Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda sud tizimining innovatsion rivojlanishi: “Raqamli sud” konsepsiyasi amaliyotda
14:08 / 2025-11-07

Bugungi raqamli dunyoda ro‘y berayotgan chuqur integratsiya va transformatsiyalashuv jarayonlari sud organlari faoliyatiga ham zamonaviy texnologiyalarni joriy etish zaruriyatini vujudga keltirmoqda.

Mana shu hayotiy zaruriyatdan kelib chiqib, Yangi O‘zbekiston sud tizimi faoliyatiga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish bu boradagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi, deyish mumkin.

Xususan, so‘nggi to‘qqiz yilda sudlarning ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlash, odil sudlov ishlarini yurgizish sifati hamda samaradorligi darajasini oshirish, sud xodimlari tomonidan sansolarlik, byurokratizm va turli suiiste’molchiliklarga barham berishga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Natijada, barcha instansiya sudlarida ishlarning o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqilishini nazorat qilishning samarali tizimi yaratildi, sudlov ishlarini yurgizish jarayonidagi avtomatlashtirish va biz sudyalarning faoliyatimiz to‘g‘risidagi axborotlarni tizimlashtirish kengaytirildi.

Ayniqsa, 2025 yil 21 avgustda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-140-sonli farmoni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish jarayonida sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish orqali “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish borasida quyidagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

Birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish.

Ikkinchidan, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish. 

Uchinchidan, Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish. 

To‘rtinchidan, iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish. 

Beshinchidan, “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.

Shubhasiz, farmonda belgilangan vazifalarning ijrosi sudlar faoliyatiga zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va uni raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, pirovard natijada, sud organlarida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish orqali inson manfaatlari ta’minlanishiga amaliy xizmat qiladi.

Baxtiyor Qilichev,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tuman sudining tergov sudyasi.

O‘zA