French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda har bir yurtdoshimizning turmush farovonligi ta’minlanadi
12:44 / 2020-12-19

Istiqlol – ulug‘ ne’mat. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, xalqimizning ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayoti hamda ongu-tafakkuri va dunyoqarashidagi ulkan ijobiy o‘zgarishlar, eng avvalo, mustaqillik bergan imkoniyat va erkinlik samarasidir.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar ona Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, ularning davlatdan rozi bo‘lib yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarga yangicha mazmun baxsh etdi. Buning natijasida yurtdoshlarimiz turmush tarzi, hayoti sifati butunlay o‘zgarib, ona Vatanimiz yangicha qiyofa kasb etib borayotir.

Ma’lumki, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganiga 30 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan joriy yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur hujjat bilan Istiqlolimizning shonli sanasini yuksak saviyada o‘tkazish, ushbu ulug‘ bayramni munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda yurtimiz mustaqilligining ulkan siyosiy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini inobatga olib, mazkur ayyomni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, shuningdek, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan zarur vazifalar belgilandi.

Ya’ni, qarorda “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha erishilayotgan natijalar alohida qayd etilgan.

Albatta, bu bejiz emas. Boisi so‘nggi yillarda yurtimizda aholi murojaatlari bilan ishlash, davlat organlari bilan xalq o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jamiyat ijtimoiy hayotidagi dolzarb muammolarni aniqlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqilishini ta’minlashda o‘ziga xos samarali mexanizm yaratildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etilishi “Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak” degan ezgu tamoyilni hayotimizga to‘la tatbiq etish, ko‘p sohalar, xususan, mahalla tizimida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishiga turtki bo‘ldi.

Xususan, Davlatimiz Rahbarining 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi ishlarga yangicha mazmun baxsh etib, mahallani odamlarga yanada yaqinlashtirdi.

Qolaversa, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan aholi murojaatlarining ko‘rib chiqilishini ta’minlashda o‘ziga xos samarali va zamonaviy mexanizmlarni joriy etish maqsadida shu yilning oktyabr oyida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 1146 Ishonch telefoni ishga tushirilgani tizim faoliyatini yanada takomillashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar va oila masalalariga oid muammolarni tezkorlik bilan aniqlash hamda ularga zarur yechim topishda amaliy ahamiyati yuqori bo‘lmoqda.

Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning mazkur qarorida “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalarini tubdan rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ham bir qator vazifalar belgilangan.

Ma’lumki, yurtimiz qishloq va mahallalarini yanada obod maskanga aylantirish, u yerda yashayotgan aholining yashash tarzini yaxshilash, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida hayotga tatbiq etilgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlariga Prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asos bo‘ldi. Jizzax viloyati Manas qishlog‘idan boshlangan bu ezgu va xayrli ishlar bugungi kunga kelib, butun yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozdi. Jumladan, kuni kecha Chinoz tumani Eshonobod qishlog‘idagi bunyodkorlik ishlari, u yerda istiqomat qilayotgan ko‘p millatli aholining yashash tarzini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarni aytib o‘tish o‘rinli.

Qolaversa, qarorda jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun ko‘mak va yordam berish, tadbirkor ayollarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

Bu bejiz emas. Boisi, keyingi yillarda mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, hayotda og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tizimli ravishda hal etish orqali ular bandligini ta’minlash davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida shu yil 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi ish tizimini joriy etish, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish, bu orqali yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash vazifa etib belgilangan edi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunga qadar joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida 28 ta tuman va shaharda xotin-qizlarning muammolari o‘rganilib, shu asosda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” joriy etildi va ishlab chiqilgan tizim asosida hokimliklar bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi. bugungi kunda qolgan tuman va shaharlarda ham bu ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, joriy yil 12-13 dekabr kunlari Muhtaram Prezidentimiz Xorazm viloyatiga qilgan tashriflari davomida ham xotin-qizlar masalasiga alohida to‘xtalib, yurtimizdagi qaysi oilaga kirilmasin, ayollarni qiynayotgan muammo albatta ijobiy hal qilinishi zarur ekani, shu bois mamlakatimizda “Ayollar daftari” joriy etilgani ta’kidlab o‘tdilar.

Bundan tashqari, Muhtaram Prezidentimizning mazkur qarorida yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borish, jumladan, yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni munosib ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorlash, yosh tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash alohida qayd etilgan.

Shu bilan birga, aholini turar joy bilan ta’minlash, xususan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish, keksa avlod vakillarini, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yordam va ko‘makka muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlar ham o‘rin olgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Muhtaram Prezidentimizning mazkur qarori istiqlolimizning o‘ttiz yillik sanasiga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rish, ushbu ulug‘ ayyomni munosib nishonlash, mustaqillikning xalqimiz hayotidagi mohiyati, o‘rni va ahamiyatini yuksaltirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Rahmat MAMATOV,

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri,

Oliy Majlis Senati a’zosi