Yangi O‘zbekiston, bu — zamonaviy dunyoga butunlay yangicha qadamlar qo‘yayotgan, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillarga mutanosib tarzda erkin jamiyat qurayotgan, yuksak marralarni ko‘zlayotgan davlat.
Hademay, yurtimizda juda muhim siyosiy jarayon — prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Mazkur siyosiy tadbir ham yangilangan saylov qonunchiligi asosida o‘tkaziladi.
Zero, milliy saylov qonunchiligi xalqaro umume’tirof etilgan tamoyillar, xalqimizning fikrlari, takliflari asosida takomillashtirildi hamda mamlakatdagi demokratik islohotlar bilan uyg‘unlashtirildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning XXII bobida saylov tizimiga oid asosiy qoidalar mustahkamlandi.
Xususan, Bosh qomusimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Bundan ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan muddatidan ilgari saylov o‘tkazish hollari mustasno.
Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Konstitutsiyaning takomillashtirilishi asosida saylov jarayonlari bilan bog‘liq bunday normalar mustahkamlanishi saylovning qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida o‘tishida muhim o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda Saylov kodeksiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos xususiyatlariga to‘xtalib o‘tsak.
Prezidentlikka nomzod o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin.
Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, saylovga oid yangilangan qonunchilik fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini hamda davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta’minlashga xizmat qiladi.
Zarina ISROILOVA,
JIDU “Xalqaro huquq va davlat huquqi fanlari”kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
O‘zA