Joriy yilning 10 iyun kuni mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligiga start berildi.
Mazkur haftalik doirasida «Yangi O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklar tengligini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash borasida sezilarli ishlar olib borilmoqda.

Yaqinda tasdiqlangan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi bu borada boshlangan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.
– Bugun O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida ochiq demokratik siyosatni amalga oshirmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva. – Milliy qonunchiligimizni takomillashtirish bilan birga xalqaro huquq me’yorlari, ko‘pgina konvensiyalar, shartnomalarni jumladan, BMTning qator hujjatlarini ratifikatsiya qilib kelmoqdamiz. Va bu shartnomalar shartlariga ko‘ra, davlatimiz oldida turgan majburiyatlarni sobitqadamlik bilan bajarib kelyapmiz. Har bir qabul qilingan xalqaro hujjatlar ijrosini nazorat qilib boryapmiz.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi.
Yurtimiz tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Ya’ni parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga oshib, dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.
– Keyingi yillarda yurtimizda iqtisodiy faol ayollar soni 13 yarim foizga oshib, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan ayollar soni kamaydi, – deydi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov. – Mehnat sohasi mutaxassisi sifatida ayollarimizni har sohada tashabbuskor, intiluvchan, g‘ayratli va nihoyatda mas’uliyatli xodimlar deb bilaman. Har biri o‘zining vazifasini yurakdan bajaradi. Shuning uchun ham qaysi tashkilotda xotin-qizlarimiz ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda intizom bor, ish unumdorligi esa yuqori.

Shuningdek, tadbir davomida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari, «Ayollar daftari» tizimi borasida olib borilayotgan ishlar xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi. Ijobiy natijalar bilan birga ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Nigora Rahmonova,
Yoqub Meliboyev (surat), O‘zA