Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!
09:30 / 2021-06-18

Shu kunlarda xalqimiz qutlug‘ sana – Vatanimiz Mustaqilligining 30 yillik bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘zini shu yurt, shu xalq kelajagiga daxldor bilgan har bir yurtdoshimiz «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasi ostida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarda shunchaki kuzatuvchi emas, balki tashabbuskor g‘oyalari bilan faol ishtirok etishga harakat qilmoqda.

Istiqlol bergan eng katta ne’mat, shubhasiz, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlikning qaror topganidir. Buning natijasida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli samarali islohotlar, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlari, xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoya siyosatimizning bosh tamoyiliga aylandi. Xalqimizning muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, o‘tgan yilning 17 dekabrida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Qaror ijrosi doirasida hududlarda «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» g‘oyasi ostida ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xalq vakillari – deputatlar ham bunday tadbirlarda faol ishtirok etib, saylovchilari bilan uchrashuvlarda istiqlol bergan ne’matlar qadri, «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun» va «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan muhim o‘zgarishlar targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratmoqdalar.

Albatta, 30 yil tarix uchun juda qisqa vaqt. Ammo O‘zbekiston shu qisqa vaqt ichida asrga tatigulik o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkinligini isbotladi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Vatan tarixi sahifalariga zarhal harflar bilan yozishga arzigulik muhim islohotlar qilinmoqda. O‘zbekiston o‘z eshiklarini Yangi O‘zbekiston nomi bilan dunyoga yanada kengroq ochdi. Ayniqsa, xalqimizning o‘lmas qadriyati hisoblangan qo‘shnichilik munosabatlarimiz yangicha ruh, yangi talab va takliflar asosida kun sayin rivoj topmoqda. Eng muhimi, yurtimizning bu borada qo‘ygan har bir qadami nafaqat mintaqamiz, balki dunyo tinchligiga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mintaqa iqtisodiyoti rivojiga ham ijobiy ta’mir ko‘rsatganini qayd etish joiz. Markaziy Osiyo davlatlari savdo aylanmasida misli ko‘rilmagan o‘sish kuzatilmoqda. 2019 yilda mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 5,2 mlrd. dollarga yetdi. 2016 yilgacha yurtimizning mintaqa davlatlari bilan yillik tovar aylanmasi o‘rtacha 100−150 mln. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 50 foizdan ko‘proqqa o‘sdi. Jumladan, o‘zaro tovar aylanmamiz Qirg‘iziston bilan 8, Tojikiston va Turkmaniston bilan 5, Qozog‘iston bilan esa 1 milliard dollarga o‘sgan.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida o‘tkazilayotgan ham siyosiy, ham iqtisodiy xalqaro anjumanlar O‘zbekiston ishtirokisiz o‘tmayapti. Pandemiya sabab masofadan ishtirok etayotgan mamlakatimiz rahbari nufuzli tadbirlarda shunchaki qatnashayotgani yo‘q. Balki so‘zga chiqib, mintaqa va dunyo ahamiyatiga molik eng dolzarb muammolarni ko‘tarib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflarini ilgari surmoqda. Ayniqsa, qo‘shni Afg‘oniston tinchligi bo‘yicha ilgari surayotgan takliflari e’tiborga molik.

Prezidentimizning taklifi bilan Afg‘oniston masalasida 2017 yil noyabr oyida Samarqandda BMT rahbarligida xalqaro anjuman tashkil qilindi. Shuningdek, Afg‘oniston Prezidentining O‘zbekistonga so‘nggi 16 yil ichidagi birinchi tashrifi amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining Toshkentda xavfsizlik sohasida tinch jarayon, hamkorlik va mintaqaviy o‘zaro harakat masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi ham iliq qarshi olingan bo‘lsa, BMTning 75-sessiyasida ilgari surilgan mamlakat iqtisodiyotini tiklash maqsadida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus qo‘mita tashkil qilish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

BMT Bosh Assambleyasining joriy yil 18 may kuni o‘tkazilgan navbatdagi yalpi majlisida esa «Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» deb e’lon qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Ma’lumki, ushbu tashabbus 2020 yil sentyabrida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan edi.

Mustaqilligimizning o‘tgan 30 yilida, yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, so‘nggi besh yilida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami, erishilgan yutuqlar, natijalar haqida uzoq gapirish mumkin. Eng muhim xalqimiz bu o‘zgarishlardan rozi bo‘lib, o‘tayotgan har bir kuniga shukrona keltirmoqda. Yaratgandan Vatanimizning tinchlik va barqarorligi bardavom bo‘lishini so‘rab, duo qilmoqda.

 G‘ayrat SAFAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi