Quvasoy shahar “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi madaniyat uyida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatidagi ishonchli vakili Mavluda Xo‘jayevaning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab nomzodning tarjimai holi, faoliyati haqida ma’lumot berildi. Saylovoldi dasturi, unda ilgari surilgan 5 muhim tashabbus haqida so‘z yuritilib, saylovchilarga mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Beshta ustuvor maqsaddan iborat saylovoldi dasturi xalq farovonligini ta’minlash, odamlarni hayotidan rozi qilish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilganligi, qonun ustuvorligi, sud mustaqilligini oshirish va adolatni ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgilanganligi alohida qayd etildi.
Xususan, Yangi O‘zbekistonda fuqaro va biznesning himoyachisi faqat qonun va sud bo‘lishi, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish saylovoldi dasturidan o‘rin olgan.
Shuningdek, tergovda shaxs huquqini cheklashga sanksiya berish masalasi alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Odamlarni “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyoti kamaytiriladi, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu masalada ayblanuvchi yoki himoyachi tomonidan sudlarga ehtiyot chorasini o‘zgartirish yuzasidan murojaat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi. Qamoqdagi shaxslardan olingan “aybni bo‘yniga olish” haqidagi ariza dalil sifatida qabul qilinmasligi ta’minlanadi.
Uchrashuvda saylovoldi dasturidagi barcha asosiy vazifalarga alohida-alohida to‘xtalib o‘tildi. Saylovchilar, Quvasoy shahar faollari nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha o‘z fikrini bildirib, bir ovozdan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.
M.Sulaymonov,
O‘zA