BMT tomonidan 2025-2029-yillar Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish davri sifatida e’lon qilingan.
O‘zbekistonda Jahon ta’lim dasturi doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bu borada alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tarkibi tasdiqlandi.
Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida bir qator vazirlik, idora va tashkilotlar uchun vazifalar belgilandi.
Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi inson huquqlari sohasida ta’lim bilan bog‘liq muammoli yo‘nalishlarga qaratilgan maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalar tanlovi o‘tkazadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagog kadrlar uchun “Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha huquqiy bilimlar” mavzusida tematik malaka oshirish kurslarini tashkil etadi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz “Bolalar va yoshlar uchun inson huquqlari ta’limi: gender tenglik, iqlim o‘zgarishi va raqamli inklyuziya” milliy innovatsion tashabbuslar tanlovini o‘tkazadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda malaka oshirishni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun: 2020-2024-yillarda butun dunyoda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirildi. Xususan, dunyo tajribasidan andoza olgan holda, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangan.
Milliy ta’lim dasturida belgilangan axborot berish, ma’rifat va o‘qitish tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish hamda takomillashtirish, kadrlar tayyorlash tizimini milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari asosida yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari va asosiy vazifalari ijrosi ta’minlandi.
O‘zbekiston tomonidan 2025-yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi bajarilishi yuzasidan milliy hisobot taqdim etildi.
N.Abduraimova, O‘zA