsept” tizimi ortiqcha dori yozish holatlarini 40 foizga kamaytirib, dori vositalari aylanmasini yanada shaffoflashtirdi. Yaqin kelajakda «Onlayn-shifokor» xizmatining yo‘lga qo‘yilishi esa aholiga masofadan turib sifatli tibbiy maslahat olish imkonini yaratadi.

Bu jarayonlar tibbiyot xodimlari zimmasidagi byurokratik yukni kamaytirib, ularning asosiy e’tiborini bemor bilan ishlash, tashxis va davolash sifatini oshirishga qaratishga xizmat qilmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, zamonaviy tibbiyot muassasalarini barpo etish, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etishning asl maqsadi eng quyi bo‘g‘ingacha sifatli xizmatni yetkazish, har bir tibbiyot xodimining malakasini oshirishdan iborat. Demak, raqamlashtirish bemor uchun qulaylik, shifokor uchun samaradorlik, davlat uchun esa shaffoflik va tejamkorlikni ta’minlaydigan kuchli vositaga aylanmoqda.
Shu bilan birga, Prezident qarori tibbiyot xodimlarining ilmiy-ijodiy salohiyatini rag‘batlantirishga ham xizmat qiladi. Xalqaro ilmiy jurnallarda chop etiladigan maqolalar bilan bog‘liq xarajatlarning davlat tomonidan qoplab berilishi, yetakchi shifokor va olimlarning xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy markazlarda malaka oshirishi uchun imkoniyatlar kengaytirilishi milliy tibbiyot ilm-fanining xalqaro maydondagi nufuzini oshiruvchi muhim omildir. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar mamlakatning sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng qamrovli dasturlar doirasida davom etmoqda.
Prezident qarori asosida kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez tibbiy yordam mashinalarini olib kirish bo‘yicha imtiyoz 3 yilga uzaytirilgani, zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 miilliard dollarlik imtiyozli resurs ajratilishi biz ishlab chiqaruvchilarni nihoyatda quvontirdi. Chunki O‘zbekiston Tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi bu jarayonga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 2017 yilda tashkil etilgan uyushma mamlakatda yuqori sifatli tibbiy texnika ishlab chiqarish va sohada innovatsiyalarni joriy etishda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.
Uyushma o‘z faoliyati davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, soha uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ayniqsa, yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni birlashtirishga katta e’tibor qaratyapti. Hozirgi kunda uyushma tarkibida 25 dan ortiq mahalliy va 6 ta xorijiy qo‘shma kompaniya faoliyat yuritmoqda va ular innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha faol ishlamoqda.

Shuningdek, Uyushma, o‘z navbatida, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ham intilmoqda. Masalan, “XIRANA AZIYA” va «TSMT» kabi qo‘shma korxonalar bilan hamkorlikda o‘zbek tibbiyot texnikasining sifatini oshirish, eksport salohiyatini kuchaytirish va tibbiy xizmatlarni zamonaviylashtirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Bu loyihalar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro bozorda ham katta qiziqish uyg‘otdi va importni kamaytirishga, ichki bozorda mahalliy ishlab chiqarishni oshirishga xizmat qildi.
“XIRANA AZIYA” qo‘shma korxonasi Slovakiyaning « XIRANA» brendi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Tibbiy ventilyatsiya, anesteziya va reanimatologiya sohasida zamonaviy asbob-uskunalar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Bu loyiha orqali mamlakatda yuqori sifatli tibbiy uskunalar ishlab chiqarish bazasi yaratildi va O‘zbekistonning tibbiyot texnikasi bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga katta hissa qo‘shildi. Shu bilan birga, «TSMT» qo‘shma korxonasi O‘zbekiston, AQSH, Rossiya bilan hamkorlikda rentgen va flyuorografik asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, mamlakatimizda tibbiy diagnostika sohasida yangi imkoniyatlarni yaratdi.
Uyushma, shuningdek, xalqaro bozorda o‘z mahsulotlarini tanitish, sifatni oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ko‘plab xalqaro sertifikatlash tizimlarini joriy etdi. Bu tizimlar yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro sifat standarti bo‘yicha tasdiqlanadi va bozorda tan olinadi. Uyushmaning bu boradagi faoliyati, nafaqat mahsulotlarning sifati, balki mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ham oshiradi.
Tibbiyot sohasidagi islohotlarning ushbu yangi bosqichi yurtimizda sog‘lom jamiyatni shakllantirish, xalq farovonligini ta’minlash, tibbiyot tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda raqamli, innovatsion tibbiyot sari dadil qadam tashlash yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Otabek Jiyanboyev,
O‘zbekiston Tibbiyot asbob-uskunalar
ishlab chiqaruvchilar va yetkazib
beruvchilar uyushmasi raisi.
O‘zA