Yangi O‘zbekistonda tibbiy ta’lim butunlay yangi formatda, dunyo tajribasiga tayanadigan zamonaviy dasturlar va innovatsion bilimlar asosida rivojlanmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, inson salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatiga bo‘lgan yondashuvni tubdan yangilash bugungi kunning strategik vazifasiga aylandi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar sohani zamon talablariga mos holda qayta qurishga yo‘naltirilgandir. Davlatimiz rahbari tibbiyot sohasi xodimlari bilan uchrashuvda ana shu jarayonning yangi, mazmun jihatidan muhim bosqichini belgilab berdi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar, soha xodimlariga yuklatilgan vazifalar, jamiyatga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish, tibbiy ta’lim va kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, sifatli xizmat va natijaga erishish borasida berilgan topshiriqlar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan eng muhim tashabbuslar sohaga zamonaviy infratuzilma yaratish, raqamlashtirishni keng joriy qilish, zamonaviy kadr tayyorlash va joylarda tibbiyot xizmatini kengaytirishdan iboratdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar va berilgan topshiriqlar har bir tibbiyot xodimi, har bir ustoz va har bir talaba uchun mas’uliyat va ishonch ramzidir. Uchrashuvda zamonaviy tibbiy bilimlarni chuqur o‘zlashtirish, profilaktikaga keng e’tibor berish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, tibbiy xizmatni raqamlashtirish va inson salomatligini muhofaza qilishda profilaktik choralarni kuchaytirish kabi yo‘nalishlar aniq belgilab berildi.
Bugun bizning ta’lim va ilmiy muassasamiz oldida ham muhim vazifalar turibdi. Biz yosh kadrlarni ilmiy asoslangan bilim, amaliy ko‘nikmalar va axborot texnologiyalari bilan qurollantirish, tibbiy amaliyotda zamonaviy innovatsiyalarni tatbiq etish, xalq salomatligi yo‘lida mas’uliyatli, fidoyi mutaxassislar tayyorlashni ustuvor maqsad deb bilamiz.
Bu tashabbuslar nega zarur? Chunki har bir inson salomatligi davlatning eng katta boyligi, millat taraqqiyotining poydevoridir. Sog‘lom jamiyat – barqaror taraqqiyotning, kuchli iqtisodiyotning va ravshan kelajakning asosidir. Shuning uchun ham Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish orqali biz nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham tibbiyot sohasi nufuzini yuksaltirishimiz mumkin.
Agar bu vazifalar samarali amalga oshirilsa, tibbiy xizmat sifati yangi bosqichga ko‘tariladi, kasalliklarning oldini olish tizimi mustahkamlanadi, aholi salomatligiga bo‘lgan ishonch yanada ortadi. Eng muhimi, inson salomatligi davlat va jamiyatning asosiy qadriyati sifatida amalda ta’minlanadi.
Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar soha xodimlari uchun ham ilhom manbai, ham amaliy dasturdir. Biz, tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan barcha ustozlar va yoshlar, bu ezgu maqsadlarni amalga oshirish orqali xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shamiz. Raqamlashtirish, dual ta’lim, sun’iy intellektni faol qo‘llab, profilaktik tibbiyotga e’tibor berish, sifatli ta’lim kabi asosiy yo‘nalishlarimizni belgilab oldik.
Shubhasiz, Yangi O‘zbekiston tibbiyotining kelajagi zamonaviy fikrlaydigan, ilmli, insonparvar va xalq salomatligiga sadoqatli avlod qo‘lida. Biz ana shunday avlodni tarbiyalashga bel bog‘laganmiz.
Mohigul Qosimova, O‘zA