Vatan – men, Vatan – sen, Vatan – biz, Vatan – bu hammamiz. Kindik qonimiz to‘kilgan bu zaminning har bir qarich yeri, har hovuch tuprog‘i qadrli bizga. Bugun har bir yurtdoshimiz uning ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilyapti. Ular bugunimizning kechagidan, ertangi kunimizning bugunimizdan-da porloq va turmushimizning yanada farovon bo‘lishi uchun harakat qilmoqda.
31 yil. Tarixan juda qisqa bo‘lgan bu davrda shijoatkor xalqimiz “inson o‘z mehnati bilan dunyo ahliga “cho‘lda ham giyoh undira olishi mumkin ekanligini” yana bir bor isbotlab bera oldi.
Vatanimiz mustaqillikka erishgandan keyin o‘tgan har bir kunimiz xalqimizning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyatining yana bir amaliy namoyoni, erkin, ozod va farovon hayotimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli sifatida yangi tariximiz solnomasiga tom ma’noda yorqin sahifa bo‘lib kirmoqda.
Shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligini munosib kutib olish va tantanali ravishda nishonlash uchun har tomonlama qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan shu yil 2 avgustda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, mazkur qutlug‘ sanaga bag‘ishlab o‘tkazilajak barcha tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!”, degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishi belgilandi.
Bugun Yangi O‘zbekiston jadal taraqqiy etmoqda.
Bugun shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, “Inson qadri uchun” tamoyiliga amal qilingan holda aholiga yanada qulaylik yaratish, turmush sharoitini yaxshilash maqsadida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida eng chekka qishloqlarda ham bunyod etilgan va etilayotgan zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish korxonalari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim muassasalari, sport inshootlari, mahalla guzarlari kishiga zavq, shavq ulashadi.
– “Mustaqillik” mahallasi 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla faoli Komil Turdiyev. – Shu yillar mobaynida mahallaning o‘z binosi yo‘q edi. Shu paytgacha ijara asosida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Joriy yilda mahalla fuqarolar yig‘inlari binosi davlat-xususiy sherikchilik asosida bunyod etilgan. Barcha qulayliklarga ega zamonaviy binoning qurilib foydalanishga topshirilishi nafaqat mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari uchun, balki mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolarimizga bo‘lgan e’tiborning bir ko‘rinishi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bizga yaratib berilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda butun kuch-g‘ayratimizni yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, mahalla tinchligi, osoyishtaligini ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan ezgu ishlarga sarflaymiz.
bugungi kunda yurtimizni yanada obod qilish, zamonaviy uy-joylar, jumladan, barcha hududlarimizda "Yangi O‘zbekiston massivlari"ni qurish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
– Karmana tumanida “Obod qishloq” dasturi doirasida jami 26 milliard 578 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini o‘tkazish, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish, tibbiyot muassasasini rekonstruksiya qilish, mahalla guzari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti binolarini qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, – deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Jamshid Musayev. – Shuningdek, “Do‘stlik” mahallasida “Yangi O‘zbekiston massivi”, ya’ni ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi ishlari boshlab yuborilgan. Yil yakuniga qadar tumanimizda 400 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Bu ham mustaqilligimiz yaratib berayotgan imkoniyatlardan biridir.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida e’lon qilingan “2022 yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun barcha manbalar hisobidan qariyb 55 trillion so‘m va 11,7 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu ham mamlakatimizda xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish uchun qo‘yilayotgan qadamlardan biridir.
Azaldan yurtimizda oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Ajdodlarimiz sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi, degan ibratli naqlning nechog‘lik to‘g‘ri ekanini anglaganlar. Ana shunday muhim hayotiy qadriyatni jamiyatimizda yanada chuqur qaror toptirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarimizni yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yil davomida hududlarda birlamchi tibbiy xizmatni “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Buguni kunda olib borilayotgan har bir islohot “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan olib borilmoqda, deydi qiziltepalik 55 yoshli O.Omonov. – Men bir necha yildan buyon “revmatoidli poliartrit” tashxisi bilan davolanib kelayotgan edim. So‘nggi paytlarda ikkala tizza bo‘g‘imdagi og‘riqlar ko‘p bezovta qilar, yurishga qiynalardim. Operatsiya xarajati qariyb 50 million so‘mni tashkil etgani bois shu kunga qadar operatsiya qildirmasdan kelganman. Ammo yaqinda tumanda Toshkent travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi travmatologi Zinat Sapayev bilan hamkorlikda o‘ng tizza bo‘g‘imni endoprotezlash operatsiyasi bepul amalga oshirildi. Hozir yaxshiman.
Hademay mustaqil diyorimizning 31 yoshini nishonlaymiz. Har birimiz yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashga o‘z ulushimizni qo‘shaylik.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA