Jonfidolik azaliy orzular poydevorini mustahkamlaydi
O‘tayotgan hafta yurtimiz hayotidagi boshqa jabhalar qatori sport harakatida ham yorqin iz qoldirmoqda.
Mamlakatimizning 180 nafarga yaqin o‘smirlari Vladivostokdagi “Osiyo bolalari” o‘yinlarida, “aql gimnastikachi”larimiz Hindistonda kechayotgan 44-shaxmat olimpiadasida, dzyudochilarimiz Qozog‘istondagi qit’a chempionatida, taekvondochilarimiz Bolgariyada tashkil etilayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida, matonat sohiblari Kanadada para kanoedan bo‘layotgan dunyo birinchiligida va yana ot sporti, professional boks kabi sport turlaridagi vakillarimiz AQSH, Rossiya, Turkiya kabi davlatlardagi musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilmoqda, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashmoqda.

Bundan 7-8 yil avval shunday holat kuzatilarmidi? Shunchalik katta miqyosdagi musobaqalar maydonini sportchilarimiz qamrab ola bilarmidi? G‘oliblik shohsupasiga bu qadar ko‘p sportchimiz ko‘tarilarmidi? Davlat tomonidan tizimli tarzda rag‘bat olarmidi?
O‘tayotgan haftadagi xalqaro nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston sportchilari 100 taga yaqin oltin-kumush-bronza medallariga musharraf bo‘lishdi.
Bunday mavqega qaysi omillar, qay bir sa’y-harakatlar evaziga erishmoqdamiz? Hamma biladi. Barcha ko‘rib turibdi. Bu – davlatimiz rahbarining talabchanligi, har bir jabhaga alohida, tizimli yondashishi, doimiy e’tibori mahsuli. Qolaversa, murabbiy-mutaxassislarning tinimsiz izlanishi, sportchilarimizning g‘alabaga bo‘lgan irodasi mujassam.

Bu – Yangi O‘zbekistonni yangi yutuqlar, yangi marralar sari chorlash, Uchinchi Renessans poydevorining yaratilishiga munosib zamin hozirlash umidida yonib-ko‘yayotgan, jonfidolik qilayotgan katta qalbning depsinishi.
Uzoq Sharqdagi Vladivostokda 180 nafarga yaqin o‘smir sportchilarimiz “Osiyo bolalari” o‘yinlarida 81 ta medallar jamlanmasi bilan Yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi imkoniyatlarini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Hindistonda “aql jangi” bo‘yicha o‘tayotgan olimpiadada shaxmatchilarimiz dunyo “vunderkind”lariga 64 katakdagi kurashlarda qaysidir ma’noda saboq bermoqda.
Qozog‘istonda dzyudo bo‘yicha tashkil etilayotgan qit’a chempionatida Diyora Keldiyorovaning olimpiya va jahon chempionlarini yengib oltinli bo‘lishi, Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘smir taekvondochilarimizning jahon chempionatida sovrindorlar safidan joy olishayotgani, matonatli kanoechilarimiz Kanada havzalarida kechayotgan jahon chempionati bahslarida o‘zgacha shijoat va shavq bilan chempionlik sari odimlayotgani yurtimiz sportining yangi ufqlarini ochmoqda.
Bu g‘alabalar, bu muvaffaqiyatlarning tub negizida barchamiz uchun eng aziz, eng ulug‘ ne’mat – Vatanimiz Mustaqilligi mujassam.
Agarki, hurlik bo‘lmaganda bugungi yutuqlar, jahon maydonida mustaqil mamlakat nomidan shoxsupaga ko‘tarilishlar, faxru iftixorga to‘lishlar bo‘larmidi?!
Shu el, shu Vatan nomidan maydonga chiqib, g‘oliblikka erishgan sportchining quvonch yoshlari yuzini yuvarmidi?!
Shogirdining yutug‘idan sarmast murabbiyning O‘zbekist-o-o-n, deya hayqirishi, bu muvaffaqiyat xushxabaridan hurramlik tuygan ota-onalar, yaqinlar, mahalla ahli yurt ozodligidan shukronalik hissini tuyarmidi?!
O‘zlikning, ota-bobolardan meros qadriyatlar, milliy g‘urur, Jaloliddinu Temurlar, tug‘ilgan go‘shasini sog‘inib armonda o‘tgan ulug‘ bobolarimiz orzulari ro‘yobi emasmi bu his?
Mustaqillik poydevorini mustahkamlash, yangi marralarni zabt etish borasida olib borilayotgan islohotlar erishayotgan yutuq va marralarimizning asosiy manbai hisoblanadi.
Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorda aytilganidek, xalqimizning jasorati tufayli qo‘lga kiritilgan mustaqillik milliy davlatchilik tarixida hech qachon unutilmaydigan, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekiston sha’ni uchun kurashayotgan sportchilarimizning yurak-yuraklaridagi azaliy orzular yog‘dusidir.
Yutuqlar o‘zimizniki. Ular to‘g‘risida turli qarashlarda turfa fikrlar aytish mumkin. Ammo, boshqa tuzilmalar qatorida mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sportida yechimini kutayotgan muammolar, soha rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolar ham yo‘q emas.
Kuni kecha, 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aytilgan masalalar jismoniy tarbiya va sport tizimiga ham bevosita daxldordir.
O‘tgan davr mobaynida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan sohaga taalluqli hamda bir nechta sport turlarini rivojlantirish, sport ta’lim tizimini isloh qilish borasidagi qator qarorlarning ayrim bandlari belgilangan muddatlarda ijrosi ta’minlanmayotganligi, ba’zi bo‘g‘inlarda kadrlar zaxirasining to‘liq shakllanmaganligi tizim faoliyatini yanada chuqur tahlil etgan holda rivojlantirish zarurligini anglatadi.
Xususan, yaqinda jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalar maydoniga aylangan ayrim sport turlaridagi o‘zibo‘larchiliklar, ba’zi ta’lim muassasalaridagi kamchiliklar sport tizimidagi boshqaruvda shaffoflikni ta’minlashda islohotlar izchillik kasb etishini taqozo etmoqda.
To‘g‘ri, sportchilarimizning xalqaro musobaqalardagi sermahsul ishtiroki, ichki musobaqalarni xalqaro talablar asosida yangicha formatda o‘tkazilishi, seleksiya ishlarini yangi bosqichga olib chiqish borasida sezilarli ishlar qilinayotganligi e’tiborli.
Biroq, bu “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” tamoyili asosida amalga oshirilajak ishlar ko‘lami sport sohasida to‘la-to‘kis bajarilmoqda, degani emas, albatta.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA