Munosabat
So‘nggi yillarda jahonda geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgarib, davlatlar suvereniteti, iqtisodiy xavfsizligi va tashqi siyosiy barqarorligiga nisbatan tahdidlar ortib borayotgani hech kimga sir emas.
Ana shunday murakkab sharoitda Prezident raisligida o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi mamlakat tashqi siyosatida mutlaqo yangi bosqich boshlanayotganini yaqqol namoyon etdi.

Xususan, yig‘ilishda davlatimiz rahbari nafaqat erishilgan yutuqlarni xolisona tahlil qildi, balki tashqi siyosatni endilikda qanday tamoyillar, mezonlar va aniq natijalar asosida yuritish zarurligini ham ochiq-oydin belgilab berdi.
Jumladan, Prezident tomonidan qat’iy ta’kidlangan eng muhim g‘oyalardan biri bu – diplomatik faoliyatni baholashning yagona mezoni natija ekanidir. Bu mutlaqo yangi yondashuv bo‘lib, “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, amaliy, iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltiradigan tashqi siyosatni shakllantirishga qaratilgan.
Sababi, bugun elchi faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas, balki investitsiya va texnologiya olib keladigan, eksport bozorlarini ochadigan, turistlar oqimini ko‘paytiruvchi, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun shart-sharoit yaratuvchi va eng muhimi, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi davlat vakilidir. Bu talablarning qonunchilik va institutsional asoslari mustahkamlanishi parlament oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
Yig‘ilishda keltirilgan raqamlarni esa iqtisodiy diplomatiya samaradorligiga yaqqol misol deyish mumkin. Xususan, 2025 yilda tashqi savdo aylanmasining 80 milliard dollardan oshgani, eksport hajmining 33,5 milliard dollarga yetgani, xorijiy investitsiyalarning esa 43 milliard dollardan ortiq bo‘lgani bu ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatning aniq natijasidir.
Qonunchilik palatasi uchun bu yerda asosiy masala – investitsiyalarni himoya qilish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, logistika va savdo yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan qonunlarni yanada takomillashtirishdan iborat. Chunki iqtisodiy xavfsizlik davlat xavfsizligining asosiy poydevori ekani Prezident tomonidan alohida ta’kidlandi.
Qolaversa, endilikda elchilar uchun eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy mehnat migratsiyasi va investitsiya jalb qilish KPI sifatida belgilanishi tashqi siyosat tizimida mas’uliyat va shaffoflikni yanada oshiradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, davlatimiz rahbari yig‘ilishda mehnat migratsiyasi masalasiga alohida to‘xtalib, elchilarning bu boradagi faoliyati ayrim davlatlarda qoniqarsiz ekanini ochiq aytdi. Holbuki, yuqori daromadli, qonuniy ish o‘rinlari yaratish aholi farovonligini oshirishning eng samarali yo‘llaridan biri sanaladi.
Shuningdek, 2030 yilgacha turistlar sonini 20 millionga yetkazish uchun elchixonalar faoliyatini tubdan yangilash talab etiladi. Shu bois, turizm va madaniyat bo‘yicha maslahatchi lavozimlarining joriy etilishi to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilingan qaror bo‘ldi. Qonunchilik palatasi ushbu sohada xususiy sektor, hududlar va diplomatik vakolatxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni parlamentlararo muloqot orqali qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratishi lozim.
Prezidentning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilash tashabbusi esa jahondagi keskin o‘zgarishlarga nisbatan munosib javob bo‘ldi. Yangi konsepsiyada iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalarida milliy manfaatlarni yaxlit tizimda aks ettirishiga alohida e’tibor qaratiladi. Parlament a’zolari ushbu konsepsiyani muhokama qilish, uning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish orqali tashqi siyosatning haqiqatan ham xalq manfaatlariga xizmat qilishiga hissa qo‘shishi lozim.
Umuman olganda, Qonunchilik palatasi deputati sifatida biz tashqi siyosatni qonunchilik, parlament nazorati va jamoatchilik manfaatlari bilan uyg‘un holda qo‘llab-quvvatlashga, elchilar va vazirliklar faoliyatining samaradorligini ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Chunki kuchli tashqi siyosat – kuchli iqtisodiyot, barqaror jamiyat va munosib hayot garovidir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA